islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Eng og’ir aziyat…

Butun dunyo zulmatga burkangan edi. Yaratuvchi Alloh edi, ammo boshqaga ibodat qilinardi. Alloh rizq berar edi, ammo boshqaga shukr qilinardi. Bozorlarda inson qul qilib sotilardi, qizlar esa tiriklayin ko’milardi. Manashu vaqtda Alloh taolo olamlarning rahmati, insonlarning gavhari bo’lmish Muhammad sollallohu alayhi vasallamni payg’ambar qilib yubordi. Hayotlarining har bir lahzasi biz uchun ibrat manbai bo’lgan habibimizning go’zal din islom uchun qilgan chaqiriqlariga ba’zi johil insonlar u kishiga ozor berish ila javob qaytardi. U kishini bu aziyatlardan man qilish uchun Quraysh ashroflaridan bo’lgan amakilari Abu Tolib o’z himoyalariga oladi Vaqtlar o’tib, Abu Tolib nubuvvatnning 10-yili vafot etgach, habibimiz uchun mahzunlik kunlari ko’p bo’ladi. Quraysh mushriklari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga amakilarining tirikligida yetkaza olmagan aziyatlarini yetkaza boshlashdi. U zotning ishlari yanada og’irlashdi. Hatto ko’chada ketayotganlarida mushriklarning nodonlari muborak boshlariga tuproq sochishar va Masjidul Haromda namoz o’qiyotganlarida ustlariga axlatlarini tashlashar edi.

Bir safar Quraysh kofirlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Ilohlarni bitta Ilohga aylantirmoqchi bo’lgan senmisan?!” deb, qattiq siquvga olishdi. Musulmonlar zaif bo’lishgani sababli hech biri u zotni ularning changalidan xalos etish uchun yaqinlasha olmadi. Faqat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu kelib: “Bir kishini “Robbim Allohdir” degani uchun o’ldirasizlrami?!” dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga eng qattiq aziyat bergan bir guruh bor edi. Ular yetkazgan ozorlarining ko’pligidan “istehzo qiluvchilar” deb ataldi. Alloh taolo ular haqida shunday degan: “Ey Muhammad, sizni Biz O’zimiz istehzo qiluvchilardan muhofaza etamiz”.

Ularning eng birinchisi va ashaddiysi Abu Jahl laqabli Amr ibn Hishom ibn Mug’iyra Maxzumiydir.

Bir kuni u dedi: “Ey Quraysh jamoasi! Muhammad diningizni ayblash, olihalaringizni haqorat qilish, aqllaringizni past sanash va ota-bobolaringizni so’kish kabi ko’rib turganingiz ushbu ishlarni olib keldi. Men Allohga va’da beraman, erta tongda o’zim zo’rg’a ko’taradigan katta bir tosh bilan uni Masjidul Haromda poylab o’tiraman. U kelib, namozida sajda qilgan payt tosh bilan boshini majaqlab tashlayman”.

Ertasi tongda sollallohu alayhi vasallam odatlariga muvofiq, tongi namozlarini o’qishga keldilar. Quraysh mushriklari Abu Jahl nima qilarkin deb, to’plandilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sajda qilganlarida Abu Jahl toshini ko’tarib, u zot tomon yurdi. Biroq u zotga yaqinlashganida dahshatdan rangi oqarib, ortiga tisarildi va qo’lidagi toshini tashlab yubordi.

Shunda uning oldiga Quraysh kishilari kelib, nima bo’lganini so’rashdi.

Abu Jahl dedi:

– Sizlarga aytgan ishimni qilish uchun oldiga bordim. Unga yaqinlashgan edimki, oldimda bahaybat bir erkak tuya paydo bo’ldi. Xudo haqqi, unaqasini hecham ko’rmaganman. U meni yeb qo’ymoqchi bo’ldi.

Bu hodisa Rasulolloh sollallohu alayhi vasallamga aytib berilganida: “U Jabroil edi, agar Abu Jahl menga yana yaqinlashganida uni changaliga olgan bo’lardi”, dedilar.

Istehzo qiluvchilar guruhidagi yana bir kishi – Abu Lahab Ibn Abdulmuttalib – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (ota bir, ona boshqa) amakilaridir. U jiyanining eshigi oldiga chiqindi-nopok narsalarni tashlab ketardi. Chunki u zotga qo’shni edi.

Uqba ibn Abu Muayt Rasalulloh sollallohu alayhi vasallamga ikkinchi qo’shni bo’lib, so’yilgan tuyaning qornidagi axlatni olib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sajda qilayotganlarida ustlariga tashladi. Manashu badbaxt Uqba Ibn Abu Muaytning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan qilgan eng yomon qilmishlaridan yana biri, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz o’qiyotganlarida birdan Uqba kelib, kiyimi-ridosini u zotning bo’yinlariga o’rab, qattiq bo’g’a boshladi. Shu payt Abu Bakr roziyallohu anhu keldi va uni itarib yubordi.

Istehzo qiluvchi Asvad ibn Abduyag’us Zuhriy Qurayshiydir. Qachon u Payg’ambarimizning sahobalari kelayotganini ko’rsa, ularni masxara qilib, sheriklariga: “Oldingizga yer yuzining podshohlari kelishyapti”, der edi. Chunki sahobalar dabdabali hayotni tark qilgan edilar. Turmushlari sodda edi.

Yana bir nodon Nazr ibn Horis Abdariydir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar bilan bir davrada o’tirib, ularga oldingi ummatlarga yetgan ofatu balolarni hikoya qilib berardilar. So’ng turib ketsalar, darrov Nazr ibn Horis kelib: “Ey Quraysh jamoasi, bu yoqqa kelinglar. Men undan ko’ra go’zalroq gapira olaman”, der, so’ng qadimgi Fors podshohlari haqidagi afsonalarni aytib berardi. Yana qo’shimcha qilib, “Muhammadning gaplari avvalgilarning afsonalaridan boshqa narsa emas”, deb aytar edi.

Istehzo qiluvchi bu guruhning halokati hijratdan keyin sodir bo’lgan. Abu Jahl Badr jangida (hijriy 2-yil 17-ramazon) o’ldiriladi. Abu Lahab Quraysh mushriklarining Badr g’azotidagi mag’lubiyati xabari Makkaga yetib kelganidan bir hafta o’tib, Adasa nomli yuqumli vabo kasalidan o’ldi. Uning o’ligining oldiga hech kim bormadi, uch kun yotib, noxush hidlanib ketadi. Uning qarindoshlari or-nomus qilib, bir chuqur qazishdi va jasadni tayoqlari bilan surib, chuqurga tushurib, ustidan tosh otib, ko’mishdi. Shunday qilib, Abu Lahab haqida Qur’oni Karim bergan xabarning bu dunyodagi qismi yuzaga chiqdi. Uqba ibn Muayt va Nazr ibn Horis Badr jangida asir tushib, Madinaga olib ketilayotganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyruqlari bilan qatl etiladi. Asvad ibn Abduyag’us esa, qorniga sariq suv to’planib o’ladi.

Men musulmonman deydigan har bir inson borki, qalbida habibimiz Rasuli akramni istehzo qiluvchilarga nisbatan nafrati va g’azabi uyg’onadi. Alloh Taolo zolimlar uchun xorlovchi azob borligini Qur’onda ko’p zikr qilgan. Va’dasi haq bo’lgan Zotdan o’zga yordamchi va sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan boshqa shafoatchi bo’lmagan qiyomat kunida ularning hollari ne kecharkin?

 

Toshkrnt islom instituti talabasi

Erkinova Amina

412800cookie-checkEng og’ir aziyat…

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: