Hozirda erishilgan ulkan o‘zgarishlar va kelajakdagi buyuk taraqqiyotlar omili aynan mana shu tinchlik va osudalik sababidan yuzaga keladi. Shu boisdan ham mustaqillikning ilk davrlaridanoq O‘zbekiston qurolli kuchlarini shakllantirishga alohida e’tibor berildi. Bugungi kunga kelib esa, zamonaviy, ixcham va har tomonlama yaxshi qurollangan, jismoniy va intellektual bilimga ega, yurtimiz sarhadlarini har qanday tashqi xavfdan himoya qilishga qodir milliy armiyamiz shakllandi.
Insonda ikki narsani tanlash imkoni yo‘q. Biri ota-ona, ikkinchisi Vatan. Shu boisdan ham ota-ona qancha muhtaram va mahbub bulsa, Vatan ham shunchalar aziz va muqaddas sanaladi. Shu sababidan ham inson yurtidan olis ketsa uni sog‘inadi, yurtini obodligi uchun jon kuydirib mehnat qiladi, yaxshi ko‘rib uni barcha yomonliklardan himoya qiladi. Yurtining himoyasi yo‘lida qalblari sadoqatu-jasoratga to‘la, og‘ir ammo o‘ta sharafli bu kasb egalariga ajr savoblar va’da qilingan. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vassalam: “Alloh yo‘lida bir kecha qo‘riqchilik qilish, ming kun ro‘za tutish va ming kecha qoim turishdan yaxshidir” – deya marhamat qilganlar (imom Axmad va imom Tabaroniy rivoyatdan).
Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli kasbga hiyonat etish kechirib bo‘lmas gunohi aziym ekanligi haqida ham dinimizda qattiq ta’kidlangan. Jumladan, Abu Hurayra roziyollohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda ham Rasululloh sollallohu alayhi vassalam: “Halokatga eltuvchi yetti amaldan saqlaninglar” – deganlar. Shu vaqtda sahobalar “Yo Rasulalloh ular nima?” – deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Alloh taologa shirk keltirish, sehr-jodu qilish, nohaq birovni o‘ldirish, sudxo‘rlik, yetimning haqqini yeyish, Vatan himoyasidan qochish, iffatli mo‘mina ayolga tuhmat qilishdir” – dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Vatan himoyachilari Allohning amrini ado etayotgan, naqadar sharafli, havas qilishga, faxrlanishga arzigulik insonlardir. Rasululloh sollallohu alayhi vassalam: “Ikki ko‘z sohibiga do‘zax olovi tegmaydi. Biri tunda Allohdan qo‘rqib yig‘lagan ko‘z. Ikkinchisi: Alloh yo‘lida qo‘riqchilik qilgan ko‘z” – deb marhamat qildilar ( Imom Termiziy rivoyati).
Shayh Muhammad G‘azzoliy Vatan haqida shunday deganlar: “Inson o‘z yerini, undagi narsalar bilan garchi u joy odam yashamaydigan sahro bo‘lsa ham sevadi. Vatanni sevmoqlik, qalbdagi asl tug‘ma tabiatdir. Tug‘ma tabiat insonni Vatanida yashab turganida xotirjam, undan yiroqda bo‘lganida sog‘inadigan, unga hujum qilinganida uni himoya qiladigan, unga hurmatsizlik qilinganida g‘azablanadigan qilib qo‘yadi”.
Yurtimizda 14-yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” etib belgilangan. Shunday ekan, Vatanimiz osudaligi, xalqimiz tinchligi, ajdodlardan meros bo‘lib qolgan manaviy-moddiy boyliklarimizning himoyachilari, Vatan posbonlari, shijoatli o‘g‘lonlarimizning kasb bayramlari muborak bo‘lsin. Alloh taolo ularning sharafli va savobli ishlarida O‘zi madadkor bo‘lsin.
TII Modul ta’lim tizimi talabasi, Namangan shahri ”Imom Buxoriy” jome masjidi imom-xatibi Abdullayev Biloliddin