Hozirgi kunda odamlarning qalbida masjidning ta’zimi, uni ulug‘lash hissi qolmadi. Qachon masjidga bormang, kimdir qahqaha urayotgan, yana kimdir dunyo gaplarini gapirayotgan, yana boshqasi o‘zining shaxsiy mojarosini doston qilayotgan bo‘ladi. Alloh taoloning zikri bilan hech kimning ishi yo‘q. Rosululloh sollallohu alayhi va sallamni eslash ularning sevimli ishi emas. Ajabki, bir podshoh saroyiga borsalar, podshoh yaqin o‘tirib, ularning nima qilayotganini ko‘rib turgan bo‘lsa, nihoyatda odob bilan tillarini tiyib, ko‘zlarini pastga qaratib o‘tiradilar. Sultonlar sultoni Alloh taoloning uyi bo‘lmish masjidga kelsalar, Uning roziligiga xilof ish qiladilar. Oyat va hadislarda masjidni ulug‘lash lozim ekani, oldi-sotdi kabi dunyo ishlari u yerda man etilgani to‘g‘risida ta’kidlar kelgan. Salafi solihlarimiz masjidga nihoyatda ehtirom ko‘rsatar va unga o‘ta go‘zal odob bilan borar edilar. Alloh taolo bizlarga ham ularning odoblari bilan odoblanish va xulqlanishni nasib qilsin! Omin.
Toshkent islom instituti talabasi
Yunusov Zuxriddin