Annotatsiya. Ushbu maqolada tajvid ilmining yetuk namoyondasi, hofiz, muhaddis, faqih Muhammad ibn Jazariy rahmatullohi alayhning hayoti va mehnatlari aks ettirilgan.
Kalit so’z: Tajvid, Qur’on tilovati, tajvid va Qur’on ilmi, Islom olimlari, Muhammad ibn Jazariy rahmatullohi alayh, Qur’on tilovati tarixi.
Qiroat va tajvid ilmi eng muhim ilmlardan hisoblanadi. Chunki Qur’on Alloh taoloning Kalomi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan eng oxirgi ilohiy kitobdir. Shunday ekan Qur’onni har bir musulmon kishi bexato va tajvid qoidalariga rioya qilgan holda o‘qishi lozim.
Tajvid ilmining tarixi, u haqda yozilgan kitoblar, tajvid ilmida ijod qilgan ulamolar haqida juda ham ko‘p risolalar yozilgan, kitoblar nashr qilingan. Yurtimizda ham bu ilm anchagina rivojlanib bormoqda. Ustozlarimiz tomonidan tajvid va qiroat ilmiga doir kitoblar chop etilmoqda. Bu kitoblarni o‘qigan yurtdoshlarimizda esa tajvid ilmi, uning naqadar muhim ilmlardan ekanligi xususida yetarlicha tushuncha shakllanib ulgurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin sahobalar ichida Qur’onni xuddi u zotga nozil qilinganidek o‘qiydigan qorilar talaygina edi. Ular o‘z bilimlarini tobeinlarga, tobeinlar esa o‘zlaridan keyingilarga meros qoldirishdi. Qur’onni bizgacha hech qanday o‘zgarishsiz, ilk nozil bo‘lgan paytdagi kabi yetib kelishida ana shu zotlarning xizmatlari beqiyosdir.
Shunday ulamolardan biri zabardast olim, tajvid ilmining yetuk namoyondasi, hofiz, muhaddis, faqih Muhammad ibn Jazariy rahmatullohi alayhdir.
U zotning to‘liq ismi Abul Xayr Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Ali ibn Yusuf Jazariydir. Jazariy nisbati u kishining yashagan joylariga emas, balki ota-bobolariga tegishli bo‘lib, Turkiyaning janubi-sharqidagi (Dajla daryosining bo‘yida joylashgan) Ibn Umar yarim oroliga nisbatan shunday atalgan.
Imom Jazariy hijriy 751 yil Ramazon oyining 25-kuni, shanba kechasida dunyoga keldilar (milodiy 1350 yil 30 noyabr).
Ulamolar bu zotning tug‘ilishlaridagi ajib bir qissani rivoyat qilishgan: “Imom Jazariyning otasi farzand ko‘ra olmaydigan bo‘lgan. U kishi 750 hijriy yilda Haj ibodatini ado qilish asnosida Zam-Zam suvidan ichib, Allohdan solih farzand ato etishini so‘rab duo qiladi. Alloh u kishining duolarini ijobat qildi va oradan bir yil o‘tib, Ramazon oyida Imom Jazariy dunyoga keldi”.
Imom Jazariy Damashq shahrida voyaga yetdi. 13 yoshga yetganda Qur’oni karimni to‘liq yod olib, 14 yoshga yetgach, Taroveh namozlarida Qur’onni xatm qildi. 17 yoshga yetganda barcha qiroatlarni o‘zlashtirib, ustozlariga o‘qib berdi.
Imom Jazariy hayoti davomida bir necha marotaba haj qilgan. Misrga ko‘p marotaba ilm talabida safar qilib, u yerdagi ko‘plab qiroat shayxlaridan tahsil olgan.
Imom Jazariy faqatgina tajvid ilmida emas, balki ilmning deyarli barcha sohalarida yetuk ulamolardan bo‘lgan. Hadis va fiqh ilmida bir necha shayxlardan ijozalar olgan. Xususan, u kishiga hijriy 774 yilda Ibn Kasir rahmatullohi alayh fatvo berishga ijoza berganlar. Hadis yo‘nalishida esa Dimyotiyning shogirdlaridan va Abarquhiy hamda Ibn Buxoriydan tahsil olgan. Bundan tashqari, tafsir, usulul fiqh, aqoid, balog‘at va lug‘at kabi ilmlarda ham qalam tebratib, bir necha asarlar yozgan.
Imom Jazariy Damashqdagi “Qubbatun-nasr” ilm dargohida talabalarga Qur’ondan ta’lim berdi. Keyinchalik faoliyatini o‘zlari tashkil qilgan “Dor ul-Qur’an”da bir necha yil davom ettirdi[1].
Shuningdek, Qur’ondan ta’lim berishni Turkiyada ham davom ettiradi. O‘sha paytlarda turk yerlari rahnamosi bo‘lgan Sulton Boyazid Imom Jazariyga hurmat va ehtirom ko‘rsatadi.
U zotning Turkiyaga kelishida ham ibrat olsa arziydigan voqea sodir bo‘lgan. Imom Jazariy Haj amalini ado etayotgan paytlarida bir kishi kelib: “Men Bursa (Turkiya) shahridanman. Bursada Qur’on hofizlari juda ham ko‘p. Ularning orzulari esa – bittagina. U ham bo‘lsa sizdek ulug‘ shayxdan Qur’onni o‘qib, o‘tkazib olish. Lekin ularning bu yerga (Jiddaga) kelib, siz bilan uchrashish uchun hech qanday imkoniyatlari yo‘q”, dedi. Shunda Imom Jazariy bunday javob qildi: “Agar ular kela olishmasa, men ularning oldiga boraman”. Haj amalini ado qilib bo‘lgach, uzoq va mashaqqatli safarga otlandi.
Bu davrda Sulton Boyazid va Amir Temur o‘rtasida janglar bo‘layotgan edi. Amir Temur Boyazid ustidan zafar quchadi va o‘sha diyorlardagi ko‘plab ulamolarni o‘z yurtiga, Movarounnahrga olib keladi. Ana shunday ulamolar ichida Imom Jazariy ham bor edi. Shunday qilib Imom Jazariy rahmatullohi alayh hijriy 805 yildan boshlab Movarounnahrda ham talabalarga Qur’on va boshqa fanlardan ta’lim bera boshladi.
Hayoti davomida 20 dan ortiq shayxlardan ta’lim oldi. O‘z navbatida o‘zi ham bir necha ulamolarga ustozlik qildi. “Al-luali az-zahabiyya” kitobida Imom Jazariyning 10 dan ortiq shogirdlarining ismlari zikr qilingan.
Imom Jazariy faqatgina tajvid sohasida 10 dan ziyod asarlar yozdi. Ulardan eng mashhurlari “Muqaddimat ul-jazariyya”, “Tahbir ut-taysiyr fi qiroatil a’shr”, “An-nashr fi qiroatil a’shr”, “G‘oyat un-nihaya fi tobaqot il-qurro”.
Ko‘plab qiroat imomlarining ustozi sanalgan Muhammad ibn Jazariy hijriy 833 yil, Rabi’ul avval oyining 5-kuni, juma tongida vafot etdi va Damashqdagi o‘zlari tashkil qilgan “Dor ul-Qur’on”ga dafn etildila[2].
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi
Habibullaev Ubaydulloh Ulug’bek o’g’li
Foydalanilgan adabiyotlar
- Al-Jazariy, I. (1995). Al-Nashr fi Qiraat al-Ashr. Dar Al-Kutub Al-Ilmiyyah.
- Abdul Fattah, M. (2011). Tajweed Rules of the Qur’an. Dar Al-Ma’arifah.
- Ali, M. (2010). The Art of Reciting the Qur’an. Oxford University Press.
- Ahmad, S. (2016). The Science of Tajweed: Its Role and Relevance. International Journal of Islamic Studies, 5(3), 75-90.
- Nasir, H. (2020). Tajweed and Modern Technology: Enhancing Qur’anic Recitation. Muslim Scholars Journal, 8(4), 42-59.
- Ibn al-Jazari, M. (2006). Muqaddimah fi ‘Ilm al-Tajweed. Maktabah al-Rushd.
[1] Ibn al-Jazari, M. (2006). Muqaddimah fi ‘Ilm al-Tajweed. Maktabah al-Rushd.
[2] Nasir, H. (2020). Tajweed and Modern Technology: Enhancing Qur’anic Recitation. Muslim Scholars Journal, 8(4), 42-59.