islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Boloi Hovuz majmuasi!

Boloi Hovuz majmuasi – Buxoro Registonida saqlanib qolgan meʼmoriy majmua (XVIII–XX). Boloi Hovuz majmuasi masjid, minora va hovuzdan iborat. Majmua 1712–1917-yillar oraligʻida shakllangan.

Boloi Hovuz majmuasi 1712-yil Ashtarxoniylar sulolasidan boʻlgan Abulfayzxonning onasi Sitorai Mohi xossa tomonidan bunyod etilgan. 1914–1917-yillarda Mangʻitlar sulolasi boʻlgan soʻngi Buxoro hukmdori Amir Olimxon tomonidan majmuada taʼmirlash ishlari olib borilgan.

Majmua tarkibidagi binolar Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan hamda davlat muhofazasiga olingan.

Boloi Hovuz majmuasi Buxoro hukmdorlarining saroyi boʻlgan Arkning asosiy kirish eshigi peshtoqi qarshisida joylashgan. Majmua milodiy 1712-yilda (hijriy 1124-yil) Buxoro xonligida hukmronlik qilgan Ashtarxoniylar sulosidan boʻlgan Abulfayzxonning (1711–1747) onasi Sitorai Mohi xossa tomonidan bunyod etilgan. Shuningdek, yodgorlikda 1914–1917-yillarda Mangʻitlar sulolasidan boʻlgan Buxoroning soʻnggi hukmdori Amir Olimxon (1910–1920) davrida taʼmirlash ishlari olib borilgan. Boloi Hovuz forscha soʻz boʻlib, hovuz tepasidagi yoki hovuz yuqorisidagi bino maʼnosini anglatadi.

Majmua Buxoro Registoni maydoniga tutashib ketgan. Meʼmoriy ansambl tarkibida masjid-xonaqoh, madrasa, minora va hovuz mavjud. Yodgorlik markazida masjidning asosiy namozxonasiga kirish joyi mavjud boʻlib, yon tomonlarida ikki qavatli fasadlari qubbasimon peshayvonli hujralar joylashgan.

Boloi Hovuz masjidi Buxoro Registonining gʻarbida joylashgan boʻlib, 1712-yilda Ashtarxoniylar sulolasidan boʻlgan Abulfayzxon davrida Sitorai Mohi xossa tomonidan bunyod etilgan. Bino aslida saroy masjidi hisoblangan va Buxoro xonligini idora qilgan hukmdorlar bu еrga oʻz mulozimlari bilan birgalikda namoz oʻqish maqsadida Arkdan tushib kelishgan. Masjid binosiga turli vaqtlarda bir qancha binolar ham qoʻshib borilgan. XIX asrda masjidning shimoliy tomonidagi devoriga tutashgan holda madrasa ham qurilgan. Masjidning janubiy tomonidagi binolar saqlanib qolmagan. 1914–1917-yillarda Buxoroning soʻnggi hukmdori Amir Olimxon davrida sharqiy tomoni baland ayvon bilan oʻrab olingan. Ayvon 20 ta ustundan iborat boʻlib, ustunlarning tana qismi oʻymakor naqshlar bilan bezatilgan. Masjidning sharqiy qismidagi ustunli ayvon usta-hunarmandlar Qurbon Yoʻldoshev, Majid Solihov, Gʻulom Qorovulbegi, Ibrohim Hafizov va Usta Shirin Murodov tomonidan amalga oshirilgan. Masjid kvadrat shaklda boʻlib, tomonlari 11,5 metrni tashkil etadi. Binoning umumiy maydoni 656 kvadrat metr, gumbaz balandligi esa 16 metrdan iborat.

Majmuada joylashgan masjid va hovuzning oʻrtasida Buxoro amiri Amir Olimxon (1910–1920) davrida Usta Shirin Murodov boshchiligida alohida minora qurilgan. Minora balandligi 8 metrni tashkil etadi.

Subhonqulixon hovuzi Boloi Hovuz masjidning sharqiy tomonida joylashgan boʻlib, meʼmoriy majmua tarkibidagi eng qadimiy binolardan biri hisoblanadi. Hovuz, asosan, shaharning Shohrud kanali orqali suv bilan taʼminlangan. Muhammad Yusuf Munshiyning yozishicha, 1680-yilda taxtga oʻtirgan Buxoro xoni ashtarxoniy Subhonqulixon „Registon atrofida Zam-zam bulogʻini eslatuvchi bir suv havzasini qurishga buyruq beradi“. Hovuzning devorlari tosh bloklardan koʻtarilgan boʻlib, sakkiz burchakli qilib barpo etilgan. Hovuzga gʻarbiy tomondan marmar tarnov orqali suv kelib tushgan. Marmardan yasalgan tarnovda nastaʼliq husnixatida yozilgan kalligrafik yozuvda 1805–1806-yillarda Buxoro amiri Amir Haydar davrida taʼmirlangani qayd etilgan. Hovuzning chuqurligi 4,5 metr boʻlib, suvga pogʻonama-pogʻona tushish imkoniyati mavjud .

Boloi hovuz hujralari XVIII asrda Shodimbiy otaliq masjidi guzarida, Buxoro xonligida hukmronlik qilgan ashtarxoniy hukmdor Subhonqulixonning xotini Sitorai Mohi xossa tomonidan qurilgan. 1704-yil yanvar oyida rasmiylashtirilgan vaqf hujjatida yozilishicha, zamon Bilqisi (Podshoh Bibi) Buxoro shahridagi Registonning gʻarbida, Shodimbiy otaliq masjidi guzarida yogʻoch va pishiq gʻishtdan xonaqoh, jome masjidi va oʻn toʻqqiz hujra qurdirgan. Malika bu еrda kambagʻal miskinlar taʼlim olishi uchun madrasa bunyod etgan. Madrasa va masjid faoliyatini taʼminlash maqsadida Xutfar tumanidagi Shoʻrcha mavzesida 1000 tanob xurri xolis еri vaqf qilingan. Mutavvali voqifning oʻzi boʻlgan. Vaqf mablagʻlari esa ushrdan olingan. Madrasa Buxoro taʼlim tizimida uchinchi darajali toifadagi oliy oʻquv yurtlaridan biri hisoblangan. Muhammad Baljuvoniy asarida yozilishicha, madrasadagi hujralar soni 22 tani tashkil etgan.

Foydalanilgan manbalar

Jumanazar A.. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. ISBN 978-9943-4728-2-2.

Buxoro qisqacha spravochnik. Toshkent: O‘zbekiston SSR davlat nashriyoti, 1959 — 102-bet.

Buxoro sharq durdonasi. Toshkent: Sharq nashriyoti, 1997 — 232-bet.

Bobojonov Sh. Sharif shahar yodgorliklari. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 2017 — 310-bet. ISBN 978-9943-367-90-6.

Rajabov Q, Inoyatov S. Buxoro tarixi. Toshkent: Tafakkur nashriyoti, 2016 — 460-bet. ISBN 978-9943-24-119-0.

Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi nofeiy. Toshkent: Akademiya, 2001 — 122-bet.

Saidjonov M. Buxoro shahri va uning eski binolari, Toshkent, 2005 — 54-bet.

O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar. Buxoro 3-jild. Toshkent: O‘zbekiston nashriyoti, 2023 — 392-bet. ISBN 978-9943-8508-7-3.

“Ijtimoiy fanlar” kafedrasi 

o‘qituvchisi Sh.Badiyev

450280cookie-checkBoloi Hovuz majmuasi!

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: