Bugungi kunda hadis ilmi sohasida olib borilayotgan zamonaviy tadqiqotlar, ayniqsa, hadisni tanqidiy mezonlar asosida qayta ko‘rib chiqish zaruriyatini yuzaga chiqarmoqda. Islom tafakkurining doimiy harakatchanligi, ijtimoiy voqeliklarning murakkablashuvi, musulmon jamiyatlarida fikriy uyg‘onish jarayonlari hadis ilmini ham o‘zgacha nazar bilan ko‘rishga majbur qilmoqda. Ayniqsa, hadis va fiqh o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni aniqlashda, hanafiy manhajning roli muhim bo‘lib bormoqda.
Shu nuqtai nazardan olganda, Muhammad Xalifaning “Manhajul Ḥanafiyya fīi Naqd al-Ḥadis baynan nazariyya vat-tatbiq” asari hadis tanqidida noyob metodologik yondashuvni ilgari suradi. Ushbu maqola mazkur asarning asosiy tamoyillari, yondashuvlari va boshqa zamonaviy tadqiqotlar bilan solishtirilgan farqli jihatlarini tahlil qilishga bag‘ishlanadi.
Muhammad Xalifaning tanqidiy yondashuvi: asosiy nuqtalar
Xalifaning yondashuvida hadis tanqidi ikki darajada olib boriladi: nazariy va amaliy. Nazariy jihatdan u hanafiylar qo‘llagan hadis qabul qilish mezonlarini ilmiy jihatdan qayta tahlil qiladi. Bu yerda isnodga to‘liq tayanmasdan, matn mazmuni, kontekst, urf, maqosid, shariat ruhiga muvofiqlik kabi omillar asosiy mezon sifatida ko‘riladi.
Xususan, muallif hanafiylar tomonidan ba’zi sahih hadislarning rad qilinishiga asos bo‘lgan metodik sabablarga chuqur e’tibor qaratadi. Bu hadisning muomalaviy yoki ibodiy amaliyotga zid bo‘lishi, Qur’on ruhi bilan mos tushmasligi, yoki fiqhiy qoidalarni buzishi bilan izohlanadi. Muhammad Xalifa bu yondashuvni nafaqat himoya qiladi, balki uni zamonaviy islomiy fikrda qo‘llash zaruratini asoslab beradi.
Zamonaviy Asarlar bilan qiyosiy tahlil – Muhammad Xalifaning asari hadis tanqidiga bag‘ishlangan boshqa zamonaviy olimlar, jumladan, Yusuf al-Qarzoviy, Muhammad G‘azzoliy, Amin Xuli va Mustafa Siba‘iylarning ishlaridan ko‘plab farqlar bilan ajralib turadi.
Masalan, Yusuf Qarazoviy o‘zining “Kayfa na‘amalu ma as-sunna” asarida hadis bilan ishlashning umumiy qoidalarini belgilasa-da, u hanafiy usulning ichki tafsilotlariga kirmaydi. Muhammad Xalifa esa hadisni qabul qilish mezonlarini faqat nazariy emas, balki amaliy misollar orqali chuqur tahlil qiladi. Bu esa hanafiy manhajning tarixiy va hozirgi dolzarbligini ochib beradi.
Amin al Xuli va unga ergashgan zamonaviy mustashriqona yo‘nalishdagi olimlar hadisga tanqidiy yondashishda ba’zida keskin va inkoriy pozitsiyani tutgan bo‘lsalar, Xalifaning metodologiyasi ehtiyotkor, an’anaviy poydevorga tayanadi. Uning yondashuvi — hadisni rad etmay, balki o‘z kontekstida anglash va fiqhiy mezonlar orqali tahlil qilishga qaratilgan.
Ilmiy va amaliy ahamiyati – Muhammad Xalifaning yondashuvi nafaqat hadis ilmi, balki fiqh, usul al-fiqh, tafsir va zamonaviy islom tafakkuri uchun ham muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Ayniqsa, musulmon jamiyatlarida yangicha huquqiy fikr, ijtimoiy qarorlar va diniy murosalar ishlab chiqishda Xalifaning metodologiyasi muhim nazariy vosita hisoblanadi.
Asarning dolzarbligi shundaki, u hadisni matn, ma’no va maqsad asosida tahlil qilishni targ‘ib qiladi. Bu yondashuv an’anani buzmasdan, islоh qilishga, ijtihod ruhini tiklashga, zamon bilan hamohang fikr yuritishga yo‘l ochadi.
Muhammad Xalifaning “Manhajul Hanafiyya fi Naqd al-Hadis” asari hadis tanqidini faqat isnod va rivoyat doirasidagina emas, balki fiqhiy, ma’naviy va ijtimoiy mezonlar asosida tahlil qilish zaruriyatini ilmiy asoslaydi. U hanafiy manhajning chuqur va murakkab jihatlarini ochib, uni zamonaviy metodologiya bilan uyg‘unlashtirishga erishgan. Asar bugungi islom tafakkurida hadisga bo‘lgan munosabatni muvozanatli, ilmiy va mas’uliyatli tarzda shakllantirishda katta o‘rin tutadi.
TII talabasi Malikov Marufjon