Abu Abdulloh Rudakiy (taxminan 850-941) – fors shoiri boʻlib, fors sheʼriyati asoschilaridan biri boʻlgan. Bu zot fors tilida she’r yozgan yetakchi shoirlardan biri deb hisoblanadi. U nasr va nazmda yangi yoʻnalishni birinchi boʻlib boshlab bergan, rivojlantirgan shoirdir. Bu zotning sheʼrlari gʻazal, ruboiy, qasida, madhiya, marsiya, pandu-hikmat, hasbi hol (ahvol bayoni), mazammat (birovni haq-nohaq yomonlab aytilgan gap, malomat, ta’na), hajv hamda chistoy janrlarida yozilgan. Abu Abdulloh Rudakiy fors-tojik sheʼriyatining deyarli barcha shakllarini ishlab chiqqan. Rudakiy hazratlari Movarounnahrda oʻz sheʼrlaridan devon tuzgan ilk shoir hisoblanadi. Ulugʻ shoir musiqiylik, hayotiylik va go‘zallik jihatdan juda yuksak darajadagi she’rlar yozgan. Abu Abdulloh Rudakiyning axloqqa oid asarlarida aql-idrok, xulq-atvor va bilim asosiy o‘rinni egallagan. Mutafakkir bilimni hamma boyliklardan ustun qo‘ydi. Bu zotning nasihatlari insonning qanday holatda baxtli bo‘lish sharoitlarini aniqlashga yordam beradi. Abu Abdulloh Rudakiyning fikricha, insonning to‘la baxtga ega bo‘lishi uchun to‘rt narsa kerak; sog‘liq, yaxshi odob, yaxshi nom va aql. Mashhur shoir insonlarni voqealarning ichki mohiyatidan uning tashqi tomonini ajrata olishga chaqiradi. U yaxshilik, saxiylik va ulug‘vorlikni targ‘ib qilgan. Buyuk mutafakkir kishilar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamkorlik kishilik jamiyati uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini bir necha bor ta’kidlagan. Bu ulug‘ zotning fikricha, haqiqiy do‘stlik uchun kishilarni hatto turli dinda bo‘lishlari ham to‘sqinlik qilmaydi.
Buyuk shoir Rudakiyning toʻliq ismi sharifi Abu Abdulloh Ja’far ibn Muhammad Rudakiy boʻlib, bu zot taxminan 850-yilda Panjikent shahri (hozirgi Tojikiston mamlakati hududida joylashgan) yaqinidagi “Rudak” qishlogʻida tavallud topgan. Bu davrda Movarounnahr Eron, Hindiston, Xitoy, Misr va Suriya bilan savdo va madaniy aloqalarni yaxshi yo‘lga qo‘ygan edi. X asrda Buxoro, Samarqand, Urganch, Marv, Nishopur, Balx, Zarafshon vodiysining yuqori qismi hunarmandchilik, savdo-sotiq va madaniy markazlarga aylangan edi. Ayniqsa, Buxoro shahri IX-X asrlardayoq Sharqning eng yirik markazlaridan biri bo‘lgan.
Rudakiy taxallusi shu qishloq nomidan olingan boʻlib, rud degan cholgʻu asbobi bilan bogʻliqligi toʻgʻrisidagi fikrlar haqiqatdan yiroq. U alohida qobiliyat sohibi boʻlib, “sakkiz yoshida Qur’onni xatm qilib, qorilikka oʻtgan va she’r ham ijod qila boshlagan. Yoshligidan sheʼriyat va musiqaga ixlos qoʻygan, adabiyotni, arab tilini oʻrgangan. Zamonasining mashhur cholgʻuchisi Abul Abbos Baxtiyordan musiqa boʻyicha taʼlim olgan. Barbat (u udga oʻxshash, dumaloq tanali, qisqa bo’yinli torli cholgʻu asbobi) chang, ud, rud kabi cholgʻu asboblarini chalishni oʻrgangan. “Chiroyli ovozi tufayli ashula aytish va ud asbobini chalishga kirishib, bu san’atda mahorat koʻrsatdi”, – deb ta’riflagan edi hazrat Abdurahmon Jomiy. Dastlabki maʼlumotni o‘z qishlog‘ida olgan yosh Rudakiy ta’lim olish uchun Samarqandga bordi. U yerda chuqur bilim olib, tez orada adabiyot va san’at sohasida ham muvaffaqiyatga erishdi.
Yosh Rudakiyning iste’dodi haqida eshitgan amir Nasr ibn Ahmad uni Buxoroga – somoniylar saroyiga taklif qildi. Uning iste’dodi Buxoroda rivojlanib, kamolga yetdi. Mashhur shoirning tabiat manzaralarini hayratlanarli darajada yorqin tasvirlaganidan kelib chiqib, koʻpchilik uning tugʻma koʻr boʻlganligiga ishonmaydi. 1956 yili ulugʻ shoirning bosh suyagini tekshirib koʻrgan antropolog, haykaltarosh M.Gerasimov koʻz kosasida qolgan izlardan shoirning koʻzi kuydirilib koʻr qilinganligini aniqladi. Adabiy-tarixiy manbalar shoir merosini 700 mingdan 1 million 300 ming misragacha koʻrsatishadi. Ba’zi tadqiqotchi olimlarlar esa undan yuz jild meros qolgan deyishadi. Afsuski, bizga qadar bu muazzam merosning juda oz qismi yetib kelgan. 1956 yili mashur shoir va olim Rudakiyning 1100 yilligi munosabati bilan uning she’rlari bir yerga jamlanganda 1840 misrani tashkil etgan edi. 1957 yili shoir she’rlari zabardast mutarjim va forsiy adabiyot bilimdoni Munirxon Muinzoda tarjimasida oʻzbek tilida ham bosilib chiqdi. Keyinchalik fors-tojik soʻz san’atining yirik tadqiqotchisi va tarjimoni Shoislom Shomuhamedov tarjimasida Abu Abdulloh Rudakiy asarlari yana ikki marta nashr etildi. Yozuvchi Sadriddin Ayniy: “Ustod Rudakiy oʻz she’rlaridan devon tuzgan dastlabki shoirdir”, – deb ma’lumot beradi. “Boʻyi joʻyi Moʻliyon oyad hame” (“Moʻliyon arigʻining boʻyi kelmoqdadir”) misrasi bilan boshlanadigan gʻazali unga favqulodda shuhrat keltirdi. Ilmu adab ahli Rudakiy uslubini “sahli mumtane”, ya’ni “osonu mumkin emas», deb baholaganlar. Shoir Rudakiy arablardagi she’r oʻlchovi aruzni chuqur oʻrganib, oʻz xalqi orasida keng tarqalgan qoʻshiqlar kuyiga tatbiq qilish natijasida bir necha yangi vaznlar ixtiro qilib, aruzni boyitgan. Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, “ustod Rudakiy advor va musiqiy fanida tamom quvvatga ega edi… uning ilmlar va koʻp fanlardan voqifligi bordir. She’riyat turlaridan qasida va masnaviyni (ham) yaxshi aytar erdi. Ustod Rudakiy xosu avom oldida baland martabaga erishgan”. Koʻpgina mashhur soʻz ustalarining yakdillik bilan e’tirof etishlaricha, Sharqda biror shoir Rudakiychalik shon-shuhratga burkanmagan, ayni paytda, Rudakiychalik molu davlatga ham ega boʻlmagan. Afsuski, forsiy she’riyatning ustodi, Odam Atosi deb ulugʻlangan shoir keksalikda qishlogʻiga qaytib, koʻr, qashshoq va kasal holida vafot etadi. Rudakiyni ruboiy janrining yozma adabiyotdagi kashshofi ham deydilar. Chunki janrning barcha talablariga javob beradigan ilk ruboiylar Rudakiy qalamiga mansub. U oʻz ruboiylarida ishq mavzuini keng va chuqur yoritib berdi. Albatta, shoir ruboiylarida falsafiy fikrlar va zamondan shikoyat motivlari ham koʻzga tashlanib turadi.
Hazrat Abu Abdulloh Rudakiy asarlariga eʼtibor berilsa, uning astronomiya va qadimiy yunon falsafasini ham yaxshi tushunganligini ko‘rish mumkin. Mashhur shoir Abu Rudakiy Buxoroda vazir Abul Fazl Balʼamiy homiyligida ijod qilib, sanʼatda katta obroʻ qozongan. Abu Abdulloh Rudakiy 40 yil saroyda shoirlarga boshchilik qilgan. Uning tugʻma koʻr boʻlgani haqida naqllar bor. Aslida saroydagi ig‘vo va fitnalar tufayli dushmanlari mashhur shoir Abu Abdulloh Rudakiyning koʻzlariga mil tortib koʻr qilgan, mol-mulkini talab, oʻzini Buxorodan badargʻa qilishga erishganlar. Qarigan chogʻida Rudakiy oʻz qishlogʻiga qaytib, faqirlikda umr kechirgan. Abu Abdulloh Rudakiyning basirligi (ya’ni ko’rish qobiliyatining yoʻqligi, koʻzi koʻr boʻlish holati) toʻgʻrisida manbalarda turli fikrlar yuradi: bir xillari shoirning onadan koʻr tugʻilganligini ta’kidlasalar, ikkinchilari Buxoro amiri qarmatlikda (IX-X asrlarda yashagan, Ismoiliylar yonalishidan ajralib chiqqan gʻoyaviy harakat boʻlib, ular siyosiy jihatdan ham havfli sanalgan) ayblab, uning koʻziga mil tortganligi (ya’ni uni koʻr qilgan, koʻzini mil (“mil” soʻzining ma’nosi “oʻtkir, ingichka”, “uzun tayoqcha” yoki “temir”, uzoq oʻtmishda bu vosita bilan jazolash, qiynashda koʻproq ishlatilgan) bilan oʻygan degan ma’noni anglatadi) haqida ma’lumot beradilar. Mashhur shoirning tabiat manzaralarini hayratlanarli darajada yorqin tasvirlaganidan kelib chiqib, koʻpchilik uning tugʻma koʻr boʻlganligiga ishonmaydi.
Hazrat Abu Abdulloh Rudakiy taxminan 941-yilda Panjikent yaqinidagi Rudak qishlogʻida vafot etgan.
Manbalarda hazrat Abu Abdulloh Rudakiy sheʼriyati 100000 baytdan iboratligi qayd etilgan. Lekin bizga qadar uning 1000 bayt asari (2 ta qasida, 50 ta ruboiy, sheʼr va dostonlari) yetib kelgan. “Boʻi joʻi Moʻliyon oyad hame” (“Moʻliyon arigʻining isi kelmoqdadir”) misrasi bilan boshlanadigan gʻazali unga favqulodda shuhrat keltirgan. Unga 120 ta shoir tazmin bitgan (yani she’rdan bir parcha olish, ko’chirish), lekin birortasi mashhur shoir Abu Abdulloh Rudakiy darajasiga koʻtarila olmagan. “Modari may” (“Mayning onasi”) qasidasi ham mashhur. “Sindbodnoma” (933), “Qarilikdan shikoyat” avtobiografik asarlari tuda holda, “Davroni falak”, “Kalila va Dimna” va boshqa bir necha masnaviylaridan parchalar yetib kelgan. Qadimiy manbalarda Rudakiyning “Arois annafois” (“Nafis kurtaklar”) dostoni boʻlgani haqida maʼlumotlar uchraydi. Abu Abdulloh Rudakiy va uning izdoshlari forsiy sheʼriyatda bir necha asr hukmronlik qilgan Xuroson (yoki Turkiston) uslubiga asos solib, uni rivojlantirganlar. Abu Abdulloh Rudakiy aruzni chuqur oʻrganib, uni xalq orasida keng tarqalgan qoʻshiqlarga tatbiq qilish natijasida 9 ta yangi vaznlar kashf etgan. Ularning koʻpchiligi xalq qoʻshiqlarining barmoq vaznlari asosida tuzilgan. Abu Abdulloh Rudakiy ruboiylari janrning barcha talablariga javob beradigan dastlabki ruboiylardandir.
Abu Abdulloh Rudakiy X-XV asrlarda tojik va forslar orasida keng tarqalgan mumtoz she’riyat asoschisiga aylanib, Abulqosim Firdavsiy va Umar Xayyom, Sa’diy Sheroziy va boshqa buyuk allomalarni yetishib chiqishiga turtki boʻldi. Mazkur she’riyat ijodkorlari Abu Abdulloh Rudakiyni oʻzlarining ustozi deb hisoblashgan.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Abu Abdulloh Rudakiyning adabiy merosidan bizgacha 2 ta qasida, 50 ta ruboiy, she’rlar, doston va asarlari yetib kelgan. Ammo XII asr shoiri Rashid Samarqandiyning ta’kidlashicha, bironta shoir Rudakiy singari ko‘p asar yozgan emas. Muhammad Avfiyning xabar berishicha, Rudakiy yuzta to‘plam (daftar) yozgan. Qadimgi manbalarda Rudakiyning “Oftob davroni”, “Arois an-nafois” (“Nafis kurtaklar”) va “Sinbodnoma” dostonlari bo‘lganligi haqida ma’lumotlar uchraydi. Uning qasidalaridan “Mening onam”, “Buxoro vasfi” va “Qarilikdan shikoyat” kabilar bizgacha yetib kelgan. Rudakiyning ijodida X asrning ijtimoiy hayoti o‘z aksini topgan. Uning hamma asarlarida xalqning orzu-umidlari, manfaatlari ifoda qilingan. Faylasufning tabiat go‘zalliklarini ifoda etgan asarlari juda jozibalidir. dunyoning tuzilishi, hayot hodisalari, inson feʼl-atvori, xatti-harakatlari haqida falsafiy xulosalar chiqarish, pand-nasihat mashhur shoir sheʼriyatining yetakchi xususiyati hisoblanadi. Hazrat Abu Abdulloh Rudakiy ishqu muhabbatni ham baland pardalarda kuylagan, dunyoviy sevgini ulugʻlagan. Bu zot peyzaj lirikasining ham ustalaridan. Buyuk mutafakkir kishilar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamkorlik kishilik jamiyati uchun muhim ahamiyatga ega ekanini bir necha bor ta’kidlab o‘tgan. Rudakiy hayotni ustoz deb hisoblaydi va undan ta’lim olishga undaydi. Rudakiy asarlarida inson aqlu zakovatiga ishonch kuchli. Asarlarining tili, badiiy ifoda vositalari sodda va tushunarli qilib yozilgan. Tabiatni, Vatanni vasf qilish, axloqiy pandu nasihatlar bilan asarni bezash keyingi mutafakkirlarga Rudakiydan an’ana bo‘lib qoldi. Dunyo, zamon, inson mavzusi, turli illatlardan shikoyat motivlari ham Abu Abdulloh Rudakiy ijodida, xususan, umrining oxirida yozgan sheʼrlarida koʻp uchraydi. Abu Abdulloh Rudakiyning sheʼrlari Munirxon Muinzoda (1957) va Sh.Shomuhamedov (1988, 1994) tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Shoir haqida “Rudakiy” dramasi va “Shoirning qismati” kinofilmi suratga olingan. Rudakiy nomidagi Tojikiston Davlat mukofoti taʼsis etilgan. Ko‘p maktablar, ko‘chalar va madaniyat ob’ektlari mashhur shoir Rudakiy nomi bilan ataladi.
Foydalanilgan Internet saytlari
- www.izoh.uz
- www.tiu-edu.uz
- w.w.w.wikipedia.org
- www.oyna.uz
- www.oriftolib.uz
- www.imlo.uz
- www.arboblar.uz
- www.corp.uzairways.com
“Tillar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Faxriddin Yernazarov tomonidan tayyorlandi.