Musulmon olamida ko‘plab olimu ulamolar ilmu ma’rifatning turli sohalarida buyuk xizmatlar qilgan. Ulardan biri – Mulla Muso Jaloliy Bayazidiydir. Uning hayoti, ta’limi va ilmiy faoliyati, ayniqsa, tafsir sohasidagi xizmatlari bugungi kunda ham o‘rganish va qadrlashga loyiq.
Mulla Muso Jaloliyning to‘liq ismi – Mulla Muso ibn Hasan ibn Ubayd al-Jalaliy. U 1938-yilda Boyazid shahrida tug‘ilgan. Boshlang‘ich ta’limni 1944-yildan 1949-yilgacha olgan. Keyinchalik 1950–1957 yillarda diniy ta’limni davom ettirgan. U mashhur ulamolardan biri bo‘lgan Mulla Muhyiddin al-Ha’viliydan ilmiy ijoza olgan.
Ilmiy faoliyati davomida u dars berish va kitob yozish bilan shug‘ullangan. 1996-yilda Boyazid shahrida islomiy maktab tashkil etib, yosh avlodni tarbiyalashda faol ishtirok etgan. U “Majmua al-Ulum”, “Majmu’a al-Favoid”, “Majmu’a al-Qasoid”, “Majmu’a al-Fatavo”, “Majmua al-Maqosid” kabi ilmiy asarlar muallifi hisoblanadi.
Shuningdek, boshqa ko‘plab diniy va ilmiy risolalar ham yozgan.
Tafsir ilmidagi hissasi Mulla Muso Jaloliy Abul Barakot an-Nasafiyning mashhur “Tafsir an-Nasafiy” (asl nomi: “Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil”) asariga “Hoshiyatul vazihul masolik a’la tafsiril madarik” nomli hoshiya yozgan. Bu asar tafsir ilmidagi xizmatlarining eng yorqin namunasidir.
Ushbu hoshiyada quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratgan:
- G‘arib so‘z va atamalarni oddiy va tushunarli tilda izohlash
- Tafsirda uchraydigan fiqhiy hukmlarni mufassir maqsadiga muvofiq sharhlash
- Qiroat usullarini ko‘rsatish va qori haqida ma’lumot berish
- Oyat raqamlari va sura nomlarini aniq ko‘rsatish
- Hadislarni ishonchli manbalardan olib kelish
- Mashhur tarixiy shaxslar haqida qisqacha siyrat bayon qilish
- Ilmiy atamalar va kalomiy ixtiloflarni tahlil qilish
Mulla Muso Jaloliy Bayazidiy o‘zining hayoti va faoliyati bilan islom ilm-faniga, ayniqsa, tafsir sohasiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning asarlari va ta’limiy faoliyati kelajak avlodlar uchun muhim manba hisoblanadi. Ulamolar qoldirgan merosni o‘rganish va amalda qo‘llash – har bir ilm talabgorining burchidir.
Biloliddin MUSTAFO,
TII 404-guruh talabasi