islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Imomi A’zam Abu Hanifa hazratlarining shogirdlari Abu Yusufga irshod va vasiyatlari

Hazrati imom A’zam Abu Hanifa shogirdlari Imom Abu Yusuf (a.r.) ilm-u-Irfon, rushdu hidoyatda hamda husni siyratda kamolotni bilganlarida, bul zotga oq fotihalarini berib, mana bu nasihatni aytganlar:

Ey, Yaqub! O‘g‘lim! Bu so‘zlarim hayoting dasturiga aylansin! Avvalo, podshoh va amirlarni ulug‘ sana! Hurmat-izzatlarini chiroyli ado et! Ularni Allohning ulug‘ bandalari deb bil! Huzurlarida barcha odob-axloq ko‘rsatmalariga rioya qil! Ul zotlarning oldiga kirganingda zinhor yolg‘on gapirma! Yolg‘onchilik va shu kabi yomon xulqlardan saqlan! Sulton va boshqa amaldorlar chaqirmasalar, huzurlariga tez-tez kirib chiqishdan o‘zingni tiy! Unday ulug‘ dargohlarga borishga oyoqlaringga ixtiyor berma! Ilm, ilmiy hojatlari uchun chaqirsalar, albatta bor!

Foydang yetishi mumkin bo‘lgan joylarda hozir bo‘l! Agar huzurlariga kirishni ko‘paytirsang, turli hojatlar bilan ko‘zlarini qamartiradigan bo‘lsang, hurmat-izzating qolmaydi. Natijada, seni xo‘rlaydilar, ilmingni ham, o‘zingni ham mensimay qo‘yadilar. Hurmating qolmagani – ilmu shariatning behurmat bo‘lganidir. Shuning uchun bu dargohlarga zarurat bo‘lmasa, zinhor yaqin kelma! Ularni alangasi baland, qizigan olov deb bil! Olovni issiqligi va yorug‘ligidan o‘rtacha ma-sofadan foydalan! Olovga yaqin kelmaginki, kuyib qolasan! Og‘ir dard orttirasan! Chunki, ularning ba’zilari o‘ziga yaxshi ko‘rganini boshqalarga ravo ko‘rmaydi va o‘z fikridan ko‘ra to‘g‘riroq, haq bo‘lgan fikr bilan hisoblashmaydi, qabul ham qilmaydi. Ulug‘ va podshohlar huzurida ko‘p gapirishdan saqlan! Ko‘p gapirsang, gaping orasidan seni mulzam qiladigan va bir-biriga zid o‘rinlarni qidirib, o‘z gaping bilan o‘zingni mulzam qilishi mumkin. Shuning uchun ularni huzuriga kirsang, obro‘ va qadr-qiymatingni bil! Boshqalarning ham qadrlarini nazaringdan qochirma! Agar uning oldida sen tanimaydigan ahli ilm, donishmandlar bo‘lsa, u yerga zinhor kirma! Jur’at ham etma! Chunki, agar ilming ulardan sayoz bo‘lsa, yechiladigan masalalarda ahli ilmlardan ustun kelaman deb, o‘zingga zarar qilishing mumkin.

Agar ulardan ko‘ra olimroq bo‘lsang, yechiladigan masalalar ustida bexabar yoki tajribasizliging uchun javob bera olmaysan yoki noo‘rin harakatlarga yo‘l qo‘yasan. Shunda obro‘ying to‘kiladi, qadring qolmaydi. Sulton va boshqa amaldorlarning nazaridan qolasan. Ey habibim! Agar sulton hazratlari biron amalni, mansabni taklif qilsalar, faqat din va mazhabingizga foyda, ustoz va mazhabingiz rozi bo‘lishini bilsangiz qabul qiling. Bunday bo‘lmasa, albatta qabul qilmang. Ilm va hukmlaringiz mazhabingizga rioya qilmog‘iga jidd-u-jahd ko‘rsating va shungagina rozi bo‘ling! Toki, hukm deb, boshqa mazhab va ilmlarga murojaat qilishiga majbur hamda ehtiyoj tug‘dirmaslikka harakat qiling. Saroydagi va boshqa mansabdorlar bilan bog‘lanib turishdan ehtiyot bo‘ling! Balki, zarurat bo‘lsa, Sulton hazratlarining o‘zi bilan yaqin munosabatda bo‘ling! U bilan aloqangiz mustahkam bo‘lsa, atrofidagi barcha zotlardan uzoq bo‘ling! Shunda e’tiboringiz, tinchlik, farovonligingiz boqiy bo‘ladi. Ko‘pchilikni ichida faqat so‘ralgan masalaga javob ber!

Ommani huzurida turganingda ko‘p gapirishdan saqlan! Savdogar ahli, hamda xalq ommasi har qanday so‘z, masalani birdan uzoqlarga yetkazadilar. Seni olim va omil deb, e’tiqod qiladilar va har bir aytgan irshodingni diqqat bilan quloq tutib amal qiladilar. Kerak bo‘lsa, bilganlaricha tekshiradilar. Ko‘p gap ixtiloflar manbaidir. Shuning uchun ko‘l gapirish va ixtiloflik masala hal qilishdan saqlan! Ko‘pchilik ichida faqat ilm-u ma’rifat bilan omma-bop ilmiy so‘zlagin! Muomalang va harakatlaringda mol-dunyo muhabbati borligiga ishora qilma! Agar bunga yo‘l qo‘ysang, sen haqingda turli yomon fikrlar paydo bo‘lishiga sabab chiqadi. Pora olishga mayli bor,- deb o‘ylashlari yoki seni ham poraxo‘r deb o‘ylashlari mumkin.Biron jamoatga hozir bo‘lsang, ovoz chiqarib kulish, hatto tabassum qilishdan ham saqlangin! Chunki, seni mutakabbir, mansabi, ilmi bilan gerdaygan, o‘zini katta oladigan kishi ekan, deb o‘ylashlari mumkin.

Bozorlarga borishlikni ko‘paytirma! Faqat zarurat bo‘lganda, shunda ham iloji bo‘lsa, boshqa kishining chiqib kelishini iltimos qil. O‘smir, yosh yigitchalar bilan ko‘p gaplashma! Zero, ularda fitna bordir. Ammo yosh bolalar bilan gaplashmoq, hatto boshlarini silab erkalashni zarari yo‘qdir. Chunki, ularning beg‘ubor qalblari, samimiy qiliqlari insonni yaxshilikka, mehr-shafqatga undaydi. Lekin bu amalning asli sunnat ekani ma’lumdir. Ey, shogird! Katta ko‘cha, gavjum joylarda hamda shahar yoki qishloqning kattalari bilan birga yurishdan saqlan! Agar hurmat qilib, oldingga o‘tkazib yursang, Xudo bergan ilmni xor qilgan bo‘lasan. Ilm-u-irfoniyingni aybga jalb qilasan! Agar ularning oldiga tushib yursang, unda o‘zingni ayb-u nuqsonga jalb qilasan. Ulug‘ yoshlari, mo‘tabar mansablarini, izzatlarini nazarga olmagan bo‘lasan. Bu bilan o‘zingni xor qilasan.

Janob Rasululloh (s.a.v.): kichiklarimizga rahm-shafqat qilmaydigan va kattalarimizni hurmat qilmaydigan kishi bizdan emasdir,- deb ogohlantirganlar. Ko‘chada o‘tirma! Zarurat bo‘lsa, masjidda o‘tir! Ey, o‘g‘lim! Bozor va masjidlarda taom tanovul qilmagin! Shuningdek, ko‘chalarda ham ovqatlanma! Joylarda sotilayotgan ichimlikni, ichimlik sotuvchilar qo‘lidan ham ichmagin! Bundan saqlanish o‘zingga foydadir. Ey, farzand! Yana bir nozik muhim ishni bilib olgin! Rasta va taom tanovul qilishga mo‘ljallangan xon-taxta (stol) ustiga o‘tirma! Ipak matoli turli harir hamda yaltir-yultir kiyimlarni kiyishdan saqlan! Chunki, bu kiyimlar erkaklarga yarashmaydi. Xulq-atvorlarini bachkana bo‘lishini va ayollar tabiatiga moyillikni keltiradi. (Shubhasiz, turli taqinchoqlar -uzuk, zanjirlar, hatto soatni ham ziynat uchun taqsa, mazkur xislatlar egasi bo‘lib qolganini o‘zi ham bilmay qoladi.) Ey, farzand! Ahli ayoling bilan uyda va bir o‘rinda bo‘lganingda ko‘p gaplashma! Faqat zarurat vaqtida, shunda ham zarurat miqdoricha bo‘lgani ma’quldir. Ko‘p yaqinlik qilishdan, uni hadeb bag‘ringga bosishdan saqlan. Unga yaxshi niyat bilan, Allohni yod etib «bismillah» deb yaqinlash.

Ahli ayoling bilan bo‘lganda boshqa ayollar to‘g‘risida hech gapirma! Hatto o‘z cho‘risi va boshqalarning cho‘rilari haqida ham gap ochma. Qaytar dunyo, deydilar. Begona ayollarni gapirganingda, ayoling ham begona erkaklar to‘g‘risida gapirishi mumkin. Agar qodir bo‘lsang, zinhor beva, erdan ajragan yoki yolg‘iz otasi va yoki onasi bilan qolgan yoki farzandlari bo‘lgan ayolga uylanma. Agar uni xotinlikka olsang, shu yaqinlaridan birontasi uyga kelmasligi sharti bilan uylan. Chunki, agar xotin boy-badavlat bo‘lsa, ota-onasi bu mollar bizniki, deb da’vo qiladilar.

Mol-dunyo qo‘lning kiri, vaqtinchalik beriladigan, tezda sarf bo‘lib ketishga mahkum narsadir. Uni deb qancha asabing va obro‘ying ketadi. Imkon qadar qaynotangni uyiga bormagin va albatta, ichkuyov bo‘lishga rozi bo‘lmagin! Agar ichkuyov bo‘lsang, ular molingni olib, yana topganingga tama qiladilar. Oldingi turmushidan farzand orttirgan ayol bilan turmush qurishdan saqlan! Chunki, hech sir emas, bu ayol mol-dunyoni bolalariga ajratib to‘playdi, hatto seni mollaringni ham o‘g‘irlashga beradi. Shu bilan topganlarini hammasini bolalariga infoq qiladi va senga ko‘pincha ahamiyat ham, vaqt ham ajratmaydi. Molingga unda vafo topishing juda mushkul bo‘ladi. Negaki, uning bolasi sendan ham, molingdan ham ko‘ra aziz, qadrliroqdir.

Ey, o‘g‘lim! Dunyo g‘am-tashvishlaridan-da pas bo‘lishing Uchun, zinhor bir hovlida ikki xotin (ikki ro‘zg‘or) bilan turma! Ularning hovlisi ham, kirib-chiqadigan eshiklari ham boshqa-boshqa bo‘lsin! Agar hojatlarini ado etishga qodir bo‘lishingga ishonsang, buning uchun kasb-hunar, sarmoyang bo‘lsa, keyingilarini xotinlikka olgin. Yo‘qsa, bittasi bilan kifoyalan!Hayotda avval ilm tahsil qil, keyin kasb-hunar qilib haloldan mol-dunyo to‘pla! Shunday keyin uylan! Chunki, agar ilm tahsil qilayotgan vaqtingda mol-davlat talabiga o‘tsang, shubhasiz ilm olishga ojiz bo‘lasan. Mol-davlating ko‘payib, maishatga qiziqasan, cho‘ri va yosh xizmatchilarga sotib olishga rag‘bating oshadi. Shu bilan davlat ko‘paytirish va xotinlar bilan mashg‘ul bo‘lib qolib, ilmdan benasib bo‘lasan. Umring va qimmatli vaqtlaring bekor ketadi. Keyin bolalaring ko‘payadi, ahli ayol g‘am-tashvishlari ham ortib, o‘z-o‘zing bilan bo‘lib qolasan. Shubhasiz, hojatlarini chiqarish va manfaatlarini ziyoda jalb qilishga berilasan. Natijada ilmni va uning foydalarini tark qilasan!

Ey farzand! Yoshlik vaqtingda ilm bilan shug‘ullan! Yoshlikni g‘animat bilib ilm, kasb-hunar egalla! Chunki, unda qalbing turli g‘am-tashvish, muammolardan holi bo‘ladi. Nimani qiziqib o‘rgansa, qalbga o‘rnashadi. Ilm va kasb egallagandan keyin mol-davlat yig‘ishga harakat qilsang, to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘lasan. Ahli ayol, farzandlarni ko‘pligi, shubhasiz, qalb va hayolingni egallaydi, tashvish va muammolar ko‘nglingni band qiladi. Qachon mol-davlat to‘plasang uylan. Maslahat bilan munosib va salohiyatli kishilarning soliha farzandini turmushing mazmuniga aylantir. Ey, shogird! Taqvoni, Xudodan qo‘rquvni o‘zingga kasb qil! Shioring ham, qadaming ham muttaqinlar shiori va qadami bo‘lsin! Omonatdor bo‘lmoq, omonatni sohibiga belgilangan vaqtda ado etishga qattiq tirishgin! Omonatda ham, xalq ommasiga qilgan pand-u nasihatlaringga avvalo o‘zing amal qiluvchi bo‘l! Haqning ham, xalqning ham oldida yuzing yorug‘ bo‘lishiga sabab yo‘lni ravo ko‘r!

Ey, farzand! Zinhor taqvo va ilming yoki boshqa xislatlaring tufayli odamlarga past nazar bilan qaramagin. Hurmatingni ham unutma! O‘zingni qancha e’zoz va ulug‘lasang, boshqalarni ham shunchalik e’zoz-u ikromga munosib ko‘rgin! Insonlarga qiladigan muomalalaringda juda ham ehtiyot bo‘lgin! Ularning hayotlariga o‘zingcha aralashma! Ishlariga ham kirishib ketmagin! Faqat, agar aloqa bog‘lasalar, sen bilan salom-alik qilsalar, o‘z hurmatingni bilgan holda muomala va muoshara o‘rnat! Ilm bilan, faqat ilm bilan aloqada bo‘l! Turli xayrli masalalar yechimi bilan ularga iqbol qil! Ne saodatki, agar ular ilm ahllaridan bo‘lsalar, ilm bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Agar unday bo‘lmasa, ular seni yaxshi ko‘radilar, ilm va ilm ahliga qalblarida muhabbat uyg‘onadi.

Ey, shogird! Din ishi, ahkomlarini omma ichida keng ravishda targ‘ib va tashviq qilishdan saqlan! Dunyo ishlari bilan bog‘lab barobar gap yuritishga harakat qilgin! Chunki, odamlar senga ixlos qiladilar, gaplaringga ergashadilar va batamom din bilan shug‘ullanib qoladilar. Buni oqibatini tafakkur qil! Ey, farzand! Biron masala yuzasidan fatvo so‘rasalar, so‘ralgan masalagagina javob bergin! Hech bir masalaga yana boshqa masalaning javobini qo‘shib javob bermagin! Chunki, bunda so‘rovchilarni chalkashtirib qo‘yish mumkin bo‘ladi. Hatto mubham va mushavvish qiladi, aniq javob topolmay sarson bo‘ladi. Shuning uchun, so‘ralgan savolga, o‘zi fahmlaydigan qilib, lo‘nda va ixcham javob axtargin!

Ey, farzand! Ogoh bo‘l! O‘n yil kasb-u hunarsiz, ovqatsiz qolsang ham ilmdan voz kechma! Zero, ilmdan yuz o‘girish barcha yaxshilikdan yuz o‘girishdir. Ilmdan qornim, mansabim yoki boshqa dunyo hojatlar deb ketishing og‘ir musibatdir. Balki hayoting yana ham tangroq, balo va ofatlar bilan mashaqqat girdobiga tortilishiga sabab bo‘ladi. Zinhor ilm tahsilini tark etmagin. Ey, shogird! Ahl ilm va ahli fazllarga juda ehtiromli va e’tiborli bo‘l! Yoshi ulug‘larini ustozingdek, yoshlarini esa sadoqatli shogirdlaringdek bil! Agar yordamlaridan foydalangan bo‘lsang, o‘z otang va farzandingdek ko‘r! Shunday go‘zal va betakror muomala, doim ochiq chehra bilan qarshi olgin! Bu go‘zal xulqing ularda ilmga rag‘batlarini kuchaytirishi kerak.

Ey, shogird! Ilmim bor deb bozor, ko‘pchilik yig‘iladigan joylarda, shuningdek, bozor ahli bo‘lganlar va ko‘pchilik ichida yuradigan kishilar bilan muzokara qilib, talashib-tortishib yurmoqdan ehtiyot bo‘l! Chunki, bu yuzingni nurini ketkazadi. Viqor va salobatingni insonlar ko‘zidan yashiradi. Azizim! Haqni aytishdan, haqiqatni yuzaga chiqarishdan hech kimdan, hatto podshohdan ham tortinma! Bu to‘g‘rida uyat, andishaga yo‘l qo‘yma! Zero, Alloh Haqdir, haqni yaxshi ko‘radi. Rostgo‘y va haqiqatgo‘ylarni do‘st tutadi!

Ey, farzandim! Ibodatlaring ko‘p bo‘lsa, bo‘lsin. Ammo, boshqa kishilarning ibodatidan kam bo‘lishiga rozi bo‘lmagin! Toatga muhabbating va rag‘bating kuchliligi bilan mumtoz bo‘l! Chunki, ibodatlaring kam yoki barobar bo‘lsa, odamlar sen haqingda turli salbiy e’tiqod qilishlariga sabab buladi. -O‘zining taqvo, ibodati shu bo‘lsa, gapini qabul qilish, ishonish qanday bo‘lar ekan?- deb o‘zlaricha fikr yuritadilar. -Ilmi o‘ziga foyda bermabdi, bilganiga amal qilmabdi va yana shu kabi turli gap tarqatadilar. Bu ilm va shariatga ulkan ofatdir! Bundan saqlanish uchun mutolaa va ibodatingga ziyodalik baxsh et ham ularga mustahkam bo‘lgin!

Ey, azizim! Biron shaharga borsang, bu joyni o‘zingniki qilib olmagin. Chunki, har bir o‘rmonning o‘z sheri va boshqa ayonlari bo‘lgani kabi, bu joyning ham o‘z ahli ilmlari bor. Ilm va taqvo-yu riyozating sababli aholi qalbini egallashga oshiqmagin! Balki, ikki dunyo tinchlik va xotirjamligini xohlasang, shu yerlik insonlarning biri bo‘l! Xalq orasida bunday sifat bilan mumtoz bo‘lish undagi ahli ilm obro‘-martabalariga putur yetishiga bois bo‘ladi. Ular buni sezib qolsalar nima natijalar bo‘lishini idrok eta olsang kerak! Hammalari senga qarshi chiqib, seni obro‘-e’tiboringga ta’na va ziyon yetkazadilar. Mazhabingga ayb-u nuqson toshini otadilar va shu bilan birga shahar aholisini ham senga qarshi qo‘yadilar. Natijada senga ishonmaydilar, «ayb-u nuqson»lar bilan ajablik va qolaversa, qarg‘ish olgan kimsaga aylanasan. Shuning uchun ham bu diyorda o‘zingga ham, boshqaga ham foyda bera olmaysan. Eng yaxshisi shu diyorning oddiy bir fuqarosi bo‘lib yurgin va astalik bilan jamiyatda o‘z o‘rningga intil, to ilm quroling va odob libosing bo‘lsin. Ey, shogird! Biron masala yuzasidan fatvo so‘rab kelsalar, hech qachon munozara qilib, talashib tortishib bahslashmagin! Har bir aytgan so‘zing, hatto ishoralaring ham dalil bilan isbotli bo‘lsin! Imkon qadar ularni ochiq va hammaga ma’lum qilib keltir!

Ustozlariga ta’na va malomat g‘uborini zinhor to‘kma, bunga ishora ham qilmagin. Agar ularni ustozlariga ta’na, ayb-u nuqson yopishtiradigan bo‘lsang, shubhasiz, ular ham sening ustozlaringga shularni qiladilar. Ey, farzand! Muomalalaringni barchasida ogoh bo‘l! Qodir bo‘la olguningcha ogoh va ehtiyotkorlikni eng zaruriy burching deb bil! Zero, mo‘min banda doim ogoh va itoatkor bo‘lmog‘iga amr Allohning Kalomi majidida bordir.

Ey, ko‘zlarimning nuri! Qalbingda Alloh bilan qanday bo‘lsang, oshkoringda ham xuddi shunday bo‘l! Ichingda ham sirtingda ham, yolg‘iz qolganingda, jamoat orasida ham Yaratgan parvardigoring bilan orada ikkiyuzlilikka yo‘l qo‘yma! Bunday xulqning avvali-yu oxiri voy va mudhishdir. Aks muammolarini ham ichi-tashini bir maromda isloh qilib olganingdan keyin hal qil! Maqsad Allohning rizoligini topish va albatta, uning qattiq azobi va g‘azabidan saqlanish bo‘lmog‘i kerak! Shuning uchun, ilm maslahati bahonasi bilan dunyo muammolarini hal qilma! Seni ilming, taqvo va oxiratingga durust kelmaydigan biron amalni tavsiya etsalar, zinhor unga yuzlanma, uni qabul qilma! Ammo bu bilan dinga, ilmga va oxiratga foyda yetkazishingga ko‘zing yetsa, uni uddalashingga imkoning borligini fahmlasang, uni qabul qil! Unda ilm uchun, din uchun mustahkam tur! Turli majlisda va ayniqsa, ilmiy- munozaralarda qo‘rquv va ikkilanish bilan so‘zlashdan saqlan! Dalil-isbotlar izlashdan charchamoqni o‘zingdan uzoq tut! Gapirganingda dadil, o‘zing ham ishonib, pishiq-puxta gapir! Ma’no va hikmat bilan tinglovchilarni o‘zingga jalb et!

Ey, o‘g‘lim! Mening bu vasiyatlarimni, nasihatlarimni qabul etgin! Zero, u senga har ikki dunyoda manfaat yetkazadi, insha Alloh! Bu foniy olamda ham, boqiyda ham Haqning izzat va hurmatiga sohib bo‘lmog‘ingga yetarlidir.

 

Toshkent islom instituti talabasi

Ibrohimov Bahodir

417750cookie-checkImomi A’zam Abu Hanifa hazratlarining shogirdlari Abu Yusufga irshod va vasiyatlari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: