Hijriy IV asrda yashab o‘tgan o‘zining taqvosi va zuhdi bilan insonlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan allomadan biri Imom Jassos, o‘sha davrdagi hanafiy mazhabi mujtahidi, mufassir va faqihi edi. Allomaning asarlari ilmiyligi va murakkab uslubga ega ekanligi bilan farqlanib turadi. Shu bilan bir qatorda u hanafiy mazhabining dalillarini o‘ziga xos daqiqlik bilan ochib bergan. U zot Qur’ondagi oyatlarni tafsir qilib, ulardan olinadigan hukmlarni bayon qilgan. Ularni hanafiy mazhabi qonunlari asosida Qur’on Karimning ayrim jihatlarini yoritib bergan. Abu Bakr Jassos rahmatullohi alayh o‘z zamonasining hanafiy mazhabi imomi sifatida tanilgan.
Mufassirning to‘liq ismi Abu Bakr Ahmad ibn Ali ar-Roziy Jassos rahmatulloh alayhdir. Abu Bakr kunyasi, Ahmad ismi, Ali otasining ismi bo‘lib, Roziy nisbati Ray shahrida tug‘ilganini anglatadi.
Ulug‘ imom Jassos nomi bilan tanilgan. Jassos u kishini laqabidir. Hanafiy mazhabi ulamolari haqida yozilgan ko‘pgina kitoblarda Jassos lafzi bilan keltirilgan. Sam’oniy rahmatullohi alayh o‘zining “Ansob” kitobida Jassos nisbatini ta’riflaydi: “Bu nisba suvash va devorni oqartirish amaliga nisbatan” berilgan.
Tarixchi ulamolarning ittifoqiga ko‘ra, alloma hijriy 305-yil Ray shahrida o‘z ilmi, fazli, taqvosi va pokligi bilan tanilgan bir oilada dunyoga kelgan. Ray shahri Isfahonnning eng katta shaharlaridan biri. Bag‘dodga sharq tarafdan uncha uzoq bo‘lmagan eng obod manzil hisoblanadi. U ona shahri Rayda ulg‘ayib 20 yoshga yetganda Bag‘dodga ilm izlab yo‘lga chiqadi.
Yosh olimning yodlash qobiliyati va zakovoti kuchli bo‘lgan. U zot o‘z tengdoshlari ichida yodlash qobiliyati kuchliligi va fahmining tezligi bilan, Qur’oni Karimni puxta yodlashi ila ajralib turar edi. Buning sababi, u zotning otasi taqvo va fazlda namuna bo‘ladigan shaxs edi. U o‘z yurtidagi barcha mashhur allomalar va olimlardan ilm o‘rganish bilan cheklanmasdan, boshqa shaharlardagi taniqli olimlarga shogird tushgan. Bo‘lajak olim uzoq o‘lkalarga ilmiy safarlar uyushtirib, yangi ilmlar olgan, olimlar va ularning turli asarlaridan istifoda etishga harakat qilgan. Odatda bu kabi safarlar bir necha yil davom etgan.
Abu Bakr Jassos rahmatullohi alayh birinchi marta ilm talabida 325-yilda ona yurti Ray shahridan islom dinining ilmiy-madaniy poytaxtlaridan biri Bag‘dodga yo‘l oladi. U zot u yerda faqih imom shayx Abul Hasan Karxiy rahmatullohi alayh bilan uchrashib, u kishidan ta’lim oladi. Bundan tashqari bir qancha hanafiy olimlaridan fiqh ilmini o‘rganib, uni puxta o‘zlashtiradi. Imom Jassos rahmatullohi alayh keyinchalik Ahvaz va Nisoburga yo‘l oladi. 947-yil Bag‘dodda ocharchilik va qimmatchilik boshlanganda olim Ahvazga ketgan, so‘ng vaziyat iziga tushgach, yana Bag‘dodga qaytib kelgan.
Abu Bakr rahimahulloh ustozi Abulhasan Karxiy rahmatullohi alayhning ko‘rsatmasi va maslahatiga binoan Hokim Nisoburiy bilan Nisoburga ketadi. Imom Jassos rahmatullohi alayh u yerda bo‘lgan vaqtida ustozi Karxiy rahmatullohi alayh 340-hijriyda vafot etadi[1].
Saymariy aytadi: “Abu Bakr Roziy rahmatullohi alayh 344-hijriyda Bag‘dodga qaytadi. Bag‘doddan ancha vaqt ustozlarining o‘rniga talabalarga dars bergan. Imom Jassos rahimahulloh Bag‘dodga qaytguniga qadar Karxiy rahmatullohi alayhning ilm xalqalarini Abu Ali Shoshiy boshqaradi. Imom Jassos Bag‘dodga qaytgach Ali Shoshiy fatvo berish huquqini u kishiga beradi. Bundan keyin imom Jassos rahmatullohi alayh umuman safar qilmagan.
Ustozlari: imom Jassos rahmatullohi alayhning ko‘plab ustozlari bo‘lgan. Ba’zi manbalarda 18 ustozi bo‘lgani aytiladi[2]. Abu Bakr Jassosning ustozlarini ikki guruhga bo‘lib o‘rganish mumkin. Tarojim, tarix manbalarida zikr qilingan ustozlari hamda “Ahkomul Qur’on” va boshqa asarlarida zikr qilingan ustozlari. Lekin ularning hammasi ham kitoblarda keltirilmagan. Ma’lum bo‘lganlari quyidagilar:
- Abul Hasan Karxiy. Alloma Jassos imom Karxiydan fiqh ilmini olgan, bundan tashqari zuhd va taqvoni ham u zotdan o‘rgangan;
- Abu Sahl Zajjoj;
- Abdulboqiy ibn Qoni’. Abu Bakr Jassos ushbu ustozidan ko‘plab hadislar rivoyat qilgan;
- Abul Abbos Asom Nisoburiy;
- Abdulloh ibn Ja’far ibn Foris Isfaxoniy;
- Sulaymon ibn Ahmad Tabaroniy.
Abu Bakr Jassos ilmiy safarlardan unumli foydalangan. Uzoq o‘lkalarga uyushtirgan ko‘p yillik safarlari natijasida olim hanafiy mazhabining yetuk faqihi sifatida tanilgan.
Shogirdlari: Abu Bakr Jassos rahmatullohi alayhdan ko‘plab ko‘zga ko‘ringan ulamolar dars olishgan. Ular quyidagilar:
- Abu Abdulloh Muhammad ibn Yahyo Jurjoniy. Bu zot imom Quduriy rahmatullohi alayhning ustozlari hisoblanadi;
- Abul Husayn Muhammad ibn Ahmad Za’faroniy;
- Abu Bakr Ahmad ibn Muso Xorazmiy;
- Abulfaraj Ahmad ibn Muhammad ibn Umar. U zot Ibn Muslima nomi bilan mashhur bo‘lgan;
- Abu Ja’far Muhammad ibn Ahmad Nasafiy;
- Abulhusayn Muhammad ibn Ahmad ibn Toyyib Kamoriy. Bu kishi Ismoil Qozi Vositning otasidir;
“Al-Bidoya van nihoya” asarida shunday keladi: “Abu Bakr Roziy o‘z zamonasining hanafiy imomi edi. U kishidan ta’lim olish uchun dunyoning turli o‘lkalaridan talabalar oqib kelishardi”.
Abu Bakr Jassos rahmatullohi alayh ko‘plab asarlar yozgan hamda bir qancha kitoblarga sharh yozgan. Jumladan:
- “Ahkomul Qurʼon”. Qurʼon oyatlaridan hukm olgan hanafiy fiqhidagi mashhur kitoblardan hisoblanadi. Bu Roziyning oxirgi asarlaridan biridir;
- “Sharhu Muxtasari Karxiy”. Ushbu asarda muallifning yuksak mahoratga ega ekani ko‘rinadi. Hanafiy mazhabini daqiq jihatlarini, usul va furu’larini to‘la anglatgan, buni tushungan kishigina asarning tub ma’nolarini ilg‘ay olishi mumkin;
- “Sharhu muxtasar al-fiqh”;
- “Sharhul jome ul-kabir”. Ushbu kitob Abu Hanifa rahmatullohi alayhning shogirdi imom Muhammad rahmatullohi alayhning asari.
- “Sharhu asmail husna”;
- “Kitob fiy usul al-fiqh”;
- “Sharhul jome’ us-sag‘ir”. Bu asar ham Abu Hanifa rahmatullohi alayhning shogirdi imom Muhammad rahmatullohi alayhga tegishli;
- “Sharhul manosik”. Ushbu kitob ham Abu Hanifa rahmatullohi alayhning shogirdi imom Muhammad rahmatullohi alayhning asari hisoblanadi;
- “Sharhu osor at-Tahoviy”;
- “Muxtasar ixtilof ul-fuqaho at-Tahoviy”;
- “Javoba ul-Masoil”;
- “Adabul qozi”.
Shamsul aimma Halavoniy rahmatulloh alayh: “Abu Bakr ar-Roziy Jassos rahmatullohi alayh ilmda tanilgan katta olim kishidir. Agar unga taqlid qilsak, uning gapini olamiz. Qanday endi mujtahidning muqallidga taqlidi durust bo‘ladi?”, – deb aytgan.
Tarixiy manbalarda Abu Bakr Jassosning turli ilm sohalarida ulkan muvoffaqiyatlarga erishgani ta’kidlanadi. Buni olimga berilgan nom va unvonlardan ham bilib olish mumkin. Tarixchilar va olimlar Abu Bakr Jassos rahmatullohi alayhni “Imom”, “Hujjatul islom”, “Mufassir”, “Hofiz”, “Muhaddis”, “Fozil”, “Faqih”, “Mujtahid”, “Muftiy”, “Iroq olimi” kabi bir qator unvonlar bilan zikr qiladilar.
Allomaning asarlari ilmiy teranligi va murakkab uslubga egaligi bilan farqlanib turadi. Bu bilan bir qatorda fiqhiy mazhablar, xususan, hanafiy mazhabining sir-asrorlarini va o‘ziga xos daqiq jihatlarini aniq yoritib bergan. Mazhabga tegishli masalalarni chuqur ildizlarigacha tahlil qilgani diqqatga sazovordir. Ayniqsa, olimning fiqh ilmi bo‘yicha erishgan yutuqlari alohida ahamiyat kasb etadi.
Abu Bakr Jassos ham usul al-fiqh, ham furu’ al-fiqhni mukammal egallagan yetuk olim faqih bo‘lgan. Shu bois u zot manbalarda faqih sifatida tilga olinadi. Jumladan, Ibn Kasir ham Abu Bakr Jassosning imom darajasidagi olim ekanini ta’kidlagan, uning hanafiy mazhabi faqihi ekanini bildirib “Hanafiy mazhabi faqihi Ahmad ibn Ali Abu Bakr Roziy” iborasi bilan ifodalagan[3].
Abu Bakr fiqh ilmida ko‘proq shuhrat qozongan. Abdulhay Laknaviy bunday yozadi: “Bag‘dod faqihlari fiqhni Abu Bakr Jassosdan olishar edi.
Abu Bakr Jassos hanafiy mazhabi rivojiga o‘zining sharhlari va bir qator asarlari bilan katta hissasini qo‘sha oldiki, bu asarlar u yashagan davrda ushbu mazhab fiqhi va usuliga tegishli masalalarning nozik qirralarini ochib berishda ishonchli, mo‘tabar manbalardan hisoblanadi. Uning ilmiy merosi olimning teran tafakkuri, o‘tkir zakovatiga dalolat qilib, fiqhiy masalalarni talqinida ortiqcha tafsilotlardan tiyilishi bilan boshqalardan ajralib turadi.
Bu zot zuhd va taqvoda ustozi Karxiy rahmatullohi alayhning yo‘lini tutgan edi. Allomaning taqvosi shu darajada mashhur ediki, u zotga bir necha marotaba qozi bo‘lishni so‘ralgan, lekin Jassos rahmatullohi alayh bundan bosh tortgan. Bu borada faqih ustozi Abul Hasan Karxiy rahmatullohi alayhga ergashgan. Chunki imom Karxiy o‘ziga sulton tomonidan qozilik mansabi taklif qilinganda rad etgan. Imom Karxiy rahimahulloh qozilik mansabiga o‘tirmaslikni shogirdlariga qattiq ta’yinlar edi.
Xotib Bag‘dodiy aytadi: U kishi zohidlikda mashhur, taqvodor edi. Yoshligida Bag‘dodga kelgan. Abul Hasandan fiqh ilmidan dars olgan. Fiqh ilmini to‘xtamasdan tinmay jiddu-jahd bilan o‘rgandi va fiqh ilmida peshqadam faqih olimga aylandi. U kishining oldiga uzoq o‘lkalardan ham fiqhni o‘rganish istagida ilm toliblari kela boshladi. U kishiga Bag‘dod qoziligi taklif qilindi, bosh tortdi. Taklif bir necha bor takrorlandi. U kishi rad etdi[4].
Abu Bakr Jassos ar-Roziy hijriy 370-yilda Bag‘dod shahrida vafot etgan.
Islom dini biz musulmonlarni har bir narsadan ibratlanishga buyuradi, xoh u bir voqea bo‘lsin, xoh bir insonning umr yo‘li. Imom Jassosning ham hayoti va ilmiy faoliyatini o‘rganib chiqqan kishi u zotdan o’rnak olishi tayin. Bunday olimning ilm va taqvolari har doim biz musulmonlarga namuna bo‘lsin.
Sadriddin ABDUKARIMOV,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti
4-kurs talabasi
[1] Abu Bakr Jassos. Al-fusul fi al-usul. At-Turos al-Islomiy. 1994. – J. 1. – B. 14.
[2] Axmedov Burxon Abduraxmonovich “Abu Bakr Jassos “Ahkom Al-Qur’on” tafsirining hanafiy mazhabi rivojidagi ahamiyati” Qur’onshunoslik. Hadisshunoslik islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (phd) dissertatsiyasi avtoreferati. – Toshkent: 2019.
[3] Imoduddin Abul Fido Ismoil ibn Kasir al-Qurashiy ad-Dimashqiy. Al-bidoya va an-nihaya. – Bayrut: Dar ihya at-turos al-Arabiya, 1997. – J.11. – B. 221.
[4] Hofiz Abu Bakr Ahmad ibn Ali al-Xatib al-Bag‘dodiy. Tarixi Bag‘dod. – Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiya, 2011. – J.5. – B. 87.