islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

“Tamhid” asarining qo‘lyozma nusxalari va tarkibiy tuzilishi

Azhar jomesining aqida va falsafa ilmlari doktori Shayx Habibulloh Ahmad (rohimahulloh) o‘zlarining ushbu asar borasida qilgan ilmiy izlanishlarida quyidagilarni aytadilar:

“Tamhid kitobining “At-Tamhid li qovaid at-tavhid” deb nomlanishi borasida so‘z yuritgan qariyb barcha manbalarni yig‘dim. Muhyiddin Abdulqodir ibn Abul Vafoning “Javahirul Mudiyya fi tobaqotil hanafiyya”, Ibn Qutlubog‘aning “Tajul tarojim”, Feruzobodiy  va Mulla Aliy qorining “Tobaqotul hanafiyya”, Taqiyyuddin ibn Abdulqodir at-Tamimiyning “Tobaqotus saniyya fi tarojimul hanafiyya”, Ismoil Bosho al-Bog‘dodiyning “Hidayatul arifiyn”, imom Zirkiliyning “al-A’lom” va Umar Rizoning “Mu’jamul muallifin” kabi asarlarda va asraning ko‘plab qo‘lyozma manbalarida ushbu ism bilan nomalngan.

Kitobning “At-Tamhid fi qovaid at-tavhid”, “At-Tamhid bi qovaid at-tavhid” yoki “Tamhidu qovaidit tavhid” kabi nomlaridagi farqlar jar harflarining o‘zgarishi yoki izofa qilish orqali kelib chiqqan bo‘lib, ma’nosiga ko‘p ta’sir etmaydi. Asarning usuluddin va tavhid ilmiga doir mavzuda ekanligi e’tiboridan  “At-Tamhid fi usuliddin” va “At-Tamhid fi ilmit tavhid” degan nomlari ham bor.

1986-yil Qohirada misrlik tadqiqotchi Hasan al-Ahmad bu asarni “Doru-ttiboati-l-ahmadiyya”da nashr etgan va u ikki katta qismdan iborat. O‘z navbatida, bu qismlar 33 bob va fasllarga bo‘lingan. Masalan, birinchi qismning dastlabki boblarida imom Abul Mu’in an-Nasafiy yashagan davr, uning hayoti va faoliyatiga oid ma’lumotlar keltiriladi. Bularda Nasafiy yashab o‘tgan davrdagi siyosiy, ijtimoiy va ilmiy-madaniy hayot o‘z aksini topgan. Keyingi boblarda alloma tug‘ilgan yil, uning ustozlari va o‘ndan ortiq shogirdlari haqida batafsil ma’lumotlar keltirilgan. Asarning ikkinchi qismida Nasafiyning “Kitob at-Tamhid li-qavo‘idit tavhid” asarining to‘liq matni keltirilib, ilmiy ravishda har taraflama chuqur tadqiq etilgan.

“Tamhid li qovaid at-Tavhid”  kalom ilmida yozilgan muxtasar kitoblardan bo‘lsa-da, kalom ilmiga doir ko‘p masalalarni o‘z ichiga olgan, ba’zi masalalarning dalillari va tafsilotiga chuqur kirilgan. Takvin masalasi, kalom masalasi, risolatning isboti, bandalarning fe’llarini yaratish kabi mavzularda keltirilgan bahslar bunga misol bo‘ladi.

Dastlab asarning muallifi Abul Mu’in an-Nasafiy ekani ishonchli dalillar bilan isbotlanadi. Asarning qo‘lyozmalari haqida gapirilib,jahonning turli qo‘lyozma xazinalarida, asosan Misr va Turkiya kutubxonlarida uning ba’zi qo‘lyozma nusxalari mavjudligi ta’kidlanadi:

–  Arab davlatlari universitetiga qarashli arabiy qo‘lyozmalar institutida 74 raqami ostida Istanbuldagi Ahmad III ning kutubxonasida 1G‘1766-raqamli qo‘lyozmasidan mikrofilm bilan suratga ko‘chirilgan nusxasi;

–  Yuqoridagi institutda 74-raqamda Istanbul universitetidagi 267-raqamli qo‘lyozmasidan olingan mikrofilm nusxasi;

–  Misr kitoblar uyida “Jim” ishorasi berilgan “Ilmi kalom-41” raqami ostidagi nusxasi;

–  Misr kitoblar uyida “22991.B” raqami ostidagi nusxa; – Misr kitoblar uyida “Ilmu kalom-172” raqamli nusxasi;

–  Istanbulda “722 al-Humaydiya” va “1221 Otif Afandi” raqamli nusxalari.

Shuningdek, “Tamhid”ning O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik universiteti qo‘lyozmalar fondida to‘rtta nusxasi borligi ma’lumotlarda keltirilgan:

  1. 177/III raqamli 47 varaqdan iborat qo‘lyozma nasx xatida milodiy 1274-yil noma’lum xattot tomonidan ko‘chirilgan. Asarda qabr azobi, hidoyat va zalolat, qazo va qadar, bandalarning amallari, rizq, inson bolalari va istito‘at (kuch, qudrat) kabi aqidaviy masalalar yoritilgan.
  2. 8221/I raqami ostidagi 41 varaqdan iborat qo‘lyozmani 1768-yil Yodgor Mirzo Qurbon Buxoroda nasx xatida ko‘chirgan. Qo‘lyozmaning ushbu qismida shia ahlidan bir jamoaning xamr va lavotani halol sanagani qoralangan.
  3. 3185/V raqamli 18 varaqdan iborat qo‘lyozma 1339-yil noma’lum xattot tomonidan ko‘chirilgan. Nusxada iymon, shafoat, imomat va qabr azobi fasllarini qamrab olgan.
  4. 2521 raqamli 47 varaqdan iborat qo‘lyozma. Xattot va ko‘chirilgan sana ma’lum emas. Abu-l Mu’in Nasafiyning ushbu asari kalom ilmining tarixi, uning rivojlanish jarayonlarini o‘rganishda muhim manbalardan hisoblanadi.

Toshkent islom instituti talabasi

Abdurahimov Javohir

FOYDANILGAN ADABIYOTLAR

  1. Nasafiy Abul MuinMaymun ibn Muhammad. Tabsiratu-l-adilla fi usuli-d-din / H. Otay nashri. – Anqara: J I. 1993. “Tabsiratu-l-adilla” nashrining kirish qismi. Ebu’l Muon Nesefo ve Tebsirat’l-edille.
  2. Nasafiy Abul Muin Maymun ibn Muhammad. At-Tamhid li qavoidi-t-tavhid / Jiybulloh Hasan Ahmad nashri.
  3. Misr: Dorut-t-tiba’a al-muhammadiya, 1986.
  4. Rudolf U. Al-Maturidi i sunnitskaya teologiya v Samarkande. –Almato‘: 1999.
  5. Хайруллаев М. Ўрта Осиёда илк уйғониш даври маданияти. Т, “ Фан”, 1994.
  6. М. Аминов, Ф. Ҳасанов (нашрга тайёрловчи). Буюк аждодларимиз. Т., 2010 й
  7. Буюк алломалар 1-2 ж. Т, 1998-2000.
  8. Абул Муъин ан-Насафий. Тавҳид қоидаларига муқаддима. Т,“Мовароуннахр”, 2006.
  9. «YANGI NASHR», 2011.
  10.  “Hidoyat” jurnalining 2012-yil, 1-soni
431390cookie-check“Tamhid” asarining qo‘lyozma nusxalari va tarkibiy tuzilishi

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: