islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Alloh taolo makon bilan xoslanishdan pokdir

Qur’oni karimda istivo haqida kelgan oyatlar lafzi haqida juda ko‘p tortishuvlar, tushunmovchiliklar mavjud. Ba’zi adashgan firqalar mazkur oyatni dalil qilib, Alloh taologa makon nisbatini berib, “Alloh taolo osmonda”,  deb e’tiqod qilishadi. Ahli sunna val jamoa ulamolari bu firqalarning keltirgan dalillari botil ekanligini batafsil bayon qilishgan.

Alloh taolo osmonda deyish yoki biror joyda o‘rnashgan deb e’tiqod qilish mutlaqo joiz emas. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

“Alloh taolo bor edi, undan boshqa hech narsa bo‘lmagandi” (Imom Buxoriy rivoyati).

“Kim Alloh taoloni insonlarga xos bo‘lgan biror sifat bilan vasflasa, shaksiz kofir bo‘ladi. Buni anglagan inson ibratlanadi va kofirlarning so‘ziga o‘xshash gap-so‘zlardan tiyiladi hamda Uning (Allohning) sifatlari insonlarniki kabi emasligini biladi” (“Al-Aqida at-Tahoviya” kitobi).

Quyida ulamolarning qarashlarini keltiramiz.

و لا يتمكن في مكان

U zot biror bir makonda o‘rin olmaydi. (Aqoid Nasafiy matni)

Karromiy va mushabbihalar: “Alloh taolo arshdan qaror topgan, o‘rnashgan va arshdan makon olgan, arshga tegib turadi”-deyishgan. Taxtga o‘tirgan podshoh taxtga tegib turganidek Alloh taolo ham arshga tegib turadi deyishadi. Ularning bu qarashlari Alloh taoloni jismdir va U zotning ma’lum bir surati bor deb e’tiqod qilganligi uchun shunday fikrga kelishgan..

Karromiylarning yana boshqa bir toifasi Alloh taolo arshni tepasida, lekin arshdan makon olgan emas, arshga tegib ham turgan emas, arshning tarafi bor xolos u ham bo‘lsa tepa tarafdir deyishgan.

Bu firqalar o‘z gaplariga dalil qilib:

الرَّحْمَٰنُ عَلَى الْعَرْشِ اسْتَوَىٰ

“U–Rohman Arshni egalladi”

Oyatidagi “istivo” so‘zini “o‘rnashdi” va “makon oldi” ma’nosidagi zohiriy ma’nolarini olishadi.

أَمْ أَمِنْتُمْ مَنْ فِي السَّمَاءِ أَنْ يُرْسِلَ عَلَيْكُمْ حَاصِبًا فَسَتَعْلَمُونَ كَيْفَ نَذِير

“Yoki sizlar “osmondagi” zot (Alloh) ustingizga tosh yog‘dirishidan xotirjammisiz?! Hali (azob kelganda), mening ogohlantirishim qanday ekanini bilib olajaksiz”.

Ushbu oyati karimani Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh Ahli sunna e’tiqodiga muvofiq quyidagicha tafsir qilganlar:

“Osmondagi zot”dan murod Alloh taolo, lekin bu degani Alloh osmonda degani emas. Chunki Alloh taolo makonga muhtoj emasdir. U makon va zamondan ustun zotdir. Ahli sunna va jamoa e’tiqodiga binoan, Allohning yerda yoki osmonda deyilishidan maqsad, Uning xohishi va hukmi yer-u osmonga barobar o‘tishi va Uning sultoni g‘olib ekanligidir.

Biz Alloh taoloni har bir yerda deganimizda, Alloh taolo har bir makonda o‘z ilmi, rahmati va qudrati bilan mavjudligini nazarda tutamiz . Chunki makon bu maxluq bo‘lib avvaldan bor bo‘lmay keyin yaratilgan, yaratuvchi Alloh esa o‘zi yaratgan maxluqi bo‘lgan makondan o‘rin egallashi mumkin emas, muhol. Aql buni inkor etadi. Demak, Alloh azaldan mavjud, undan boshqa biron narsa mavjud bo‘lmagan. Arsh ham xuddi shunday azaldan bor bo‘lmay keyin yaratilgan maxluqdir, Alloh unga muhtoj emas, undan behojat. Allohning arshdan yuqoridaligi haqiqiy ma’noda emas. Allohning mavjudligi makonsizdir. Xabarlarda kelgan “istivo” “egallash, qurshab olish” ma’nosidadir. Ya’ni, har bir narsa Allohning sultonligi va hukmi ostidadir.

Toshkent islom instituti talabasi 

Abdurahimov javohir

431370cookie-checkAlloh taolo makon bilan xoslanishdan pokdir

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: