islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Qurʻoni karim oyatlarini tushunishda balogʻat ilmining oʻrni

Qur’oni karim – ilohiy kalom bo‘lib, u orqali shariat hukmlarini insoniyatga mo‘jizaviy tarzda yetkazilgandir. Qurʼoni karim – Alloh taoloning soʻzi boʻlib, u eng oliy darajadagi fasohat va balogʻat bilan nozil qilingan. Qur’on arab tilida tushirilgani bois, ushbu kitob arab tilini uslub va mazmun mukammalligini ham o‘zida mujassam etgandir. Shu bois oyatlarni to‘laqonli tushunish uchun arab tili ilmlariga e’tibor qaratish lozim. Qur’oni karimni chuqur va to‘g‘ri anglashda arab tili ilmlari muhim vositalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, balogʻat ilmi – Qur’on oyatlarining nozik ma’nolarini, uslubiy go‘zalligini va xabar berishdagi san’atini idrok etishda beqiyos o‘ringa ega. Qur’oni karimda balogʻatning eng yuqori darajasi namoyon boʻlgan. Oyatlarning lafziy goʻzalligi, ma’no chuqurligi, uslubidagi mukammallik uni boshqa har qanday kalomdan ajratib turadi. Balogʻat ilmi oyatlar orasidagi uslubiy farqlarni, shuningdek, bir xil ma’no turlicha ifodalangandagi hikmatni anglashga yordam beradi.

Balogʻat – arab tilida fikrni to‘liq, aniq, vaziyatga muvofiq va go‘zal shaklda bayon qilish san’atidir. U nutqning estetik, ruhiy va mantiqiy tomonlarini mukammal uyg‘unlikda yetkazish maqsadida ishlatiladi. Qur’oni karim esa bu jihatlarning barchasini o‘zida jamlagan ilohiy kalom sifatida balogʻatning eng oliy darajasini namoyon etadi. Shu sababli, Qur’onni to‘g‘ri anglash uchun balogʻat ilmini bilish zarur. Qur’oni karim oyatlari chuqur ma’noga ega bo‘lib, ayrim holatlarda oyatlarning to‘g‘ri ma’nosini faqat kontekst, uslub va ibora tuzilmasini to‘g‘ri anglash orqali tushunish mumkin. Balogʻat ilmi aynan shu jihatdan Qur’oni karim oyatlarini anglashda asosiy tayanch bo‘lib xizmat qiladi.

Qur’oni karimda xilma-xil uslublar – xitob, o‘git, ogohlantirish, hushxabar berish, hikoya qilish va boshqalar mavjud. Har bir uslub o‘ziga xos vaziyatda, o‘ziga mos ta’sir kuchiga ega. Balogʻat ilmi bu uslublar orasidagi tafovutlarni tushunish va ularning ahamiyatini anglashda yordam beradi. Oyatlarning mo‘jizaviyligi faqat mazmunida emas, balki uning tilidagi badiiy go‘zalligida hamdir. Balogʻat ilmi oyatlardagi fonetik uyg‘unlik, ibora ohangi, ritmik tuzilish, tashbeh, isti’ora kabi san’atlarni tahlil qilishga imkon beradi. Oyatlardagi ma’naviy kuch va ruhiy tarbiya ko‘pincha nutq uslubi orqali amalga oshiriladi. Balogʻat ilmi bu ta’sirchanlik omillarini tahlil qilish, qanday qilib oyatlar qalblarga ta’sir qilishini tushuntirish imkonini beradi. Agar balogʻat ilmi e’tibordan chetda qolsa, Qur’on oyatlarining noto‘g‘ri talqin qilinishi, ularning ilohiy ma’nolari e’tiborsiz qolishi yoki hatto chalkash tushunchalar shakllanishi mumkin. Balogʻatni bilmagan kishi, Qur’on oyatlaridan ko’zlangan maqsadlarni tushunmay, uni faqat tashqi ko‘rinishdagina talqin qilishi mumkin. Bu esa Qur’on ilmlarining insonlar ruhiyatiga yetib borishida katta to‘siq bo‘ladi.

Balogʻat ilmi – Qur’oni karimni anglash, tafsir qilish va qalblarga singdirishdagi eng asosiy vositalardan biridir. U Qur’onning mo‘jizaviy tilini anglash, oyatlarning ichki ma’nolarini tushunish, ruhiy va ijtimoiy ta’sirini idrok qilishda yetakchi o‘ringa ega. Shu bois, har bir Qur’on ilmlari bilan shug‘ullanuvchi shaxs balogʻat ilmini chuqur o‘rganmog‘i lozim.

Abduqayum TURDALIYEV,

TII 402-guruh talabasi

446810cookie-checkQurʻoni karim oyatlarini tushunishda balogʻat ilmining oʻrni

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: