islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Eng yaxshi suvoriy

Abu Qatoda roziyallohu anhu hayotiga nigoh

Har bir musulmon qalbida ibratli hayoti bilan o’zgacha o’rin olgan sahobalar bo’ladi. Ularning sabrida himmat, sukunatida hikmat, qadamlarida jasorat yashiringan. Abu Qatoda roziyallohu anhu ana shunday ibrat namunasi bo‘lgan sahobalardan biridir, uning har bir amali, har bir so‘zi, har bir qadamida iymonning nafasi seziladi.

Abu Qatoda Horis ibn Rib’iy al-Ansoriy roziyallohu milodiy 606-yilda, ya’ni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hijratlaridan o’n olti yil avval dunyoga kelgan. Nasabi Hazraj qabilasining Banu Salama urug‘iga borib taqaladi. Otasi — Rib‘iy ibn Baldama, onasi — Kabsha bintu Mutahhar edi.

Tarix sahifalarida ko‘pincha kunyasi bilan tilga olingan bu zotning asl ismi borasida ulamolar turlicha fikr bildirganlar: Horis, Amr, hattoki Nu’mon deb zikr qilinadi. Biroq Imom Zahabiy o‘zining tarixiy tahlillarida haqiqiy ismi Horis edi, degan fikrga tayangan.

Abu Qatoda roziyallohu anhu yoshlikdan iymon nurlariga oshno bo‘lgan. Uning Islomni qabul qilishi ko‘pchilik tarixchilarning fikricha, ikkinchi Aqaba bay’ati orqali bo‘lgan. Bu bay’at musulmonlar uchun jasorat sinovi, fidoyilik darsi edi. Abu Qatoda roziyallohu anhu esa bu bay’atda qatnashib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sadoqat bilan ergashishga va’da bergan.

U zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan deyarli barcha g‘azotlarda ishtirok etgan. Faqat Badr jangida qatnashmagani tarixiy haqiqat. Ammo qolgan barcha janglarda, ayniqsa, G‘oba g‘azotida ko‘rsatgan jasorati orqali musulmonlar qalbida suvoriylik timsoli sifatida yodda qolgan.

Shu g‘azotda mushriklardan Mas’ada degan jangchi Muhriz ibn Nazla roziyallohu anhuni shahid etib qochadi. Abu Qatoda roziyallohu anhu bu holga befarq qaray olmaydi. Otiga minib, ko‘nglida g‘azab bilan emas, qasosni haqiqat deb bilgan holda, dushman ortidan quvadi. Nihoyat uni qo‘lga kiritib, shahid do‘stining haqqini oladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu voqeadan so‘ng duo qiladilar: “Allohim, uning sochi va terisini barakali qil!” Va yana: “Bugun suvoriylarning eng yaxshisi Abu Qatoda bo‘ldi”, dedilar. Ba’zi manbalarda keltirilishicha, bir safar Abu Qatoda roziyallohu anhu yovvoyi, hech kim minib bo‘lmaydigan otni tinchlantirib, hech bir jarohatsiz minib ketganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu holni ko‘rib: “Ot bilan inson bir-birini topdi”, deganlar.

Abu Qatoda roziyallohu anhu faqatgina Nabiy alayhissalom davrida emas, balki roshid xalifalar zamonida ham ko‘plab jang-u jadal va fathlarda qatnashganlar. Ayniqsa, Fors saltanati fathida u o’z qo‘llari bilan g’animaga olgani o’n besh ming dinorlik belbog‘ni olib kelib, halollik bilan mo’minlar amiri Umar ibn Xattobga topshirgan.

Rivoyat qilinadi: Tabuk safarida Abu Qatoda roziyallohu anhu ro‘za tutmaganlar, bu holga ayrim sahobalar ajablanishgan. U kishi yo‘lda safar og‘irligidan va ot ustida jangga tayyor holatda bo‘lish uchun ro‘zani ochgan edi. Shu safarda bir guruh ro‘zadorlar chanqashdan qattiq qiynalganida, Abu Qatoda roziyallohu anhu o‘z otlarini so‘yib, uning suvini va go‘shtini ular bilan bo‘lishgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishdan rozi bo‘lganlar.

Har qancha jang maydonlarida yurmasin, Abu Qatoda roziyallohu anhu — ilmni sevuvchi, hadis rivoyatida ehtiyotkor sahobalardan bo‘lgan. Bir kuni o‘g‘illari Ma’bad Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat keltirar ekan: “Rasululloh undoq dedilar, bundoq dedilar…” Abu Qatoda roziyallohu anhu uni to‘xtatib: “Nima deyayotganingni bilasanmi? Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganman: ‘Kim menga ataylab yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdagi joyini tayyorlasin,’” deb ogohlantirganlar.

Abu Qatoda roziyallohu anhudan 170 ta hadis rivoyat qilingan. Ulardan 21 tasi Imom Buxoriy va Imom Muslim tomonidan ittifoq bilan sahih deb topilgan.

Mashhur hadislaridan biri: “Kimki Alloh va Uning Rosuli yo‘lida (jihod qilayotgan) jangchiga yordam bersa, go‘yoki o‘zi ham jihod qilgandek bo‘ladi.” (Imom Muslim rivoyati)

Abu Qatoda roziyallohu anhuning vafoti borasida tarixchilar ikki xil fikr aytadilar: Ba’zilar Kufa shahrida, boshqalar esa hijriy 54-yilda, Madinai Munavvarada, 70 yoshlarida vafot etgan, deyishadi.

Alloh u zotdan rozi bo’lsin!

Toshkent islom instituti 3-kurs talabasi

Ruqayya YUSUFIY

451670cookie-checkEng yaxshi suvoriy

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: