Masjidi Kalon (forscha — katta masjid) — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. VIII—IX va XII asrlarda qurilgan Jomeʼ masjidi oʻrnida bunyod etilgan yirik masjidlardan biri hisoblangan. (masjid hovlisi va atrofida olib borilgan arxeologik tekshirishlar natijasida aniqlangan). Hozirgi koʻrinishi Buxoro xoni shayboniy Ubaydullaxon davrida 1514-yilda bunyod etilgan. Hozirgi kunda masjid Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.
Masjidi Kalon inshooti o‘rta asrlarning noyob me’morchilik namunasi bo‘lib, uning o‘rnida dastlab qoraxoniylar sulolasi hukmronligi davrida Juma masjidi bunyod etilgan. Shayboniylar davrida esa u Masjidi Kalon sifatida qayta qurildi. Masjidning hozirgi ko‘rinishi Shayboniylar sulolasiga mansub xonlar tomonidan bunyod etilgan.
Me’moriy obidani bunyod ettirgan shaxslar haqida gapiradigan bo‘lsak, inshootning ko‘pgina qismlari Ubaydullaxon, Abdulazizxon va Abdullaxon davrida qurilgan. Abdulazizxon (1509-1550) – Shayboniylardan, Ubaydullaxonning o‘g‘li, Xorazm hokimi (1538-1539). Otasining vafoti (1540)dan so‘ng mamlakatda ikki hokimiyatchilik yuzaga kelib, Abdulazizxon Buxoro xoni (1540-1550), Ko‘chkinchixonning o‘g‘li Abdulatifxon esa Samarqand xoni (1540-1551) bo‘lgan. Abdulazizxon o‘z hukmronligi davrida davlat va aholi manfaatlarini ko‘zlab qaror islohotlar o‘tkazgan, ayrim soliqlar (tanob puli, tafovut va tavfiri va b.)ni bekor qilgan, Buxoro atrofini yangi devor bilan o‘rashga kirishgan (uni Abdullaxon II bitkazgan bo‘lib, XX asr boshlarigacha saqlangan). Bundan tashqari u Buxoroda madrasa, ulkan kutubxona, Bahouddin Naqshband qabristonida xonaqohlar bunyod ettirgan.
Abdullaxon (to‘liq ismi: Abdulla ibn Iskandarxon ibn Jonibek sulton ibn Xoja Muhammad ibn Abdulxayrxon) (1534, Miyonqol, Ofarinkent qishlog‘i – 1598, Samarqand, Buxoro yaqinidagi Bahouddin majmuasiga dafn etilgan) – o‘zbek davlatchiligi tizimidagi Buxoro xonligining shayboniylar sulolasidan chiqqan eng yirik hukmdori (1583-1598), davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, ma’rifat, madaniyat homiysi. Bobosi Jonibek sulton Karmana va Miyonqol hokimi bo‘lgan. Otasi Iskandar sulton o‘g‘li tug‘ilgan paytda Ofarinkentni, keyinchalik, aftidan aka-ukalaridan biri vafot etgach, Karmanani boshqargan. Abdullaxon II Shayboniyxon vafotidan keyin parchalanib ketgan mamlakat hududini qayta birlashtirish, markaziy davlat hokimiyatini mustahkamlash uchun yoshlik chog‘idan qattiq kurash olib borgan. Abdullaxon II hukmronligi davrida Buxoroda ilm-fan, san’at, shaharsozlik, adabiyot va shu kabi sohalar gullab-yashnadi.
Buxoroning eski shahar qismida joylashgan Masjidi Kalon rivojlangan va so‘nggi o‘rta asrlarning o‘ziga xos me’moriy inshooti bo‘lib, 1121-yilda bunyod etilgan bo‘lsa, 1514-yilda u qayta qurila boshlagan va XVI asrning o‘rtalarida uning bunyod etilishi yakunlangan.
Me’moriy obidaning o‘ziga xos tomonlari shundaki, uning hajmi va binokorlik bezakchiligi u darajada bo‘lmasa-da, rejaviy masshtabligi jihatidan Samarqanddagi masjidlardan qolishmaydi. Bu inshoot qadimiyligi va yirikligi tomonidan Samarqanddagi Bibixonim masjididan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Masjidi Kalon (forscha – katta masjid) peshtoqi oldidagi sahndagi ko‘shkni qayta ta’mirlashda (pavilyon) XX asrda Usta Shirin Murodov qatnashgan. Buxorodagi katta masjidlardan biri bo‘lganligi uchun Masjidi Kalon nomi bilan atalgan.
Me’moriy obidaning bugungi kundagi holati haqida gapirar ekanmiz, 1997-yil Buxoro shahrining 2500 yillik yubileyi munosabati bilan masjid qayta rekonstruksiyadan chiqarildi va atrofi ko‘kalamzorlashtirildi.
Me’moriy obida masjid vazifasini bajarish bilan bir qatorda yetim-yesir, darveshlar va musofirlar uchun boshpana vazifasini o‘tagan. O‘zbekiston hukumati tomonidan berilayotgan e’tiborga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1997-yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha obidalar qatorida Masjidi Kalon ham qayta ta’mirdan chiqdi. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi. 2000-yil 30-avgustda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Shu va boshqa qonunlar inshootning huquqiy vakolati hisoblanadi.
Ijtimoiy fanlar kafedrasi
o‘qituvchisi Sh.Badiyev
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
- Rajabov Q, Inoyatov S.. Buxoro tarixi. Toshkent: Tafakkur nashriyoti, 2016 — 460-bet. ISBN 978-9943-24-119-0.
- Abduxoliqov F, Rtviladze E, Razzoqov A, Rahimov K, Hakimov A, Abduhalimov B, Mansurov A, Mannonov A, Muhamedov N. O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar: Buxoro. Toshkent: Uzbekistan Today, 2016 — 560-bet. ISBN 978-9943-4510-5-6.
- Azizxo‘jaev A Mas’ul muharrir. Buxoro sharq durdonasi. Toshkent: Sharq nashriyoti, 1997 — 232-bet.
- Zohidov P. Sh., Meʼmor sanʼati, T., 1978.