Bir savdogar kunlarning birida tijorat maqsadida boshqa shaharga safar qilishni xohlagan edi. Lekin pullarini barchasini to’plab hisoblasa, ular juda oz ekan. Shunda u savdogar bir kishini oldiga borib, undan ming dinor qarz berib turishini so’radi. U kishi savdogar biror odamni kafil va vakil qilib keltirishi sharti bilan rozi bo’ldi. Lekin u kishi : “Sen rostgo’y kishisan Alloh sen uchun vakil va kafil bo’lsin” deb, pulni unga berib, qarzni to’lashlik uchun bir kunni belgiladi.
Savdogar o’zi xohlagan shaharga savdo qilish uchun kemaga o’tirib ketdi. U yerda savdo-sotiqni mohirona qildi va Alloh uni boyligini barakali qildi. U ko’p foyda ko’rdi. Qarzni to’lash muddati yaqinlashganda sohil bo’yiga borib, o’z shahriga eltadigan kema qidira ketdi. Lekin biror kema topa olmadi.
Atrofga qaradi va bir katta yog’ochni ko’rib uni oldi va uni o’yib bir g’ovak ochdi. Uni ichiga ming dinor va Allohni kafil qilib qarz bergan kishiga atalgan bir maktubni soldi. So’ng u g’ovakni bir mato bila yaxshilab berkitib mahkam yopdi va yog’ochni suvga uloqtirdi. O’zi esa Allohdan u narsani egasiga eson-omon yetib borishini so’rab duo qildi. To’lqinlar u yog’ochni savdogarning ko’zidan olib ketgunicha u sohilda savdogar Allohdan madad so’rab turardi.
Qarzni to’lashga belgilangan kun kelganda, qarz bergan odam sohilga kelib savdogarni kutib turardi. Lekin savdogarni topa olmay uyga ketish chog’ida suvda bir yog’ochni ko’rdi va uni o’tin qilib yoqish maqsadida uyiga olib ketdi. Yog’ochni maydalash maqsadida arra sogan ham edi, yog’ochning ichidan allaqancha pul va maktub chiqdi. U kishi maktubni o’qir ekan ko’zlariga yosh olib Allohga hamdlar aytdi.
Oradan birqancha vaqt o’tgach savdogar o’z shahriga qaytib kelib, qarz bergan kishini oldiga bordi va unga ming dinor pulni taqdim qildi. Lekin u odam uni bergan pulini olmadi va savdogarga “Beshak, Alloh sen yog’och qayiqchaga solib jo’natgan molni mening qo’limga kelgunicha saqladi, Alloh sening martabangni va taqvoyingni bundanda ziyoda qilsin!” – deb haqqiga dou qildi.
Qissadan olinadigan hissa shuki, Alloh yolg’iz ungagina qilingan ixlosli amalni albatta ro’yobga chiqaradi, faqat biz Allohga barcha ishlarimizda suyanib, o’zidangina yordam so’rasak bas.
Toshkent islom instituti talabasi
Meliboyev Abdulbosit