Har bir mo’min-musulmon umri davomida solih amallarni ko’proq qilishga harakat qiladi. Bunga bor imkoniyati va quvvatini sarflaydi. Ko’proq amal qilib oladigan davr esa yoshlik davridir. Zero, Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Jin va insonni faqat Menga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Zoriyat surasi, 56-oyat).
Biz yoshlar odatda o’zimizga yoqqan mashhur shaxslarga o’xshashga, ularga taqlid qilishga harakat qilamiz. Biz taqlid qiladigan insonlarni ko’pi mashhur qo’shiqchi, artist, yozuvchi, ishbilarmon, futbolchi yoki qaysidir sport chempioni bo’ladi. Bir bularni yomon demoqchi emasmiz, ammo biz bu masalaga xulq, odob va shariat yuzasidan olib qarashimiz lozim.
Yaxshi o’qish, yaxshi ish va kasb egasi bo’lishga harakat qilgan yoshlar oliy o’quv yurtlariga tayyorgarlik ko’rishadi. Oliy o’quv yurtida o’qiydigan talabalar darsdan tashqari qo’shimcha kitob o’qish yoki o’z sohasi bo’yicha biror ish qilishadi. O’zlaricha kun tartibi tuzishadi, kelajakdagi ishlarini rejalashtirishadi. Shu davr mobaynida turli insonlar, yozuvchi siyosatchi yoki shunga o’xshash mashhur shaxslarni, xattoki, shariatga zid din asoschilarining (konfutsiy vahokazolar) gaplarini o’zlari bilib-bilmay shior qilib olishadi. Doimo esda saqlash uchun o’z xonalariga ko’zi tushib turadigan joyga ilib qo’yishadi, yodlashga harakat qilishadi. To’g’ri bunday qilish insonga darsga bo’lgan ishtiyoqni, shijoatni, maqsadga yetish uchun qanchadir miqdorda yordam beradi. Lekin biz yoshlar Qur’oni Karimni o’zimizga dasturilamal qiladigan bo’lsak, unda kelgan yoshlar to’g’risidagi oyatlarni o’rganadigan bo’lsak, ularning shijoati, g’ayrati, din yo’lida chekkan mashaqqatlarini o’zimizga o’rnak qiladigan bo’lsak boshqalarning iqtiboslariga hech qanday o’rin qolmaydi.
Qur’oni Karimda Alloh taolo yoshlarni aqlan va jismonan barkamol, iymon va haq uzra ilg’or va sobitqadam insonlar sifatida gavdalanadi. Qur’onni o’ziga dasturilamal qilgan yoshlarning aqli teran, jismonan baquvvat, iymoni mustahkam, azmu qarori kuchli bo’ladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda g’or ahli kabi yoshlarni misol keltirib, bizni ulardek amal qilishga va ularning yo’llarini tutishga chaqiradi. Qilgan ishlari ulug’, darajalari yuqori bo’lgani uchun Alloh taolo ularning qissasini Qiyomat kunigacha tilovat qilinadigan qilib qo’ydi. Kahf surasida zikr qilingan yoshlar rumlik aslzoda va oliyjanob kishilarning farzandlari edi. Ular qavmlari sig’inadigan butlarga ibodat qilishdan yuz o’girdilar va jamiyatlarida avj olgan botil amallarni tark qildilar. Qavmlari tomonidan tazyiqqa uchraganlarida esa haq e’tiqodlarini asrash uchun bir g’orga berkindilar. Dunyoning o’tkinchi lazzatlariga e’tibor bermadilar, shahvatlarga berilmadilar va malomatchilarning malomatidan qo’rqmadilar. Shu sabab, Alloh iymon yo’lida sobitqadam bo’lishda ularni butun olam ahliga namuna qildi.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Biz senga ularning xabarlarini haq ila qissa etib beramiz. Ular – Robblariga iymon keltirgan va Biz yanada ziyoda hidoyat bergan yigitlardir” (Kahf surasi, 13-oyat).
Alloh taolo iymonlari sababli ularning hidoyatini ziyoda qildi! Allohga yaqin bo’lishni istaganlari uchun Alloh ham ularga yaqin bo’ldi! Alloh ularning qalbidagi iymonni mustahkam qildi, sabr bilan quvvatladi. Shu sababli ular vatandan, oilasidan va birodarlaridan ayrilish iztirobiga sabr qila oldilar. Xavf-xatarning ortishi va kofirlarning ko’pligi ularni qo’rquvga solmadi. G’or ahli bo’lgan yigitlar hayotining eng kuchga to’lgan davrini Alloh taoloning roziligi yo’lida sarfladilar va o’z maqsadlariga erishdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida Qiyomat kunida Alloh taolo O’z arshi soyasi bilan soyalantiradigan yetti toifa insonlarni sanadilar. Ular ichida yoshligini ibodat bilan o’tkazgan yigitni ham zikr etdilar. Naqadar ulug’ daraja!
Yosh musulmondagi aqliy quvvat hayotda o’zi duch kelishi mumkin bo’lgan muammo va qiyinchiliklarni bartaraf etishga yordam beradi. Jismoniy quvvati esa unga o’zi orzu qilgan maqsadlar sari dadil odimlashga ko’maklashadi. U gapirganda yumshoqlik va ohistalik ila gapiradi, biron narsa borasida izlansa, shijoat-la harakat qiladi va maqsadiga erishmay qo’ymaydi. Suyganlari orasida o’zini mayin ipakdek muloyim tutsa, o’zi yoqtirmaganlar orasida o’zini metindek salobatli va viqorli tutadi. U Abu Bakr roziyallohu anhuning yuksak iymonini, Ali roziyallohu anhuning kuch-quvvat va shijoatini, Abu Zarr roziyallohu anhuning zuhd va taqvosini hamda Salmon Forsiy roziyallohu anhuning sadoqatini o’zida mujassam etadi. Yosh musulmon jamiyat orasida farosati, odob-axloqi bilan taniladi. U tunlarini ibodat, saharlarini duo va istig’for bilan o’tkazib, solih amallar borasida farishtalar bilan bellashadi.
Yuqoridagi iqtiboslardan bizga Qur’oni Karimni dasturilamal qilib olishimiz, Payg’ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdan va u zotning as’hoblaridan o’rnak olib, hayotimizning muhim pallasi yoshlikni g’animat bilishimiz darkor.
Toshkent islom instituti 4-kurs
talabasi Abduraxmonov Axror