Shayx Ali at-Tantoviy rahimahulloh bunday degan:
Men bu kitobda kalom masalalariga kirishdan o‘zimni tiygan edim va mutakallimlarning ixtiloflarini bayon qilishdan chetga chiqdim. Lekin “sifat oyatlari” masalasi keng muhokama qilingan, bahs-munozaralar ham ko‘paygan. Shuning uchun bu borada qisqacha bo‘lsa ham bayon qilish zarur deb bildim.
Robbimiz O‘zini Qur’onda ba’zi lafzlar bilan sifatlagan bo‘lib, bu lafzlar lug‘aviy jihatdan insonlar ishlatadigan ma’nolarni anglatadi. Chunki Alloh “Uning o‘xshashi yo‘q” bo‘lgan Zotdir; U yaratuvchi Robdir, bandalarga o‘xshamaydi va hech qanday maxluqqa qiyos qilinmaydi. Shu bois biz bu lafzlarni maxluqlarga nisbatan qo‘llangandagi ma’nosi bilan emas, balki Alloh O‘ziga nisbatan qo‘llagan ma’noda tushunamiz.
Masalan, biz odam haqida: “Falonchi bilimdon”, “Falonchi ko‘ruvchan” deymiz. Shuningdek: “Alloh olimdir, basirdir (ko‘ruvchi)”, deymiz. Biroq bu sifatlarning insonga xos bo‘lgan ma’nosi bilan Allohga xos ma’nosi aynan bir narsa emas. Bandaning qanday bilishi yoki ko‘rishi – bu unga xos. Allohning bilishi va ko‘rishi esa bandaning bilishiga yoki ko‘rishiga o‘xshamaydi.
Xuddi shuningdek, biz: “O‘qituvchi minbarga (o‘qituvchi stuliga) chiqdi” (“istava alal-minbar”) deymiz. Va: “Alloh Arsh ustiga istivo qildi”, deymiz. Biz “istivo”ning lug‘aviy ma’nosini bilamiz (ya’ni “qaror topish”, “ustun bo‘lish”, “yuksalish”) va hokazo. Lekin bu ma’no Arshga nisbatan Allohga qo‘llanganda – mutlaqo O‘ziga xos bo‘lib, maxluqning istivosiga o‘xshamaydi. Chunki Allohning O‘z Zoti bilan yuqorida bo‘lishi – mutlaq haqiqiy ma’nodadir, maxluqning ko‘tarilishi yoki o‘tirishiga qiyos qilib bo‘lmaydi. “Ar-Rahmon Arshga istivo qildi” oyatida ham shunga ishora bor.
Bu borada olimlar orasida ixtilof yo‘q: ular barchasi sifat oyatlarini shu yo‘sinda tushuntiradilar.
Alloh taoloning: “So‘ngra Arshga istivo qildi” (A‘rof: 54) degan so‘ziga kelsak, hech kim “istivo yo‘q” demagan. Lekin ulamolar istivoning lug‘aviy – mashhur ma’noda “qoim bo‘lish”, “qaror topish” ma’nolarini Allohga nisbatan ishlatishni inkor qilganlar. Bu lafz bilan Allohning Arsh ustiga istivo qilishi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, bu borada katta ixtilof yuzaga kelgan. Ular maqsadni aniqlashda – lafzni ta’til (ma’noni butunlay inkor qilish) va tashbih (Allohni maxluqqa o‘xshatish)dan poklashga kelishganidan keyin o‘rtaga savol qo‘yishgan:
“Bu oyatlar haqiqiy ma’nodami yoki majozmi? Siz buni ta’vil qilasizmi yoki yo‘qmi?”
Haqiqiy ma’no deyuvchilar avvalo shuni aytadilarki: haqiqiy ma’no – bu lafzni uning qo‘llanishi qo‘yilgan ma’noda ishlatishdir. Bu balog‘at ulamolari orasida mashhur ta’rif bo‘lib, bunda shak-shubha yo‘q. Arab tilida qo‘llangan lafzlarning barchasi – Qur’on nozil bo‘lishidan avval arab tilida qo‘llanib yurgan va ma’nolari yer yuzidagi moddiy haqiqatlardan kelib chiqqan.
Arab tili – insonlarning his tuyg‘ularini bayon qilib berishga ojizdir, u qanday qilib Alloh taoloning sifatlarini ochib bersin?! Shu bois “go‘zallik” (جميل) so‘zini olaylik: go‘zallikning tabiat manzarasidagi chiroyi, she’riyatdagi go‘zallik, san’atdagi chiroy, ayollarning turli rang va tusdagi husnlari – bularning barchasi turlicha. Biroq ularning barchasini ifoda qiluvchi bitta so‘z bor. Til – bu turfa go‘zalliklarning hammasini birgina lafz bilan ifodalashga ojizdir.
Xuddi shuningdek, muhabbat haqida ham shunday: muhabbatning turlari, sabablari ko‘p, shoirlar uni turli yo‘llar bilan ta’riflaydilar, ammo til ularning hammasini qamrab olmaydi. Endi qanday qilib til Allohning sifatlarini ifoda qilsin va ularni sharhlay olsin?!
Agar haqiqiy ma’no – “lafzni u qo‘yilgan ma’noda ishlatish” bo‘lsa, اسْتَوَى”, “جَاءَ”, “خَادِعُ”, “يَد kabi lafzlar aslida insonlarga xos moddiy ma’nolar uchun qo‘yilgan. Ularning Qur’onda ishlatilishi Allohga nisbatan qo‘llansa-da, bu insonga xos moddiy ma’nolar emas. Allohning: “(U zot O‘z Zoti va Ulug‘ligiga munosib ravishda) Arsh uzra oliy bo‘lgan Rahmondir” (Toho: 5), “Parvardigoringiz va farishtalar saf-saf bo‘lib kelganda” (Fajr: 22), “Albatta, munofiqlar Allohni aldamoqchi bo‘larlar. Holbuki, Alloh ularni “aldovchi”dir” (Niso: 142), “Ular makr qilurlar, Alloh ham “makr” qilur. Alloh makr qiluvchilarning zo‘ridir” (Anfol: 30), “Ular Allohni unutishgach, Alloh ham ularni unutdi. Albatta, munofiqlar haqiqiy fosiqlardir” (Tavba: 67) kabi oyatlar shular jumlasidandir. Bu lafzlarning asl ma’nolari odamlar orasida moddiy ma’nolarda ishlatiladi ammo Allohga nisbatan qo‘llanganda mutlaqo o‘sha moddiy ma’nolar nazarda tutilmaydi.
Demak, haqiqiy ma’no deganda – ularning Allohga munosib, maxluqlarnikidan mutlaqo farq qiladigan ma’nolari tushuniladi.
Ba’zi toifalar bu iboralar majoz ekanini inkor qiladilar. Ularning ichida Ibn Taymiya ham bor; u bu lafzlarni “haqiqat” deb nomlaydi. U esa balog‘at ulamolari tutgandan mutlaqo boshqacha yo‘l tutadi.
Biz ko‘rdikki, bu oyatlar uch xil shaklda kelgan. Birinchisi – Alloh taolodan xabar berish uslubida kelgan oyatlar; masalan: “(U zot O‘z Zoti va Ulug‘ligiga munosib ravishda) Arsh uzra oliy bo‘lgan Rahmondir” (Toho: 5). Biz “istivo bo‘lmagan” demaymiz, agar shunday desak Alloh O‘zi isbot qilgan narsani inkor qilgan bo‘lamiz. Yana biz Alloh qo’mondon kursisiga o‘tirgani kabi o‘tirgan, demaymiz. Agar shunday desak Xoliqni maxluqqa o‘xshatgan bo‘lamiz. Biz mazmuniga iymon keltiramiz – bu Allohning kalomi ekaniga iymon keltiramiz, unda U O‘zi murod qilgan ma’no bor, ammo uning haqiqatini tafsili bilan bilish bizga ochilmagan. Inson aqli bunga ojiz – biz bunga yetolmaymiz; aqlning o‘zi bunga yetishga qodir emas.
Ikkinchi tur – balog‘at ahli orasida mashhur bo‘lgan o‘xshatish va mushokala uslubida kelgan oyatlar. Shoir bunday misol keltiradi: “Ularning terisi uzum pishib yetilmasdan oldingi po‘stloqdek bo‘ldi”. Bu kabi o‘xshatish uslubida kelgan oyatlar ko‘p.
Uchinchi tur – “نسوا” kabi lafzlardir. Bu so‘z lug‘aviy ma’noda, ya’ni “unutdilar” ma’nosida kelgan. Lug‘atda bu “eslashning ziddi – unutish”dir. Ammo “فَنَسِيَهُمْ” (Alloh ham ularni unutdi) oyatida kelgan shakl mushakala (o‘xshatish) uslubida bo‘lib, unda haqiqiy ma’no murod qilinmagan. Bunga dalil – “Parvardigoringiz unutguvchi emasdir” oyati. Allohga nisbatan “unutdi” deyish aslo to‘g‘ri emas. Asl ma’nosi – “ularni o‘z holiga tashladi”dir. Ana shuning o‘zi “U sizlar bilan birgadir” (Hadid: 4) oyatida ham bo‘lgani kabi mazkur ma’noda ishlatilgan. Allohning sizlar bilan birga ekanini bilishdan maqsad – Allohga ulardagi biror narsa yashirin emasligi, U ularni ko‘rib turishi va bilib turishidir.
Mazkur oyatning boshida Allohning Arsh ustiga istivo qilgani zikr qilingan va undan so‘ng Allohga haqiqiy ma’nosini ishlatish mumkin bo‘lmagan oyatlar o‘tadi.
Bu oyatlarning barchasini lug‘aviy, jisman birga bo‘lish ma’nosida talqin qilish joiz emas. Chunki bu – quvvat, ma’naviy qo‘llab-quvvatlash va yordamlashish ma’nolarida kelgan. Oyatlarning kelishidan maqsad ham shu ekanini boshqa oyatlardan ham bilib olish mumkin. Masalan: “Unga oldidan ham, ortidan ham botil-nohaqlik kelmas” (Fussilat: 42) yoki “U faqat qattiq azob oldidan sizlarga yuborilgan ogohlantirguvchidir” kabi oyatlar ko‘p bo‘lib, ularni hammasini keltirish shart emas.
So‘ng muallif deydi:
“Bu oyatlar Alloh tomonidan nozil qilingan. Kim ulardan biror narsani inkor qilsa – butkul ma’noni inkor etgan bo‘ladi. Ammo kim ularni mutlaq lug‘aviy ma’noda tushunsa – kufrga ketadi; kim ularni insoniy jism, shakl va bandalarga xos ma’nolarda tasavvur qilsa – Allohni yaratilmishga o‘xshatgan bo‘ladi. Bunday yo‘l nihoyatda xavfli, halokat va gumrohlik yo‘lidir. Najot esa – bu oyatlardan xatosiz o‘tish, ularni to‘g‘ri anglash, salaf yo‘lini tutish va matnlarning chetiga chiqmay, qanday kelgan bo‘lsa – shundaycha iymon keltirishdir. Biz ana shu narsaga iymon keltiramiz va mana shu aqidada bo‘lamiz.
Shayx Ali at-Tantoviy rohimahullohning تعريف عام بدين الإسلام kitoblari asosida
TII Magistratura talabasi Turaqulov Abdurahim tayyorladi






