islom-instituti@mail.ru         71-227-42-37

Aslida, bu – Islomdir!

Islom – faqatgina ibodatlar majmuasi emas. U – ruhni tarbiyalovchi, qalbga sayqal beruvchi va inson hayotining har bir lahzasini ezgulik bilan bezatuvchi ilohiy nizomdir. Haqiqiy musulmonlik goʻzal xulqda, har bir amal va soʻzning oʻlchovli hamda hikmatli boʻlishida namoyon boʻladi. Zero, Islom shunday hidoyatdirki:

U tilni shirin va muloyim qiladi, soʻzning salmogʻini oʻrgatadi. Inson oʻz nutqini nazorat qilishi, odamlarga faqat yaxshi va yoqimli gaplarni soʻzlashi uchun Robbimiz: “Odamlarga yaxshi soʻzlar aytingiz” deya xitob qildi.

U munozara va bahslarga ham goʻzallik libosini kiydiradi. Haqiqatni izlashda gʻayirlik va adovatga oʻrin yoʻq. Islom bizni eng goʻzal, eng yumshoq uslub bilan bahslashishga chorlab: “Ular bilan eng goʻzal uslubda munozara qilgin”  degan yoʻlni koʻrsatadi.

U qalbni kechirimlilik nuri bilan toʻldiradi. Senga ozor berganlarga zulm bilan emas, keng feʼllik bilan javob qaytarish ulugʻ fazilatdir. Garchi har bir yomonlikning jazosi unga teng yomonlik boʻlsa-da, Islom qalb pokligini afzal koʻradi: “Yomonlikning jazosi o‘z mislidek yomonlikdir. Kim afv etib isloh qilsa, uning ajri Allohning zimmasidadir”

U ota-ona poyiga poyandoz boʻlishni oliy saodat deb biladi. Umrning soʻnggi pallasida muhtojlikka yuz tutgan ota-onaga sadoqat bilan xizmat qilish – jannat kalitidir. Ularga hatto malomat toshini otish tugul, ogʻrinish ham gunohdir: “Ularga qarab “uff” tortma, ularni jerkima va ularga goʻzal, olijanob soʻzlar ayt!”

U musibat va qaygʻu qarshisida qadni tik tutishga oʻrgatadi. Sabr va namoz qalbga suyanch, ruhga kuch beradi. Bu yoʻl har kimga ham oson emas, ammo iymoni butun zotlar uning hikmatini anglaydi: “Sabr va namoz ila yordam so‘rang. Va, albatta, u nafsi siniqlardan boshqalarga juda katta ishdir”

U masʼuliyat yukini yelkaga olganda, kengash va maslahatni shior qilishni buyuradi. Rahbarlik va masʼuliyat – mutloq hukmdorlik emas, balki qalblarni birlashtirishdir. Ish boshlashdan avval atrofdagilar bilan maslahatlashib, soʻng borliqni Yaratganga topshirish kerak: “Va ular bilan ishlarda mashvarat qil. Azmu qaror qilganingdan so‘ng Allohga tavakkal qil. Albatta, Alloh tavakkal qiluvchilarni sevadir”

U nafsu havo changalidan qutulib, haqiqat yoʻlini topishga chorlaydi. Hirsu havas ortidan quvish insonni toʻgʻri yoʻldan adashtiradi. Shuning uchun ham Haq taolo ogohlantiradi: “Nafsu havoga ergashma, u seni Allohning yoʻlidan adashtiradi”

U har bir amalda sobitqadam va toʻgʻri boʻlishni talab qiladi. Inson hayotining har bir jabhasida, buyurilganidek, adolat va sobitlik bilan qadam bosmogʻi lozim: “o‘zingga amr qilinganidek, mustaqim tur!”

U har bir qilingan amalning ortida oqibat va mukofot borligini eslatadi. Inson bu dunyoda nima eksa, oxiratda shuni oʻradi. Yaxshilik ham, yomonlik ham oʻz egasiga qaytishi muqarrar: “Agar yaxshilik qilsangiz, oʻzingizga yaxshilik qilasiz, agar yomonlik qilsangiz ham oʻzingizga (qaytadi)”

U nutq va ovozdagi meʼyorni goʻzallik ramzi deb biladi. Baland va yersiz baqiriq-chaqiriqlar qadringni oshirmaydi, balki viqoringni toʻkadi. Shuning uchun matnda: “Yurishingda mo‘tadil bo‘l va ovozingni pasaytir”, deya uqtiriladi.

U kibr va manmanlikni qoralab, kamtarlik chodirini taklif etadi. Tuproqdan yaralgan insonning zamin uzra gerdayib yurishi naqadar kulgili. Qadamlar ham kamtarlikdan sado berishi lozim: “Yer yuzida kibrlanib, magʻrurona yurma!”

U koʻzlarni haromdan mudofaa qilib, qalb xotirjamligini taʼminlaydi. Oʻzgalarning qoʻlidagi oʻtkinchi dunyo ziynatlariga hasad va havas koʻzi bilan tikilish qalbni kuydiruvchi olovdir. Robbimiz goʻzal cheklov qoʻyadi: “Ko‘zlaringni ularni sinash uchun ayrimlariga bahramand qilib berganimiz hayoti dunyoning turli ziynatlariga tikma”

Mana shu sof va goʻzal qoidalar zanjiri – Islomning haqiqiy qiyofasidir. U insonni shunchaki yashashga emas, balki goʻzal xulq ila komillikka erishishga undaydi.

U quloqlarni gʻiybat va maxfiy illatlardan muhofaza qiladi. Oʻzgalarning aybini qidirish, pinhona gaplariga quloq tutish jamiyat daxlsizligini buzadi. Islom bu illatni qatʼiy taqiqlab: “Va josuslik qilmangiz (birovlarning aybini qidirmangiz)” deya buyuradi.

U nafsni jilovlab, taomlanishda ham meʼyorni mezon qilib beradi. Isrof – jismning ham, ruhning ham zavolidir. Shuning uchun Xoliqimiz: “Yenglar, ichinglar va isrof qilmanglar” deya insonni muvozanatga chorlaydi.

Xoʻsh, ichki va tashqi olamni mana shunday goʻzallik bilan qurshab olgan bu dindan-da buyukroq va oliyroq yana qaysi din bor?!

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifalik jilovini qoʻlga olgach, Madina shahriga Umar ibn Xattobni adolatli qozi etib tayyorladi. Umar adolat kursisida qarib bir yil oʻtirdi, ammo biror marta boʻlsa-da, uning huzuriga daʼvo va janjal bilan ikki kishi bosh urib kelmadi. Mahkama sukunat ichida edi. Oxiri chiday olmagan Umar xalifa Abu Bakrning huzuriga borib, uni qozilik vazifasidan ozod qilishini soʻradi. Abu Bakr taajjublanib:

«Ey Umar, qozilikning mashaqqatidan qochyapsizmi?» – deb soʻradi. Umar roziyallohu anhu shunda tarix sahifalariga oltin harflar bilan muhrlanadigan shunday javobni berdi:

«Yoʻq, ey Rasulullohning xalifasi! Gap mashaqqatda emas. Shunchaki, iymon halovati qalblarini egallagan bir qavm orasida mening qozilik qilishimga ehtiyoj yoʻq… Zero, bu zotlarning har biri oʻz haq-huquqini yaxshi biladi va undan ortigʻiga koʻz olaytirmaydi. Zotan, ularning har biri zimmasidagi burch va majburiyatlarni toʻliq anglaydi, uni bajarishda aslo kamchilikka yoʻl qoʻymaydi».

Ular shunday goʻzal bir jamiyat qurdilarki:

Ulardan har biri oʻz birodari uchun ham oʻzi yaxshi koʻrgan narsalarni ilinjadi.

Agar oralaridan biror kishi koʻrinmay qolsa, darhol uni qidirib, holidan xabar oladilar.

Birodarlari xastalansa, shifo tilab tepasida turadilar, ziyoratiga shoshiladilar.

Biri muhtojlikka yuz tutsa, unga koʻmak qoʻlini choʻzadilar, ehtiyojini qondiradilar.

Boshiga musibat tushganda, hamdard boʻlib, qaygʻusini birga baham koʻradilar.

Ularning oʻzaro munosabatlari – samimiy nasihat, bir-birlarini yaxshilikka chorlash va yomonlikdan qaytarishdan iboratdir.

Shunday ekan, ey xalifa, ular nima ustida ham tortishsinlar?! Qaysi mol-dunyo yoki nizo sabab mahkamaga kelsinlar?!

Mana, Islom insonlar qalbini qanday oʻzgartirgan edi. Adolat qonunlarda emas, avvalo vijdonlarda qaror topsa, mahkamalarga ehtiyoj qolmaydi.

Hasson Shamsiy poshoning    قلوب تهوى العطاء   kitobi asosida

TII Magistratura talabasi Turaqulov Abdurahim tayyorladi.

464190cookie-checkAslida, bu – Islomdir!

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: