islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Mashhur alloma Mahmud al-Qoshg’ariy va uning ijodiy faoliyati

Mahmud al-Qoshg’ariy va uning ijodiy faoliyati haqida qanday ma’lumotlarni bilasiz? Mahmud al-Qoshg‘ariy-turkshunoslik ilmining asoschisi, ulug‘ adabiyotchi, tarixchi geograf va boshqa ko‘p fanlardan yaxshi xabardor bo‘lgan yirik fan arbobi hamda qomusiy olim bo’lgan.

Mahmud al-Qoshg‘ariyning to‘liq ismi Mahmud ibn al-Husayn ibn Muhammad al-Qoshg‘ariydir. Mahmudning otasi Husayn va onasi Bibi Robiya ham o‘z davrining bilimdon, olijanob, yetuk tarbiya ko‘rgan va xushfe’l insonlardan edi. Mahmudning otasi Husayn ibn Muhammad o‘sha davrdagi Baregan elining amiri bo‘lgan. Uning ijtimoiy kelib chiqishi jihatidan qoraxoniylar sulolasiga mansub.

Tarixiy va tarixiy-adabiy manbalarda Mahmud al-Qoshg‘ariy hayoti haqida nihoyatda kam ma’lumot saqlanib qolgan. Ma’lumki, u 1008-yilning boshida Qoshg‘ar shahri yaqinidagi O‘pal qishlog‘ida tug‘ilgan. Mahmud al-Qoshg’ariy boshlangich ma’lumotni o‘z qishlog‘ida, yuqori ma’lumotni Qoshg‘ar madrasalarida olgan, arab, fors, turkiy kabi 7-8 tilni puxta egallagan. Keyin u Buxoro, Samarqand, Marv, Nishopur shaharlarida bilimini oshirgan.

1056-1057 yillarda mamlakatdagi ichki nizolar natijasida alloma o‘z vatanini tark etib. 15 yil davomida alloma atrofdagi qardosh xalqlar orasida bo’lishga majbur bo‘lgan. Ana shu yillarda u turkiy xalqlar yashaydigan o‘lkalarni kezib, u yerlardagi turkiy qabila va xalqlar, ularning kelib chiqishi va nomlanishi, joylashish o‘rinlari, urf-odatlari, ayniqsa, til xususiyatlarini sinchiklab o‘rganadi. Keyin esa alloma Bag‘dodga borib, ancha vaqt bu shaharda ijod qilgan, xususan, 1072 yili (ba’zi manbalarda-1074 yil va undan ham keyin) dunyoga mashhur asari “Devonu lug‘otit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”) ni yozib bitiradi va uni abbosiylardan bo‘lgan Abulqosim Abdulloh binni Muhammadil Muqtado biamrillahga bag‘ishlaydi. Ushbu asar turkiy xalqlar tarixidagi dialektologik, izohli, etnografik, tarixiy-etimologik lug‘atlarning barcha unsurlarini qamrab oluvchi dastlabki universal lug‘at bo‘lib, o‘z muallifini dunyoga qomusiy olim sifatida tanitdi. Bu asarida olim turkiy qabila va xalqlar tillaridagi so‘zlar ma’nosini arab tilida izohlab beradi.

Qoraxoniylar davrida barpo etilgan markazlashgan davlatchilik, o‘lkada san’at va adabiyot rivojiga katta imkoniyat yaratib berdi.

Mahmud al-Qoshg‘ariy o‘z bilimini oshirish maqsadida o‘qishini Buxoro va Nishopur shaharlarida davom ettirdi.Tahsil olish davrida alloma falsafa, mantiq, adabiyot, huquqshunoslik, tarix, ilohiyot, matematika, astronomiya, tibbiyot fanlarini puxta o‘zlashtirdi. Turkiy tildan tashqari arab va fors tillarini mukammal egalladi, ularning grammatikasidan xabardor bo‘ldi va haqiqiy qomusiy bilim sohibiga aylandi.

Ulug’ alloma Mahmud al-Qoshg‘ariy 1105-yilda 97 yoshida olamdan o‘tgach, O‘paldagi ajdodlari maqbarasiga dafn qilingan.

Mahmud al-Qoshg‘ariyning dastlabki asari “Javohirunnahvi fi lug‘otit turk” (“Turkiy tillarning nahv qoidalari”) deb atalgan. Ammo ushbu asar bizga yetib kelmagan.

Ulug’ allomaning mashhur kitobi “Devonu lug‘otit-turk” shu darajada keng qamrovli, mazmunida juda ko‘plab ma’lumotlarni to‘plagan qimmatli, noyob asarki, bunday kitobni yozish uchun o‘sha davr emas, hozirgi ilm-fan rivojlangan bir payt chamasi bilan ham o‘nlab yillar kifoya qilmasligi aniq, deb aytish mumkin.

Mahmud al-Qoshg‘ariy “Devonu lug‘otit-turk” asarini yozish uchun turkiy qabilalar yashaydigan ko‘plab shaharlar va qishloqlarni kezib chiqqan. 14 yillik (taxminan 1057-yildan 1071-yilgacha) safari davomida keng ko‘lamli tarixiy materiallarni to‘pladi. Buyuk olim o‘z kitobida 6800 dan ziyod turkiy so‘zni guruhlashtirdi, (110 hudud, ko‘l va daryo, 40 elat va qabila nomlari), turkiy tilda izohlar keltirdi. Kitobdan 242 ta she’r, 262 ta maqol va matal o‘rin olgan. Hayratlanarlisi shundaki, u qo‘llagan 875 ta so‘z, 60 ta maqol va matal biron-bir o‘zgarishsiz zamonaviy turkiy tilimizga kirib kelgan.

Mahmud al- Qoshg‘ariy  vaziyat taqozosi bilan islom dunyosi olimlari yig‘ilgan va ilm-fan markaziga aylangan Bag‘dod shahriga bordi. Natijada, u yerda yig‘ilgan olimlar muloqotida bo‘lib, ilm-fan yutuqlari bilan yaqindan tanishgan. Shuningdek, alloma Bag‘dodda mavjud bo‘lgan ilmiy muhitdan unumli foydalangan. 1072-1074-yillarda u Bag‘dod shahrida mashhur “Devonu lug‘otit-turk” asarini yozib bitirdi.

Ushbu asar ilk filologik tadqiqot va turkiy so‘zlar etimologiyasi keltirilgan birinchi qiyosiy lug‘atdir. Bu asar Markaziy Osiyo xalqlarining xalq og‘zaki ijodi namunalariga xos ko‘plab noyob ma’lumotlarni ega.

“Devonu lug‘otit-turk”dagi geografiyaga oid ma’lumotlar g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Sababiki, ushbu asarda turkiy xalqlar joylashgan hududlar ta’rifini keltirgan va u muallif dunyodagi eng qadimiy turkiy xarita muallifi hisoblanadi. Ushbu xarita XI asrdagi Osiyoning eng qadimiy va ahamiyatli xaritasi bo‘lib, unda geometrik aniq shakllarda tog‘lar, ko‘llar va daryolar ko‘rsatilgan, eng muhim shaharlar va qabilalar qayd etilgan.

Qoraxoniylar davrida turkiy tildagi adabiyot jadal taraqqiy etdi. Mahmud al-Qoshg‘ariy turkiy tillar shevalarini tadqiq qiluvchi asari orqali mumtoz turkiy adabiyot va she’riyat, xalq og‘zaki ijodi ravnaqi uchun zamin hozirladi, turkiy xalqlar adabiy tilini ishlab chiqdi, unga sayqal berdi. Natijada, turkiy she’riyatning asosiy janrlari shakllandi.

Mahmud al-Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asarida o‘sha davrning ilg‘or kishilarini o‘ylantirgan hamda turkiy xalqlarning tub manfaatlarini aks ettirgan fikrlar va g‘oyalar jamlangan, shaxs va jamiyatning yanada ijtimoiylashuvi yo‘llari ko’rsatib berilgan. Ko‘p bosqichli falsafiy-axloqiy muammolar, binobarin, boylik va bilimning o‘zaro bog‘liqligi haqidagi fikrlar chuqur ifodalangan. Boshqacha aytganda, ilk o‘rta asrlar olimi va ijtimoiy faylasufining qarashlari olam, xalq taqdiri, inson, madaniyat, ijtimoiy adolat to‘g‘risidagi mushohadalarga mujassamlangan edi.

Qadimiy turkiy she’riyatda tilga olingan ushbu muammo bilim va boylikning bir-biriga zidligi to‘g‘risidagi tushuncha o‘sha davr uchun dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan. Bu masala sharhi O‘rta asrlardagi ko‘plab shoirlar, olimlar, mutafakkirlar merosida uchraydi. Ayni paytda u turkiy til va adabiyotining asoschisi-Mahmud al-Qoshg‘ariy asarlarida alohida o‘rin egallaydi.

Mahmud al-Qoshg‘ariy turkiy tilning ahamiyati arab tilinikidan kam emasligini isbotladi.Til va adabiyotning qadimiy obidasi-“Devonu lug’otit turk” yozilganidan buyon o‘n asrdan oshiq vaqt o‘tdi. Bu asar hamon turkiy xalqlar tarixini o‘rganishda betakror manba hisoblanadi.

Alloma asaridagi epik doston-qo‘shiqlar ko‘proq jangnoma xarakterida bo‘lib, ba’zi yirik parchalarga shartli ravishda “Tangutlar bilan jangnoma”, “O‘yg‘urlar bilan jangnoma”, “Yabaku bilan jangnoma” deb nom qo‘yilgan. Ular o‘z mazmuniga ko‘ra arablarning johiliya davridagi qabilalararo janglari tasvirlangan epik rivoyatlarga o‘xshab ketadi, faqat arablarda bu janr nasriy, turkiy xalqlarda esa she’riy shakl ustundir. Ularda turkiy elatlarning shijoati, qiyinchiliklarga bardoshi, jasurligi, harbiy hiylalar, siyosiy kurash, elparvarlik, mardlik, hikmat, mehr va qahr tuyg‘ulari jonli, qaynoq misralarda tavsif etilgan.

Mahmud al-Qoshg‘ariy qonun va tartibga rioya qilishga da’vat etish bilan birga hayotni bebaho ne’mat sifatida qadrlashni uqtirdi, qayta-qayta ilmni ulug‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda “Devonu lug‘otit-turk” butun ma’naviy badiiy xususiyatlari bilan betakror obidaga, turkiy xalqlar tarixi to‘g‘risidagi dostonga aylandi.

Asarning bosh g‘oyasi bitta falsafiy fikrga yo‘naltirilgan. Olim ‘oz yurtni ulug‘lash, turkiy xalqlarni birlashtirish, ijtimoiy adolat tamoyillarini qaror toptirish muhimligini ta’kidlaydi.

Mahmud al-Qoshg‘ariyning 700 sahifadan iborat “Devonu lug‘otit-turk” asari jahon madaniyati va ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Qo‘lyozmaning yagona va eng qadimgi nusxasi 1226-yilga oid bo‘lib, 1915-yil olim va kutubxonachi Ali Emir tomonidan Istambul bozorida ko‘chirma nusxa ko‘rinishida topilgan, hozirgi vaqtda Istambul Milliy kutubxonasida saqlanadi. Qo‘lyozmani Muhammad ibn Abu-Bakr ibn Abu-l-Fath as-Saviy ko‘chirgan.

Buyuk allomaning “Devonu lug‘otit-turk” asari dunyoning ko’p tillariga tarjima qilingan. Buyuk allomaning “Devonu lug‘otit-turk” asarini birinchi noshiri turk olimi Rifat Bilge bo‘lib, u kitobni birinchi bo‘lib turk tiliga tarjima qilgan. Professor Solih Mutallibov “Devonu lug‘otit-turk” asarini  o‘zbek tiliga tarjima qilgan va 1960-1963-yillarda Toshkentda nashr etilgan.

Buyuk alloma Mahmud al-Qoshg‘ariyning “Devonulug‘otit-turk”asari qoraxoniylar davrining noyob durdonasi hisoblanadi. U o‘lmas obida sirasiga kiradi va o‘zida davr tili, adabiyoti, tibbiyoti, tarixi, geografiyasi, etnografiyasi, hunarmandchiligi va astronomiyasi xaqidagi bilimlarni jamlagan.

Mahmud al-Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asari qomusiy asardir. Buyuk alloma turkiy islomiy madaniyatni yanada boyitib, yuksak pog‘onaga ko‘tardi.

 

“Tillar” kafedrasi katta o’qituvchisi

Faxriddin Yernazarov

 

Internet saytlari

  1. arbob.uz
  2. ilmlar.uz
  3. n.ziyouz.com
416290cookie-checkMashhur alloma Mahmud al-Qoshg’ariy va uning ijodiy faoliyati

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: