islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Islomga kirgan Jorj

Xolid ibn Valid – islom tarixidagi buyuk sarkarda, shu bois Sayfulloh (Allohning qilichi) laqabini olganlar.

Bu zot Yarmuk jangidagi g’alabaga ham sababchi  bo’lganlar. Mazkur jangda RUM askarlariga qarshi kurashilgan. Rum sarkardasi JORJ Xolid ibn Validni suhbatga chorlaydi va bir nechta savollar beradi:

-Ey Xolid, menga yolg’on gapirmasdan to’g’risini ayt, chunki Oliyjanob insonlar yolg’on gapirmaydi. Sizlarning Payg’ambaringizga Alloh taolo osmondan qilich tushurganmi va Payg’ambaring senga o’sha qilichni berganmi-ki, sen u bilan doim g’alaba qozonasan?!

-U kishi “Yo’q” deb javob berdilar.

-Nega unda seni Sayfulloh (Allohning qilichi )deb atashadi?

-Alloh taolo bizga o’zining Payg’ambarini yubordi, u zot esa bizni islomga chaqirdi. Shunda qavmimizning ba’zilari tasdiqlab, ba’zilari yolg’onga chiqarishdi. Alloh taolo bizni qalbimizni u zotga moyil qildi. Bir kuni Rasululloh mening haqqimga duo qilib – “Sen Allohning qilichlaridan bir qilichsan, Alloh taolo senga kofirlar ustidan nusrat beradi” – deganlar. Shundan so’ng men Sayfulloh nomi bilan atalganman.

-Ey Xolid, meni nimaga chaqirasan?

-Allohdan boshqa iloh yo’qligiga va Muhammad uning quli va  elchisi ekanligiga guvohlik berishingga va u zot keltirgan narsalarga iqror bo’lishinga chaqiraman.

-Agar sizlarni tasdiqlashmasamchi?

-Ularga  Jizya¹  solamiz

-Jizyani berishmasachi?

-Ularga qarshi urush e’lon qilamiz.

-Agar sizlarni tasdiqlab, taklifingizga rozi bo’lishsa, ularning mavqeyi qanday bo’ladi?

-Alloh farz qilgan narsalarga amal qilishlikda bizning sharaflilarimiz-u zaif hollarimiz, avvvalgilarimiz-u oxirgilarimiz darajasi barobardir.

Shunda Jorj: “Alloh nomi bilan ayt, meni aldamadingmi?”.

-Allohga qasamki, men senga rost gapni ayttim.

Shunda Jorjning qalbi islomga moyil bo’ldi va Xolid ibn Validga: “Menga islomni o’rgat” – dedi. Shunda u zot bir idishga suv chaqirtirib tahorat qildirdilar, so’ngra u ikki rakat namoz o’qidi.

Jorjning qo’shini: “Sarkardamiz Xolidni aldaydi va bizga yon bosadi” – deb o’yladi. Lekin Rum sarkardasi Xolid ibn Valid  bilan bir safda urushayotganini ko’rgan qo’shin hayratga tushdi. Shu jangda Jorj musulmon holida vafot etdi va u islomga kirib ikki rakat namozidan boshqa namoz o’qiy olmadi. Yarmuk jangi musulmonlarning g’alabasi bilan nihoya topdi.

Toshkent islom instituti talabasi

Abdurahim To’raqulov

________________

¹ Musulmonlar tomonidan kofirlarga solinadigan soliq

416270cookie-checkIslomga kirgan Jorj

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: