islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Nasx so’zidagi majoz va haqiqat

Lugʼat va usul ulamolari kitoblaridan nasx soʼzining maʼnolari, ishlatilish oʼrinlari borasida koʼplab maʼlumotlar topishimiz mumkin. Jumladan, Аbu Jaʼfar Nahhos oʼzlarining “Аn-nosix val-mansux fil-Quranil-karim” asarida quyidagicha keltiradi:

“Nasx ikki narsadan kelib chiqqan: birinchisi, agar quyosh soyani ketkazsa quyosh soyani nasx qildi, deyiladi (bunda ketkazish degan maʼnodan olingan boʼladi). Ikkinchisi esa, kitobni nasx qildim, deysiz, agar undan bir nusxa koʼchirsangiz. Nasx va mansux mana shu ikkisiga koʼra boʼladi” .

Muhammad Аli Sobuniy hafizahulloh esa nasx 3 xil maʼnoda: o’chirish, ketkazish va almashtirish ma’nolarida ishlatilishini bayon qilganlar.

Endi nasx, va undan kelib chiqqan nosix va mansux lafzlariga to‘xtalib, ularning nima ma’no anglatishiga nazar solamiz.

Nasx – nasx qilmoq, nasx ishini bajarmoq ma’nolaridagi o‘zak so‘z bo‘lib, nasx lafzi qaysi ma’no anglatishidan qat’iy nazar o‘sha ishning sodir bo‘lishi tushuniladi. Quyoshning nurni ketkazishi, kitobning ko‘chirilishi va hokazolar.

Nosix – nasx qiluvchi, nasx ishini bajaruvchisi tushuniladi. Masalan quyosh, kitobni ko‘chiruvchi kishi va boshqa ma’nodagi o‘rniga qarab o‘sha ishni bajaruvchilar.

Mansux – nasx qilingan, nasx ishi uning ustida bajarilgan narsa tushuniladi. Masalan quyosh ketkazayotgan soya, kitobdan ko‘chirilgan narsa va boshqa ma’nodagi o‘rniga qarab  qilingan ish tushuniladi.

Shariatdagi hukmlar yoki oyatlarda misol qilsak:

Biror hukmni bekor qiluvchi oyat yoki hukm nosix, bekor qilingan oyat yoki hukm mansux, mana shu  ishning amaliyoti esa nasx bo‘ladi. 

Nasx va undan kelib chiqqan so’zlarning lug‘aviy ma’nolari hamda ular borasida aytilgan ta’riflar haqida ma’lumotga ega bo‘ldik. Ushbu  ma’lumotlarga asoslangan holda nasxning ketkazish va ko‘chirish ma’nolariga bir xil kuchga teng tarzda dalolat qiladi, desak bo‘ladi. Yoki ikkisidan biri haqiqiy ma’no, ikkinchisi majoziy ma’no bo‘lishi mumkin. Ulamolar nasx lafzidagi asosiy ma’no qaysi ekanligi borasida to‘rt xil qarashlarni olg‘a surganlar[1]. Quyida ular haqida batafsilroq o‘rganamiz:

  1. Nasx so‘zi ikki ma’noda ham haqiqat, ikki ma’noni anglatishda teng kuchga egadir. Bu Abu Bakr Boqilloniy va G‘azzoliylarning[2]

Birinchi fikr tahlili. Ushbu fikrni olg‘a surganlar ikki ma’no – ketkazish hamda ko‘chirish ma’nolarida lafzan mushtarak deyishlari bilan birga bitta lafz ikki ma’noda teng kuchga ega, biri ikkinchisidan ustun emas, degan bo‘ladi. Shunda ikkalasiga ishlatilganligiga binoan mushtarak deb hukm qilish lozim bo‘lib qoladi. Lafzning bir ma’noga ishlatilishidagi asl qoida esa haqiqat bo‘lishi kerak[3]

  1. Nasx so‘zi ko‘chirish, naql qilish ma’nolarida haqiqatdir. Bu Qaffol Shoshiy[4]ning so‘zidir.

Ikkinchi fikr tahlili. Bu fikr egalari nasx –  ko‘chirish ma’nosida haqiqat, deb qarashlari ikki xil asoslanadi:

  • Sizning “kitobni nusxa qildim” degan gapingizda agar ko‘chirish haqiqat bo‘lsa, maqsadimiz o‘sha bo‘ladi. Agar majoz deb qarasangiz u ketkazish ma’nosidan isti’ora bo‘la olmaydi. Chunki nusxa qilingan narsa ketkazilgan ham emas, yoki ketkazishga o‘xshagan narsa ham emas. Demak, ko‘chirish ma’nosiga o‘xshaganligi uchun o‘sha ma’nodan isti’ora qilingan bo‘ladi. Ko‘chirish  ma’nosidan isti’ora qilingan bo‘lsa o‘sha ma’noda haqiqat ham bo‘ladi. Bitta  ma’noda sheriklikni daf qilish maqsadida undan boshqa ma’noda majoz bo‘ladi.
  • Nasx lafzining ko‘chirish ma’nosida ishlatilishi juda ham ko‘p, ketkazish ma’nosida esa avvalgiga nisbatan kamroq. Shunday ekan ishlatilishi qaysi ma’noda ko‘p bo‘lsa o‘sha ma’noda haqiqat bo‘ladi, kamroq qo‘llanilganida esa o‘z-o‘zidan majoz bo‘lib qoladi. Chunki haqiqat ishlatilish jihatidan majozdan ko‘proq bo‘ladi. Shu boisdan qaysi o‘rinlarda ozgina foydalanilgan o‘rinlarda haqiqat qilish joiz emas[5].
  1. Nasx so‘zi ketkazish, yo‘qotish ma’nolarida haqiqat, ko‘chirish ma’nosida esa majozdir. Bu Imom Ar-Roziy[6]ning ixtiyor qilgan fikri bo‘lib, bu fikrga Abul-Husayn Basriy ham yurgan.

Uchinchi fikr tahlili. Bu fikrdan esa nasx lafzini ketkazish ma’nosida haqiqat ekani ikki xil uslubda ta’kidlanadi.

Birinchidan, lafz faqat shu ikki ma’noda umumiy ishlatilgan. shunday ekan naql (ko‘chirish) ma’nosida haqiqat bo‘la olmaydi. Negaki, kitobni nusxa qildim degan gapingizda haqiqatda kitobning aniq o‘zini nasx qilinganini ko‘rsatib bera olmaydi, balki bu uning o‘xshashidir. Shunday ekan, majozni ko‘pligini aytib o‘tirmagan holda ham ketkazish ma’nosida haqiqat bo‘lishi tayin topadi.

Ikkinchidan, ko‘chirishning ma’nosi xosroq, ketkazish ma’nosi esa umumiyroqdir. Buning sababi ko‘chirish – bir narsaning sifatini yo‘q bo‘lishi, boshqa sifatning paydo bo‘lishini ifodalaydi. Ketkazish esa mutlaqo yo‘qotish demakdir. Lafz umumiy va xos lafzning o‘rtasida aylanadigan xosni lafzni qo‘yib umumiy ma’noda haqiqat qilib olinishi avloroq hisoblanadi.  Chunki umumlikda yanada ko‘proq foyda bo‘ladi.

  1. Nasx so‘zi ikkala ma’noda ham ma’nan mushtarok hisoblanadi. Bu gapni Shavkoniy rohimahulloh Burhon kitobida Ibn Munirga tegishli deb aytgan[7].

To‘rtinchi fikr tahlili. Nasx lafzining ko‘chirish va ketkazish ma’nosida ma’nan mushtarak degani quyidagichadir:

Darhaqiqat, quyoshning soyani ketkazishi va kitobdan nusxa olishda ma’lum miqdor mushtaraklik bor. Bu aslida ko‘tarishlik hukmi bo‘lib, soyada bo‘lganda ochiq oydin bo‘ladi. Chunki bu yerda soyaga zid narsa yordamida soya ketdi. Ammo kitobni nasx qilish borasida kotarishlik ma’nosi uzrli bo‘lib qoladi. Negaki, yozish yordamida kitobdan ko‘chirilgan gaplar faqat asl nusxadangina ifoda oladi xolos. Ifodalab berish esa asl nusxaga xos edi. Demak, o‘sha asl ko‘chirilganligi natijasida faqatgina unda bo‘lgan ifodalab berishning unga xosligi ko‘tarildi.  Natijada  soyaning ko‘tarilishi va xoslikning ko‘tarilishi “ko‘tarilish” deb nomlangan ma’noda barobar bo‘lib qoldi.

Ba’zilar ikkalasining o‘rtasidagi “ma’lum miqdor mushtaraklik” o‘zgartirishlikdir, deyishgan. Shunday qilib nasx ikki  ma’no o‘rtasida ma’no jihatidan mushtarak bo‘lib qoladi[8].

O‘rganilgan ma’lumotlarga ko‘ra ulamolarning deyarli barchasi nasx so‘zi ketkazish, ko‘chirish va o‘zgartirish ma’nosida qo‘llanilishiga ittifoq qilishgani, qaysi ma’noda haqiqat va qaysi ma’noda majoz ekanligi aslida muhim emasligi, buning natijasida katta farqlar ham ilmiy maqsad-manfaatlar ham vujudga kelmasligini ta’kidlashgan.  Bu yerda keltirganimiz boisi shu kabi bahslar borligini bildirib qo‘yish maqsad edi. Qolaversa oz bo‘lsa-da bu bahsdan ilmiy maqsad bor degan ulamolar ham topiladi.

Ushbu aytilgan fikrlarni o‘rganib, ulamolarning ular haqidagi qiyosiy ma’lumotlaridan kelib chiqib, “Nasx so‘zi ketkazish, yo‘qotish ma’nolarida haqiqat, ko‘chirish ma’nosida esa majozdir” degan fikr afzalroq ekani ma’lum bo‘ladi. Chunki lug‘at jihatidan ishlatilish o‘rniga binoan ko‘chirish ma’nosida majoz ekanligi zohirroqdir. Negaki kitobni ko‘chirganlik bilan undagi narsa o‘zida asli qanday bo‘lsa shunday boqiy qoladi. Undagi nusxa olindi, degan ma’no esa ko‘chirilish lafzidan majozan qo‘llangan. Demak ko‘chirilish ma’nosida majoz bo‘lsa, undan boshqa lafzda haqiqat bo‘ladi. Bu esa o‘z-o‘zidan ketkazish ma’nosida haqiqat deganidir[9].

Аxmatqulov Elyorjon Odilbek oʼgʼli

Oʼzbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti,

Toshkent islom instituti oʼqituvchisi

[1] Doktor Nodiya Sharif Umro.  “An-nasx fiy dirosatil-usuliyyin”. 25-bet “Muassasatur-risala”. Bayrut 1985 y.

[2] Mashhur usulchi. hujjatul-islom. Abu Homid  Muhammad ibn Muhammad Gʻazzoliy Xurosonga qarashli Tus shahrida hijriy 450-yilda tugʻilib. 505 – yilda vafot etganlar. Islom ilmlarinig deyarli barchasida yetuk bilim sohiblari boʻli. 200 dan ortiq asarlar yozib qoldirgan.

[3] “Sharhu usulil-Pazdaviy”. 3/875.

[4] Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiy 291 yilda Shosh (Toshkent)da tavallud topganlar. Ilm talabida Iroq. Shom. va Hijozga safarlar qilganlar. Aqida. fiqh. usul. lugʻat va adabiyot ilmlari bilimdoni boʻlgan. 365 – yilda vafot etgan. Mashhur asarlari: “Kitob fi usulil-fiqh”. “Daloilun-nubuvvat”. “Mahosinush-shariat”.

[5] Doktor Nodiya Sharif Umro.  “An-nasx fiy dirosatil-usuliyyin”. 25-bet “Muassasatur-risala”. Bayrut 1985 y.

[6] Mutakallimlar imomi. Abulfazl Muhammad Faxriddin ibn Ziyouddin Taymiy Shofeʼiy. 543 yilda Ray shahrida tavallud topgan. 606 – yilda vafot etgan. Mahsul fil-usul asari mashhur.

[7] Shavkoniy. Irshodul-fuhul. 183 bet

[8] O’sha manba.

[9] Abu Husayn Basriy. “Muʼtamad”. 1/395.

436150cookie-checkNasx so’zidagi majoz va haqiqat

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: