islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

MOVAROUNNAHRDA TAFSIR ILMINING RIVOJI (VIII-IX asrlar)

Butun Islom olamiga maʼlum va mashhurkim, bu oʻlka barcha ilmlarda, jumladan, Islom ilmlarida ham jahonga dong taratgan buyuk allomalarni yetishtirgan. Mazkur ilmlar ichida hadis, tav­hid, navh, fiqh va boshqa koʻpgina ilmlar bor. Biz esa hozir faqat Movarounnahrdagi tafsir va mufassirlar haqida soʻz yuritmoqchimiz.

Movarounnahrda tafsir ilmi oʻziga xos rivojlanish xususiyatlariga ega. Bu davrda tafsir ilmi hadis va fiqh ilmlari kabi taraqqiy etmagan edi. Garchi ushbu davrga oid tafsir ilmi boʻyicha kam maʼlumot yetib kelgan boʻlsa-da, tafsir ilmining boshqa islom oʻlkalaridagi taraqqiyot bosqichlarini tadqiq etgan holda yurtimiz olimlari tomonidan yaratilgan hozirgi kunimizgacha yetib kelgan asarlar orqali tasavvur hosil qilish mumkin.

Bu davrda raʼy bilan tafsir qilish mufassirning fikri Qurʼon, sunnatga, sahobiylarning soʻzlariga xilof boʻlmagan holda amalga oshirilgan. Qurʼon va sunnat, sahobiylar soʻzlari boʻlmish moʻtabar manbalarga xilof ravishda raʼy (ijtihod, fikr) bilan sharhlashga barcha davr olimlari qarshi boʻlganlar. Chunki bunda maʼlum bir guruhlar, oqimlar Qurʼon oyatlarining sharhini oʻz gʻoyalariga moslashtirishga harakat qilishlari mumkin.

Movarounnahr tafsir ilmi tarixi hadis ilmining kirib kelishi bilan bogʻliq. Chunki Muhammad sollohu alayhi va sallam va sahobiylarning Qurʼonga sharhlari hadislar tarkibida jamlangan. Ilgari zikr etganimizdek, Umar ibn Xattob buyrugʻiga koʻra arablar Marvgacha yetib kelib, shu yerda 70 yil qolib ketishadi va oʻzlari oʻrgangan ilmlardan hadislarni mahalliy xalqqa oʻrgatadilar. Soʻng Marvda rivoyat qilingan hadislar Samarqand, Buxoro kabi shaharlarga kirib keladi. Movarounnahrda Samarqand hadis ilmi markazi, Buxoro esa fiqh ilmi markaziga aylanadi.

 TII 405-guruh talabasi Xamidullayev No’monxon

450600cookie-checkMOVAROUNNAHRDA TAFSIR ILMINING RIVOJI (VIII-IX asrlar)

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: