islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

 Islom shariatida ribo Qur’oni Karim, sunnat va ijmo bilan harom qilingan. Alloh taolo Baqara surasi 275-oyatida shunday marhamat qiladi:

 وَأَحَلَّ اللَّهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا

“Va holbuki, Alloh tijoratni halol, riboni harom qilgan”[1]. Bundan boshqa oyatlarda ham ribodan qaytarilib, oxiratda riboxoʻrlarning ayanchli holatlari bayon qilingan.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ribo yeyuvchini, yediruvchisini, kotibini va ikki guvohini la’natladilar va “Ular barobardir” dedilar[2].

Riboning haromligini bilib oldik, endi ribo oʻzi nima, qanday mollarda ribo boʻladi, riboning illati nima ekanligini oʻrganib chiqamiz.

Ribo soʻzi lugʻatda “ziyodalik” degan ma’noni anglatadi. Faqihlar istelohida esa:

[3] “الربا هو الفضل المستحق لأحد المتعاقدين في المعاوضة، الخالي عن عوض شرط فيه

Ya’ni: “Ribo – bu mol almashtirish jarayonida ikki aqdlashuvchining biri uchun shart qilingan evazdan xoli ziyodalikdir”.  Sodda qilib aytganda bir kishining 100 ming soʻm berib 120 ming olishi ayni ribodir. Mana shu 20 ming ta’rifdagi “evazdan holi ziyodalik”dir.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf riboga quyidagicha ta’rif bergan: “Ribo – molni molga almashtirishda evazsiz ortiqcha mol olishdir”[4]. Ko‘pchilik musulmonlar ribo deganda  qarz berib foizi bilan qaytarib olishni yoki ba’zi banklardagi foizli kreditlar keladi. Lekin jamiyatimizda riboning bundan boshqa koʻrinishlari ham borki, ularga koʻpchilik e’tibor bermaydi yoki riboligini ham bilmaydi. Bu holatlarni bayon qilishdan oldin ribodagi asl qoida bilan tanishib olishimiz kerak. Ribo toʻgʻrisida faqihlar hujjatlangan asosiy dalil quyidagi hadisi sharifdir:

Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: “Tillaga tilla, kumushga kumush, bugʻdoyga bugʻdoy, arpaga arpa, xurmoga xurmo, tuzga tuz tengma teng, qoʻlma qoʻl (sotinglar). Endi agar ushbu mollar bir xil boʻlmasa-yu qoʻlma-qoʻl boʻlsa, xohlaganingizdek sotaveringlar – dedilar.[5]

Hadisda 6 ta riboviy mol sanaldi va ularni bir biriga faqatgina ziyodasiz teng miqdorda va “qoʻlma-qoʻl” bir vaqtda, nasiya qilmay sotish mumkinligi, agar ziyoda qilsa ribo boʻlishi hamda jinslari turlicha boʻlgan vaqt – masalan oltinga bugʻdoy sotilsa qoʻlma qoʻl boʻlish sharti bilan ziyodalik joizligi aytib oʻtildi. Shu va boshqa hadislarga asoslanib faqihlar ribo boʻlishi uchun qanday mollar boʻlish kerakligini hamda ribo ikki turga boʻlinishini aniqlaganlar.

Dastlab qanday narsalarda ribo boʻlishini oʻrganib chiqamiz. “An-niqoya muxtasarul viqoya” asarida quyidagicha keltiriladi:

علته القدر أي الكيل والوزن مع الجنس[6]

“Riboning illati miqdor ya’ni kayl yoki vazn bilan jinsning bir boʻlishidir”

Ya’ni shu sifatlarga ega bo‘lgan mollarda ribo bo‘ladi.

Kayl va vazn – oʻlchov birligi boʻlib, yuqoridagi hadisda keltirilgan bugʻdoy, arpa, xurmo, tuz kabi maxsulotlar kayl bilan oʻlchangan, tilla, kumush kabilar esa vazn bilan oʻlchangan.  Demak, ribo faqatgina kayl yoki vazn bilan oʻlchanadigan, jinsi bir xil boʻlgan narsalarda boʻlar ekan. Hozirgi kunimizda esa tarozida tortib hisoblanadigan mahsulotlarni riboviy mol deyishimiz mumkin. Lekin donalab yoki metrlab oʻlchanadigan narsalarda ribo boʻlmaydi. Masalan, bitta tuxumni ikkita tuxumga, yoki 1 metr matoni 2 metr matoga almashtirish mumkin, bu ribo hisoblanmaydi.[7] Ammo 10 kg unni 15 kg huddi shunday unga almashtirsa ribo boʻladi. Chunki un kayliy mahsulotdir.

Fiqh kitoblarida riboning illatlarini bayon qilgach, aytiladiki:

“إذا بيع الوكيل أو الموزون بجنسه مثلا بمثل: جاز البيع. و إن تفاضل لم يجز.  و إذا عدم الوصفان حل التفاضل و النساء و إذا وجدا حرم التفاضل والنساء . و إذا وجد أحدهما و عدم الآخر:حل التفاضل و حرم النساء.”[8]

“Agar kayliy yoki vazniy narsa oʻz jinsiga tengma-teng sotilsa, savdo joiz boʻladi. Agar ortiqcha boʻlsa, joiz emas. Agar ikkala sifat (kayl yoki vazn va jins bir boʻlishi) topilmasa ziyodasi ham nasiya qilish ham halol boʻladi. Agar ikkala sifat topilsa – ziyoda ham, nasiya qilish ham   harom boʻladi. Agar bir sifat topilib, biri yoʻq boʻlsa ziyoda joiz, nasiya harom boʻladi”. Mana shu ribo haqidagi eng muhim qoidadir.

Yuqorida ribo boʻlishi uchun vazniy yoki kayliy mahsulot boʻlishi hamda jinsi bir boʻlishi kerakligini aytib oʻtdik. Bunday mahsulot oʻz jinsiga tengma teng sotilsa, savdo joiz. Ya’ni 100 kg xurmoni huddi shuncha xurmoga almashtirish joiz. Agar ortiqcha boʻlsa, joiz emas. Ya’ni 100 kgni 150 kg ga almashtirsa. Bunda mahsulotlarning sifati farqli boʻlishi ahamiyatli emas. Agar ikkala sifat topilmasa ziyodasi ham nasiya qilish ham halol boʻladi. Masalan, un evaziga non almashtirsa, bunda ikkisi teng miqdorda boʻlishi shartmas va nasiya qilish ham joiz. Agar ikkala sifat topilsa – ziyoda ham, nasiya qilish ham harom boʻladi.  Masalan, tillani tillaga almashtirishda tengma-teng boʻlsin, ortiqchasi harom hamda qoʻlma qoʻl bir vaqtda boʻlsa, nasiya boʻlmasin, nasiya qilish harom. Agar bir sifat topilib, biri yoʻq boʻlsa ziyoda joiz, nasiya harom boʻladi”. Masalan, tilla kumushga almashtirilsa, ortiqchasi joiz, teng miqdorda boʻlishi shart emas, lekin nasiya qilish harom. Chunki tilla va kumush vazniy, lekin jinsi boshqa-boshqa. Bulardan boshqa holatlarda ham ribo boʻlish-boʻlmasligini shu qoidaga asoslanib chiqarish mumkin.

Hozirgi paytda ribo asosan pul bilan bogʻliq masalalarda kuzatiladi. Oldingi davrlarda tijorat masalalarida oltin va kumush ishlatilgan. Hozirda biz keng foydalanadigan qogʻoz pullar, bank plastik kartalaridagi pullar ham oltin va kumush hukmidadir. Misol uchun zamonamizdagi fiqhiy kitoblardan biri bo‘lgan “Al-fiqhul hanafiy fiy savbihil jadiyd” kitobida: “Ribo barcha naqd pullarda haromdir, ular oltin yo kumush boʻladimi yoki qogʻoz pullar boʻladimi farqi yoʻq”[9] deyilgan. Yuqoridagi qoidadan kelib chiqadiki kundalik hayotimizda ko‘p duch keladiganimiz pul almashtirish jarayonida ham ikki taraf bir vaqtda almashinayotgan pul miqdorlarini bir-birlariga qo‘lma-qoʻl berishlari zarur. Nasiya qilish harom bo‘ladi. Plastik kartadagi pulni naqd pulga almashtirishda ham shu qoidaga asosan pul almashish jarayoni bir vaqtda sodir bo‘lishi talab etiladi. Agar ikki tarafdagi pul jinsi bir xil bo‘lsa, ya’ni so‘mga so‘mni yoki dollarga dollarni almashtirsa ziyoda qilish ham harom bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki kundalik hayotimizda tez-tez duch keladigan savdo-sotiq va boshqa muomalat masalalarida yanada e’tiborli bo‘lishimiz, qaysi holatlarda halol savdo bo‘ladiyu,  qaysi holatlarda ribo bo‘lishini bilishimiz va shunga ko‘ra ish tutishimiz lozim.  Zero ribo gunohi kabiralardan sanaladi, barcha musulmonlar bundan saqlanishga harakat qilishlari vojibdir.

Toshkent islom instituti

talabasi Saydillayeva Jannatxon

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. 11-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2022. – 304 b
  2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Kifoya. 3-juz. – T.: Hilol-Nashr, – 640 b
  3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 1-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2008. – 664 b

الإمام الحافظ أبوالحسين مسلم بن الحجاج النيسابوري. صحيح مسلم. – رياض: بيت الأفكار الدولية، ١٩٩٨.-١٤٧٣ص

  1. الإمام علي بن أبي بكر المرغيناني. الهداية. الجزء الرابع. – المدينة المنورة: دار السراج. ٢٠١٩. ٦٠٨ ص
  2. الفقه الحنفي في ثوبه الجديد. عبد الحميد محمود طهماز. الجزء الرابع. – بيروت: الدار الشامية. ٢٠١٨. ٥٠٤ ص
  3. عبيد الله بن مسعود. النقاية مختصر الوقاية. دار الإيمان للمعرفة. ٢٠١٨. ٢٢٤ ص

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 1-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2008.-286-b

[2] Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Kifoya. 3-juz. – T.: Hilol-Nashr.2023. 133-b

[3]. الإمام علي بن أبي بكر المرغيناني. الهداية. الجزء الرابع. – المدينة المنورة: دار السراج. ٢٠١٩. – ٥٣٣ ص

[4] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. 11-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2022. – B.128

[5] الإمام الحافظ أبوالحسين مسلم بن الحجاج النيسابوري. صحيح مسلم  رياض: بيت الأفكار الدولية، ١٩٩٨.-ص.٦٤٦. حديث ١٥٨٧

[6]عبيد الله بن مسعود.  النقاية مختصر الوقاية. دار الإيمان للمعرفة. ٢٠١٨. ص.١١٥

[7] Qarang: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Kifoya. 3-juz. – T.: Hilol-Nashr.2023. 138-b

[8] الإمام علي بن أبي بكر المرغيناني. الهداية. الجزء الرابع. – المدينة المنورة: دار السراج. ٢٠١٩. – ٥٣٥ ص

[9] الفقه الحنفي في ثوبه الجديد. عبد الحميد محمود طهماز. الجزء الرابع. – بيروت: الدار الشامية. ٢٠١٨. ص. ٢٣٦.

436200cookie-checkRibo va uning turlari

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: