Abul Muin Nasafiy (418-508/ 1027-1115) Markaziy Osiyodagi Sunniylik yo‘nalishi Moturidiya aqidaviy maktabining Imom Moturidiydan keyingi eng muhim ahamiyatga ega olimlaridan biri. Olimning to‘liq ismi – Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Ma’bad ibn Makhul Abul Muiyn an-Nasafiy al-Hanafiy.[1, – B. 11.] Abul Muin Nasafiy dastlabki ta’limni ona shahri Nasafda olib, so‘ngra ilm-fanning yirik markazlaridan hisoblangan Samarqandga ko‘chib o‘tgan va siyosiy vaziyatlar ta’siri ostida keyinchalik bir qancha muddat Buxoroda ham yashab ijod qilgan. Olimning Buxoroga kelishi bu shaharda moturidiya ta’limotining keng rivojlanishiga zamin yaratib bergan.
IX-X asrlarda islom keng tarqalgan Yaqin va O‘rta Sharq, Markaziy Osiyo o‘lkalarida islom ilohiyoti, falsafasi, kalom ilmi rivoj topdi. Bu sohalarga bag‘ishlangan qator asarlar va kalom masalasi bilan shug‘ullanuvchi yirik mutakallimlar vujudga keldi.
Kalom ilmining bir qancha maktablari bo‘lib, ulardan biri al-ash’ariya bo‘lsa, ikkinchisi al-moturidiya – eng keng tarqalganlari hisoblanadi. Al-ash’ariya maktabining asoschisi bag‘dodlik olim Abu-l-Hasan al-Ash’ariy (873-935), moturidiya maktabining asoschisi samarqandlik taniqli olim Abu Mansur Moturidiy (870-944) ta’limotidan saboq olgan Nasafiy asosan moturidiya maktabiga mansub G‘azzoliyning maslagiga amal qilgan olimlardan hisoblangan. O‘z navbatida al-Iyjiy (vaf. 1355-yil), Sa’duddin at-Taftazoniy (vafoti 1390 yil) va boshqa ko‘plab taniqli olimlar an-Nasafiy ta’limotiga tayangan holda faoliyat ko‘rsatib, kalom ilmida barakali ijod etib, yetuk olimlar darajasiga ko‘tarilganlar. [2, – B. 267.]
Manbalarda keltirilishicha, an-Nasafiy o‘n beshga yaqin asar yaratgan bo‘lib, ularning aksariyati kalom ilmining turli masalalariga bag‘ishlangan. Ular quyidagilardir: “Bahr al-kalom fi i’lm al-kalom” (“Kalom ilmida so‘zlar dengizi”), “Tabsirat al-adillati fi ilm al-kalom” (“Kalom ilmida dalillar keltirish”), “at-Tamhid li-qavoi’d at-tavhid fi i’lm al-kalom” (“Kalom ilmidagi dastlabki qoidalar”), “Mu’taqidot” (“Aqidalar” – Toshkentdagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Abul Muin an-Nasafiyning bu asaridan bir qo‘lyozma saqlanadi, inv. № 40008/2, Arab tilida yozilgan ushbu asar 52 varaqdan iborat).
Allomaning “Bahr al-kalom” asari alohida ahamiyatga egadir. Asarning oltinchi bobidagi fasl (bo‘lim) to‘rt banddan iborat bo‘lib, ulardan birinchisi “al-Imomat” (“Imomlik”) deb atalgan va shu bandda keltirilgan Payg‘ambar alayhissalomning ikki hadisi katta ilmiy ahamiyatga ega. Birinchisi, “Iqtadu billaziyna min ba’diy Aba Bakr va Umar” (bu hadislarni Imom at-Termiziy, Imom Ibn Moja, Ahmad ibn Hanbal va boshqa bir qancha muhaddislar o‘z asarlarida rivoyat qilganlar). Ya’ni, “Mendan keyin Abu Bakr va Umarga iqtido qilinglar”, degan bo‘lishiga qaramay xalifalik ustida ikki kun bahs bo‘lgan. [3, – B.268.]
Ikkinchi hadisdagi “Mendan keyin xalifalik o‘ttiz yil, undan keyin amirlik, podshohlik va hokazolar bo‘ladi”, degan fikrlari naqadar to‘g‘riligini alohida qayd qilish zarur. Chindan ham bu muddat (ya’ni o‘ttiz yil) choryorlar paytida tugagan. Bu kitob kalom ilmi bo‘yicha moturidiya maktabining asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. Chunonchi bu asar ash-Shayx Abu Mansur al-Moturidiy asos solgan aqidaviy ta’limotning eng bosh manbalaridan sanaladi. Ayniqsa, islom dinida turli-tuman oqimlar va ta’limotlar yaratilayotgan hozirgi paytda bu asarning ilmiy-amaliy ahamiyati beqiyos darajada kattadir.
Abul Mu’iyn Nasafiy o‘z kitobini yaratishda asosiy manba sifatida Imom Abu Mansur Moturidiyning “at-Tavhid”, Imom Abul Hasan al-Ash’ariyning “al-Luma’”, “Maqolot al-islomiyyin”, Imom al-Haramayn, Imom Abu al-Maoliy Abdulmaliy al-Juvayniyning “al-Irshod” asarlaridan foydalangan.
Abu Muin Nasafiy “Tabsiratul adilla” asaridek buyuk bir asarni tasnif qilish bilan birga, butun olamga dong taratgan shogirdlarni ham tarbiya qilgan. Jumladan: A’lo ud-din Muhammad ibn Ahmad as-Samalqandiy (575h), Abul Muzaffar Ismoil ibn Adiy al-Talqoniy (540h), Sadr ul-islom Ahmad ibn Muhammad Buxoriy (482h-542h), Abul Hasan Ali ibn Hasan al-Balxiy (548h), Abul Fath Ahmad ibn Muhammad al-Xulmiy (547h), Abdurashid ibn No‘mon al-Valvolijiy (540h), Mahmud ibn Ahmad as-Sog‘urjiy (510h), Mahmud ibn Zayd al-Lomishiy va boshqalar. [4, – B.285.]
U zotning shogirdlaridan biri Abul Hafs Umar Nasafiy (461-537h.) undan va yana boshqa ko‘plab ulug‘ ustozlardan dars olib Moturidiy maktabining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biriga aylangan. U tasnif qilgan asarlar soni yuzta bo‘lgani uchun “Yuz kitob sohibi” deb ham laqablanadi. Tasnif qilgan asarlarining ichida “Aqoid un-Nasafiya” moduridiya aqidasining javhari sanaladi. Moturidiy ta’limotini tutgan barcha diyorlarda “Aqoid un-Nasafiya” kitobi birdek qabul qilingan, o‘qib-o‘rganilgan va yuzdan ortiq sharh va hoshiyalar bitilgan. Shuning uchun bu asar asrlar bo‘yi madarasalarda davomiy darslik bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Buning sababi u mohiyatan Abu Mansur Moturidiyning “Tavhid” va Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla” kitobiga muxtasar sharhdir. Hoji Xalifa o‘zining “Kashfuz zunun” kitobida “Tabsiratul adilla” asarini tanitish nihoyasida: “Kim “Tabsiratul adilla”ga nazarsa solsa, Umar Nasafiyniy “Aqoid un-Nasafiya” asari “Tabsira adilla”ning fihristi ekanini biladi” [5, – B.570.], deydi.
Aqoid ilmi ilmlar ichida eng sharaflisidir. Faqat sof va to‘g‘ri aqoid insonning dunyo va oxiratda baxt va najotga erishishiga sabab bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam musulmonlarning e’tiqodi sofligiga xizmat qilgan zotlarni quyidagicha madh qiladilar:
عَنْ إِبْرَاهِيمَ بْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ الْعَذَرِىِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: ” يَحْمِلُ هَذَا الْعِلْمَ مِنْ كُلِّ خَلَفٍ عُدُولُهُ، يَنْفُونَ عَنْهُ تَحْرِيفَ الْغَالِينَ، وَانْتِحَالَ الْمُبْطِلِينَ، وَتَأْوِيلَ الْجَاهِلِينَ ” رواه البيهقي[[6, – B.115.]
Ibrohim ibn Abdurahmon al-Uzriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir zamonlarda adolatpesha insonlar (mo‘tadillik) haddidan oshganlarning noto‘g‘ri talqinini, layoqatsiz kimsalarning asossiz tasdiqlashini hamda nodon kimsalarning ta’villarini inkor etgan hollarida bu ilmni himoya qiladilar”, dedilar (Bayhaqiy rivoyat qilgan).
Mazkur hadisi sharifda to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, asosiz narsalarni o‘zlariga hujjat qilib olib boshqalarni chalg‘itadigan va ilmsizlikdan oyat va hadislarni noto‘g‘ri ta’vil va talqin qiladigan kimsalarni to‘g‘ri yo‘lga soladigan va musulmonlar ommasini sof aqoidga boshlaydigan inson o‘z zamonasining adolatpesha insoni deb zikr qilinmoqda.
Abu Muin Nasafiy o‘z zamonasida barcha adashgan insonlarga hidoyat yo‘lini bayon qilgan, hadisi sharifda bayon qilinganidek, adolatpesha insonlardan biridir. U zot Moturidiy aqoidining bizgacha yetib kelishida silsilasining go‘yo katta halqasidekdir.
Abu al-Mu’iyn an-Nasafiy uzoq umr ko‘rib, 87 yoshida vafot etgan. Uning qabri Qarshi shahri yaqinidagi Qovchin qishlog‘ida joylashgan. [7, – B.11.]
Abdujabbor TOSHPULATOV,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
- Abul Muin an-Nasafiy. At-Tamhid li-qavoid at-tavhid. – Qohira: al-Maktabat al-Azhariya li-t-turos, 2006. – B. 11.
- O‘rta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi. – Samarqand: Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. – B. 267.
- Soliyev K. Abu al-Mu’iyn an-Nasafiy – ilm dengizidir // ukkosha.shosh.uz.
- “At-tamhid li qova’idit tavhid” va ““Tabsirat ul-adilla” Birinchi juz. 285-bet.”
- Hoji Xalifa. “Kashfuz zunun ’an asomil kutub val funun”. Birinchi juz. Bayrut: “Ihyo’ut turosil arabiy”,570 b.
- Muhammad ibn Abdulloh Xatib tabriziy. “Mishkotul Masobih” Birinchi juz. Bayrut. “Dorul fikr”. 115-bet.
- Uvatov U. Abul Muiyn an-Nasafiy hayoti va merosi. – Toshkent: Ma’naviyat, 2003. – B. 11