Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2010-yil 20-oktabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, har yili fevral oyining birinchi haftasi “Dinlararo hamjihatlik haftaligi” hamda 2020-yil 21-dekabrdagi rezolyutsiyaga binoan har yilning 4-fevral sanasi “Xalqaro insoniy birodarlik kuni” deb e’lon qilingan.
Ma’lumki, 2019-yil 3-fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida Insoniy birodarlik bo‘yicha anjumanda Rim Papasi Fransisk va Al-Azhar shayxi Ahmad Toyyib o‘rtasida “Insoniy birodarlik – xalqaro tinchlik va hamjihatlik omili” nomli hujjat imzolangan.
Hujjat imzolanishi natijasida BMT tomonidan 4-fevral – Xalqaro insoniy birodarlik kuni deb e’lon qilindi. Bu kunni BMTga a’zo davlatlarda ilm-fan, diniy yetakchilar va jamoatchilik faollari ishtirokida keng nishonlash belgilangan.
“Insoniy birodarlik” nomli ushbu muhim tarixiy hujjat Sharq va Gʻarb mamlakatlari o‘rtasida dinlararo muloqotni rivojlantirib, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani barchamizga ma’lum.
Ushbu kunni nishonlashdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar quyidagilardan iborat. Bular:
- turli din va madaniyat vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmatni shakllantirish.
- diniy yoki etnik asosdagi kamsitish va adovatga barham berish.
- insoniyatni umumiy muammolar (kambag‘allik, iqlim o‘zgarishi, pandemiyalar)ga qarshi birgalikda kurashishga chorlash.
Chindan ham, deklaratsiyadagi din insonlarni e’tiqodidan qat’iy nazar o‘zaro mehr-oqibatli va birodar bo‘lish, munosabatlarda yuksak madaniyat va insonparvarlikka erishish, dunyoning turli burchaklarida yashayotgan yordam va e’tiborga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan fikrlar jahon hamjamiyati tomonidan olqishlandi. Shuningdek, qurollanish poygasi, ijtimoiy adolatsizlik, korrupsiya, tengsizlik, ma’naviy tanazzul, terrorizm, diskriminatsiya, ekstremizm va boshqa ko‘plab ma’naviy va mafkuraviy illatlar oqibatida dunyoning turli burchaklarida vujudga kelgan qashshoqlik, o‘zaro nizolar va azob-uqubatli kechinmalarga qarshi kurashda hamjihat bo‘lishga qaratilgan chaqiriqlar ham e’tiborga molik.
Shuningdek, Ushbu kun doirasida har yili insoniy birodarlik g‘oyalarini yoyishda katta xizmat ko‘rsatgan shaxslar yoki tashkilotlarga “Zayed Award for Human Fraternity” xalqaro mukofoti topshiriladi.
“Ijtimoiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Sh.BADIYEV






