islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Qur’oni Karim ma’nolarini o‘rganishda arab tilining ahamiyati.

Muqaddas dinimizning asosiy manbasi bu – Qur’on va hadis hisoblanadi. Islom dini kelib, yer yuzida tarqalibdiki, butun islom diyorlarida Qur’on o‘rganishga e’tibor qaratilgan. Har qanday ilmning, har qanday sohaning boshlanishi Qur’on bo‘lgan. Ya’ni, kishi qaysi kasbni, hunarni o‘zlashtirmasin, dastlab Qur’on yodlar, uning mazmun-mohiyatini anglar edi. Shu sababli ham, islom dini tarqalgan diyorlar shu davrgacha modomiki dinlariga amal qilib kelgan ekanlar, eng kuchli va rivojlangan yurtlar hisoblangan.

Qur’oni karim ma’nolarini tushunish kayfiyatini bilish, undagi nozik jihatlarni anglash uchun arab tili grammatikasini yaxshi bilmoq lozim. Har qanday odam ham mufassir, mujtahid bo‘lolmaydi. Chunki, buning o‘ziga yarasha mas’uliyati va talablari bor. Mujtahid yoki mufassir bo‘lish uchun ulamolarimiz quyidagilarni shart qilganlar:

  1. Arab tili grammatikasini bilishi;
  2. Alloh taoloning kitobi ilmini bilishi;
  3. Balog‘at va fasohat ilmini bilishi;
  4. Oyatlarning qachon va qayerda nozil bo‘lganini bilishi;
  5. Oyatlarning nosih va mansuxlarini bilishi.

Quyida shu shartlarning birma-bir izohiga o‘tamiz:

  1. Mazkur olim arab tilini yetarli darajada yaxshi bilmog‘i kerak. Uning grammatik xususiyatlarini, ya’ni sarf va nahv ilmlarini, ma’noni to‘g‘ri chiqarish yo‘llarini bilishi shart. Chunki mujtahid yoki mufassir qiladigan ishi arab tilida vorid bo‘lgan shar’iy matnlarga, ya’ni Qur’on oyatlariga va Sunnati nabaviyalardagi “nass”ga chuqur nazar solishi kerak.
  2. Zero, Qur’oni Karim ham, sunnati Mutahhara ham arab tilidadir. Bu tilni yaxshi bilmagan odam o‘zicha mazkur ilmlarda ijtihod qila olmaydi. Binobarin, mujtahid yoki mufassir bo‘lolmaydi.
  3. Alloh taoloning kitobi ilmi. “Alloh taoloning kitobi” deganda albatta, Qur’oni Karim ko‘zda tutiladi. Qur’oni Karim islomning dasturi, asosiy qonuni hisoblanadi. Ushbu asosiy qonunni yaxshi bilmagan odam mujtahid bo‘lolmaydi. Binobarin, unda odam Islom jamiyatida olimlik, mufassirlik yoki mujtahidlik da’vosini qilolmaydi.
  4. Balog‘at va fasohat ilmi boshqa ilmlardan ko‘ra yetarli darajada fazilatlari borligi uchun ham Qur’oni Karim ma’nolarini anglashda alohida ahamiyat kasb etadi.
  5. Oyatni qachon va qayerda nozil bo‘lish sabablari va kayfiyatlarini, arab tilida mavjud bo‘lgan asosli manbalarga qarab o‘rganmas ekan, uni aniq ochib, tushuntirib berolmaydi. Bu esa Qur’on ilmida oqsoqligidan dalolat beradi, agar bu ilmni o‘zlashtirmasdan turib, o‘zining falsafiy fikrlariga tayanib, har narsani aytaveradigan bo‘lsa o‘zini ham, boshqalarni ham adashtiradi.
  6. Qur’on oyatlarini qachon nosih (bekor qiluvchi), qachon mansux (bekor qilingan) holatlarini aniq ajratib berishi kerak. Mufassir Qur’on ma’nolarini ochib berish ilmida noqis bo‘lsa, mufassirlik da’vosini qilishga haqqi yo‘qdir. Uning da’vosi va fatvosi yolg‘on bo‘lib qoladi.

Sarf va nahv ilmlarining vujudga kelishiga asosiy sabab bu Qur‘oni Karimni arab tilida nozil bo‘lganligidir. Chunki Islomdan oldin johiliyat davrida arab tilining grammatikasi ilmiy nuqtayi nazardan shakllanmagan edi. Arabiston yarim orolida og‘zaki nutq shakllangan va odamlar o‘z shevalarida bir-birlariga murojaat qilganlar. Makkada istiqomat qilgan qabilalarning yettita shevasi bo‘lgan, Qur’onning ham yetti qiroatda nozil bo‘lishining sababi shu. Unda tilning grammatik taraflariga ehtiyoj bo‘lmagan bo‘lsa ham kerak. Lekin Qur’on nozil bo‘lib, Islom dini arab xalqlaridan tashqari ajam xalqlariga tarqalgandan so‘ng u yerdagi Islom dinini qabul qilgan xalqlar uchun Qur’on va Hadislarni o‘qish va o‘rganish jarayonida katta xatoliklarga yo‘l qo‘yila boshlandi. Chunki ajam xalqlari tili arab tili bo‘lmaganligi sababli bu tilni o‘zlashtirishda qiyinchilikka uchraganlar. Bu bilan biz u xalqlarni arab tilida to‘g‘ri gapirib, to‘g‘ri talaffuz qilmaganlari uchun ayblay olmaymiz. Ammo to‘g‘ri o‘qish, to‘g‘ri yozish bu dinning asosidir. Zero sahobai kiromlardan birlari bu haqda shunday deganlar:

تعلموا اللغة فإنها من دينكم Yani: “ Tilni o‘rganinglar u sizning diningizdandir.”[1]

Biz ham yuqorida  ta’kidlab o‘tganimizdek, nahv ilmining yuzaga kelishi islom dini bilan o‘zaro bog‘liqdir. Bu haqida: “Qur’oni Karimning o‘zi mo‘jiza, unga bog‘liq ilmlar, jumladan, nahv ilmi ham Alloh taoloning irodasi va madadi bilan mo‘jizaviy tarzda yuzaga keldi”[2],  deb ta’kidlashadi musulmon olimlari.

Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy: “Tilga e’tibor, elga e’tibor”, degan edilar. Bu so‘zlar bekorga aytilmagan, albatta. Chunki har bir til ma’lum bir hududda aloqa vositasi, qolaversa millatlararo tanishuv, do‘stlik vositasidir.

Toshkent islom instituti talabasi

Sultonova Bibixadicha

[1] Ahmad ibn Abdulloh al-Batiliy.Al-ahadis val-asor al-varida fi fazlil-lug‘at al-arobiyya. – Riyoz: Daru kunuzi ishbiliyya linnashri vat tavzi’i, 2003. – B. 198.

[2] Shayx Muhammad at-Tantoviy. Nash’atun-nahv va tarixu ashhurun-nuhat. – Qohira: Dorul ma’orif, 2005. – B. 65.

431310cookie-checkQur’oni Karim ma’nolarini o‘rganishda arab tilining ahamiyati.

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: