Muhaqqiq olim Ar-Roziyning toʻliq ismi Muhammad ibn Hasan Roziyuddin al-Astrobodiy boʻlib, Eronning tarixiy shahri boʻlgan Astrobodda tugʻilgan. U nahv va sarf ilmiga yuksak salohiyati, oʻtkir zehni va taʼlif qilgan kitoblari tufayli “Najmul-aimma” (imomlar yulduzi) laqabini olgan. Juda mashhur olim boʻlishiga qaramay, u haqidagi maʼlumotlar tarjimayi hol kitoblarida juda kam uchraydi.
Imom Suyutiy “Bugʻoyatul-viaʼat” nomli asarida “Ar-Roziy” laqabi bilan mashhur ekanini aytadi. Shuningdek: “Men uning ismiga voqif boʻlmadim va tarjimayi holidan ham biror narsa topa olmadim”, deb yozib qoldirgan.
Ar-Roziy laqabi muallifning Roziyuddin nomidan qisqartma tarzda olingan boʻlib, uni Ray shahri olimlari bilan adashtirmaslik lozim. Baʼzi manbalarda uning nasabi Ali roziyallohu anhuga borib taqalishi ham aytiladi.
Moʻgʻullar bosqinidan keyin Ar-Roziy avval Iroqqa, keyin esa Arabiston yarim oroliga, Madinai Munavvaraga koʻchib keladi va nahv ilmida mashhur Ibn Hojibning “Kofiya” asariga sharh oʻlaroq “Sharhul Kofiya” asarini masjidi Nabaviyning aynan Ravzai Sharifida yozib tugatadi. Bu sharh nahv ilmida juda qimmatli asar hisoblanib, uni “Ash-sharh al-kabir” yaʼni “Eng katta sharh”, deb ham nomlangandir.
“Sharhul Kofiya” asarini dunyoga kelish tarixi haqida musannifning oʻzi kitob muqaddimasida, nahv fanidan dars olgan shogirdlaridan birlari Ibn Hojibning “Kofiya” asariga sharh-taʼliq yozib berishini iltimos qilgan. Bu taklifga labbay deb ijobat qilgan alloma Roziy har bir masalani asillaridan furuʼlarigacha chuqur tahlil qilib, ishga astoydil kirib ketgani sabab hajm va mazmuni jihatidan ham yirik sharh yuzaga kelgan.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Ar-Roziy “Kofiya”ga yozgan sharhida oʻsha davrda nahv fanining eng asosiy taʼlimot markazlari hisoblangan Basra maktabiga ham, Kufa maktabiga ham toʻla tayanmagan, balki keyinchalik paydo boʻlgan Bagʻdod maktabi uslubiga amal qilgan. Yaʼni u qaysidir olimning soʻziga ergashmay, balki har bir masalani oʻzlari batafsil naqliy va aqliy dalillar bilan tahqiq qilib oʻrgangan va oʻzi keltirgan dalilini quvvatliroq degan yoʻlni tanlaganlar. Albatta bunday yoʻlni tutishda yetarli bilim, mustahkam malaka, uzoq yillik tajriba hamda juda koʻp allomalarning xulosa va qarashlarini puxta oʻzlashtirish samarasi yotganini eʼtirof etish lozim. Bu asar oʻz zamonida ham, undan keyin ham olimlar tomonidan eʼtirof etilib, juda qadrlangan, koʻplab olimlar oʻzlarining kitoblarida mazkur asardan hujjat sifatida foydalanganlar.
Imom Jaloliddin Suyutiy: “Bu kitob nafaqat Kofiyaga, balki umuman nahv ilmiga doir kitoblardagi mavzularni qamrab olishi, tahqiq qilish va dalillarni keltirish jihatidan misli koʻrilmagan darajadagi asardir”, deb taʼriflagan. Ushbu kitobga izoh-hoshiya yozgan olimlardan Sayyid Sharif Jurjoniy esa mazkur asarni “ahamiyati katta, maqtovga sazovor, bu fanning asllarini jamlagan” deb sifatlagan. Abdulqodir al-Bagʻdodiy esa “Xizanatul-adab” kitobi muqaddimasida mazkur sharh va uning muallifi haqida soʻz yuritib: “Albatta, boshqa nahv kitoblari bu kitobdan keyin nasx qilingan shariat kabidir”, deb yozadi. Bu fikrlarning barchasi asarning ilmiy qiymati juda kattaligini koʻrsatadi.
Imom Ar-Roziy Ibn Hojibning sarf ilmiga oid “Shofiya” asariga yozgan sharhi bilan ham mashhurdir.
Imom ar-Roziy mazkur sharhni hijriy 686-yili (mil.1287) nihoyasiga yetkazgan. Alloma ar-Roziy baʼzi manbaʼlarda 686 yoki 688 hijriy yilda vafot etgani aytilgan.
Muxamatdin NAJIMATDINOV,
TII 2-kurs talabasi
Foydalanilgan manbalar:
- Sharhul kofiya; ar-Roziy
- Abjad ul-ulum; Siddiq Hasanxon.
- Bug’yat ul-via’at ; Suyutiy
- Madaris un-nahviyya; Shawqiy Doif
Nashat un-nahv va tariyxi ashhur an-nuhat; Muhammad Tantoviy.






