islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Kitobul minhoj yozilishinig sabablari

Abu Abdulloh Halimiy rohimahulloh Kitobul minhoj asarining yozilish sababini asarining kirish qismida qisqacha va aniq ifodalab, asarning ahamiyatini o’quvchilarga tushuntirishni maqsad qilgan. Muallifning muqaddimasi, Allohga hamd, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga va u zotning oila a’zolariga salovatlar bilan boshlanadi. Halimiy asarini iymonning haqiqatini tushuntirish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Iymon yetmishdan ortiq shoxdir. Eng oliy darajasi – Allohdan boshqa iloh yo’qligiga guvohlik berish, eng past darajasi esa yo’ldan (odamlarga) azob keltiruvchi narsalarni olib tashlashdir” degan hadisining ma’nosini tushuntirish uchun yozganini aytadi.

Halimiy asarini “Minhoj” (yo’l, uslub) deb nomlashining sababi, Qur’ondagi: Sizlardan har biringizga alohida shariat va Minhoj (yo’l) qilib qo’ydik, (Moida 5/48) oyatiga asoslanadi. Shu bilan birga Halimiyni Minhojni yozishga undagan sabablarni quyidagicha tartiblash mumkin:

Shariat ilmini muhofaza qilish: Odamlarning ilmdan uzoqlashishi, dunyoning o’tkinchi zavqlariga bo’lgan qiziqishning ortishi, halol va harom masalalariga nisbatan befarqliklar Halimiyda shariat ilmining unutilishi haqida xavotir uyg’otgan. Ilmni e’tiborsiz qoldirish dindagi ko’plab masalalarni e’tiborsiz qoldirilishiga olib kelardi. Yegulik va ichimlik kabi halol narsalarga haddan tashqari qiziqish, nikoh va kiyim kabi masalalarda nafsning xohishlarini bajarish bu shahvatlarga yaqqol misol bo’ladi. Halimiyning so’zlariga ko’ra, “Mubohlar nafsning xohishlariga ham mos keladi”. Musulmonlar ilmga faqat kundalik ehtiyojlariga javob beradigan masalalarga e’tibor qaratishlarini Halimiy jamiyatdagi bir nuqson sifatida ko’radi. U musulmonlarni nomusulmonlardan ajratadigan narsa dinga amal qilish ekani haqida so’z yuritadi. Dinning har bir qonuni Halimiyga ko’ra bir qomus darajasidadir. Namoz, zakot, haj, ro’za va boshqa farzlarni bajarmagan inson har qanday dinsiz kishi bilan zohiriy jihatdan tengdir. Aksincha, har bir din egasi, o’zi ishonch bildirgan narsalarni tushuntirishga moyil bo’lgani kabi, ishonmagan narsalariga qarshi ham qarshilik ko’rsatishga intiladi. Bu esa ibodat va toat yo’li bilan namoyon bo’ladi.

Insonlarni hoy-havaslardan qaytarish: Halimiyga ko’ra, e’tiborni katta masalalarga qaratishning vositasi bo’lgan niyat va harakat kuchining insonlar orasida kamayib ketgani asarning yozilishiga ta’sir qilgan omillardan biridir. Halimiy insonlarni nafsning orzularidan saqlanishga chaqiradi, chunki nafsning ortiqcha ta’siri natijasida bajarilgan harakatlar odamlarni haqiqiy ilm va maqsadlardan chalg’itishi mumkin. Bu esa diniy prinsiplar va shariat qonunlariga to’liq amal qilishni qiyinlashtiradi. Halimiy o’z asarida insonlarning nafsini boshqarish va haqiqiy maqsadlarga erishish uchun ichki niyatlarni to’g’ri yo’naltirishni muhim deb biladi.

Hokimlarning beparvoligini ko’rganligi: Davlat rahbarlari va hokimlarning beparvoligi Halimiyning bu asarini yozishida muhim sabab bo’lib xizmat qilgan. Uning fikriga ko’ra, xalq xato qilishi mumkin ammo davlatni boshqarayotganlarning bunday bahonasi bo’lmasligi kerak. Chunki, xalq beparvolik qilgan taqdirda ham, davlat rahbarlari, kerak bo’lsa, kuch ishlatib shariat buyruqlarini amalga oshirishga mas’uldir. Zakotlarni yig’ish, odamlarni katta gunohlardan qaytarish, hadlarni qo’llash kabi ishlar bunga misoldir. Chunki, davlat rahbari (sulton) Allohning buyruqlarini bajarguvchi shaxsdir (As-Sultonu qoimun bi amrillah). Davlat rahbari yomonlarning orasiga kirib, ularni to’xtatishi, boshqasining joniga qasd qilgan kishiga qisosni qo’llashi, o’g’irlik va zino qilganlarga zarur shariat jazolarini bajarishni buyurishi kerak.

Ixlosning kuchaytirilishi: Halimiyga ko’ra, harom va halol masalalarida odamlar bir qancha xatolarga yo’l qo’yishgan. Din tomonidan harom qilingan cho’chqa, o’lik hayvon go’shti va qon kabi narsalar o’zlarida mujassam bo’lgan irkitlik xususiyati tufayli odamlarni ulardan uzoqlashtiradi. Shariat bo’yicha nikohlanishga ruxsat berilmagan yaqin qarindoshlar bilan nikoh, odamning qarindoshlariga nisbatan his qilgan tabiiy va fitriy hurmatini buzadi va shu sababli inson tabiati tomonidan yomon qarshi oladigan bir harakat sifatida ko’riladi. Biroq, zino kabi masalalarda to’siq bo’luvchi xususiyatlarning mavjud emasligi, odamlarning harom bo’lish masalasini noto’g’ri tushunishlariga olib kelgan.

Din nomidan gapiradigan bilmsizlar: Halimiyning asarini yozishida rol o’ynagan yana bir omil, ba’zi shaxslarning ko’rsatgan noto’g’ri xatti-harakatlaridir. Uning tahlillariga ko’ra, bu odamlar Qur’ondagi nasx va mansux, muhkam va mutashobihni bilmaydigan, sunnatning mavsul va maqtu’sini, musnad va marf’usini ajrata olmaydigan, naslarning ustida ittifoq qilingan ma’nolardan xabarsiz bo’lgan kishilardir. Halimiyga ko’ra, bu shaxslar ijmo bilan sobit bo’lgan hukmlar va ixtilof qilinadigan masalalarni ham bilmas edilar. Hatto Qur’onning arab tili xususiyatlari haqida ham bilmlari yo’q edi. Ular tavhid bilan bog’liq masalalarda taqlid qilish bilan kifoyalanib, Allohning dushmanlariga qarshi, kalom bilan jihod qilayotganlarni tanqid qilib, o’zlarini Alloh yo’lida kurashayotgan mujohidlar deb o’ylab, dinsizlarning uylarini buzayotgan kishilar edi. Uning fikricha, bu odamlar Qur’onning katta qismini tark etgan insonlardir.

  Veysel Kasarning “Haliymiyning “kitobul minhoj” asari va kalom ilmi nuqtayi nazaridan ahamiyati” nomli ilmiy ishi asosida

TII talabasi Abdulbosit LUQMONJONOV tayyorladi.

446770cookie-checkKitobul minhoj yozilishinig sabablari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: