Ta’liq xati ХI oxirida fors kotiblari amaliyotida paydo bo’ldi va shakllandi. XII asrning boshlarida “tavqi”, “riqo” va “nasx”ning oldingi qo’l yozuvlari va avestiya, o’rta fors alifbosidagi harflarning to’lqinli-yumaloq elementlari qo’shildi[1].
ХIV asrga qadar turli xil yozishmalarda, XV asrda esa kitob yozishmalariga kiritishga urinishlar bo’lgan, ammo bu asrning oxiriga kelib, ta’liq o’z pozitsiyasini yo’qotdi va uning o’rniga shikastayi ta’liq (“buzilgan ta’liq”) keldi. Xattotlik bo’yicha fors risolalarida chalkashmaslik uchun birinchisi “ta’liqi asl (“asosiy ta’liq”) yoki “ta’liqi qadim” (“eski ta’liq”), ikkinchisi esa faqat “ta’liq” deb ataladi.
Ta’liq xatida harflarning 5 qismi egri va 1 qismi to’g’ri chiziqlardan iborat. Ta’liq asosan insho va maktublarga tegishli bo’lib, munshiylar uni yuqoridan chapga qiyaroq qilib cho’zib yozgan. Shu jihati bilan shikasta xatiga o’xshab ketadi. Dastlab munshiylar, idora kotiblari tomonidan ishlatilgan, rasmiy va shaxsiy yozishmalar, turli hujjatlarda qo’llanilgan. Uning xususiyati shundaki, harflari o’ngdan chap tomonga egilgan bo’lib, pastdan tepaga yoziladi. Ta’liq xatining o’ziga xos jihati shundaki, yozish jarayonida asosan o’ng tarafga moyilroq bo’lib yoziladi. Boshqa yozuvlarda esa, aksincha chapga moyilroq bo’ladi.
Ta’liq xatining grafik ko’rinishi
Ta’liq usulining qiyinchilik xususiyatlardan biri shunda ediki, bu xatda munfasila xatlari, ya’ni o’zidan keyingi harflarga qo’shilmagan harflar “alif”, “vov”, “dol”, “zol”, “ro” va boshqa harflarni bir-biri bilan ulangan holda yozardilar. Yana “lom”, “mim”, “nun”, “yo” harflari tez yozarligi sababli maxsus shaklda ishlatilgan. Markaziy Osiyo me’moriy yodgorliklarida yozilgan tarixiy manbalar ta’liq xati asosida yozilgan bo’lib, xat kichik hajmda yozish imkoni bo’lganligi va kam o’rin egallashi asosiy sabab bo’lgan.
Avvalda bu xat usuli devonxonada rasmiy ishlarda (idora, kotibiyat), idora, hujjat, hisob-kitob ishlarida, podshoh saroyi qoshidagi ustaxona ishlarida, tarix va katta nasriy asarlarni yaratishda ishlatila boshlagan. “Ta’liq” usuli alohida asarlarni ko’chirish uchun foydalangani sababli, bu usul xatni “noma” atamasi bilan ham tilga olganlar.
Toshkent islom instituti 4-kurs
talabasi Norboyev Muhammadjon
Foydalanilgan adabiyotlar
[1] Faza’ili X. Atlas-i xatt : Taxkik dar xutut-i islami. (Atlas [razlichnыx vidov] pisma: Issledovanie islamskix pocherkov). — Tegeran : Intisharat-i sada va sinama-yi djumxuri-yi islami-yi Iran, 2012. — 712 s.