islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

IBROHIM HALABIY HAYOTI VA ILMIY MEROSI

Ibrohim Halabiy hanafiy fiqhining yirik namoyandalaridan biri bo‘lib, o‘zining chuqur ilmi, aniq metodologiyasi va amaliyotga yaqin yondashuvi bilan islom huquqiy tafakkurida o‘chmas iz qoldirgan. U hijriy 856-yilda (milodiy 1452-yil) Suriyaning qadimiy ilm markazlaridan biri bo‘lgan Halab shahrida dunyoga kelgan. Dastlabki diniy ta’limni o‘z yurti madrasalarida olgan Halabiy keyinchalik ilm talabida Usmoniylar saltanatining yuragi bo‘lgan Istanbul shahriga hijrat qiladi. Bu yerda u o‘z zamonasining yetuk ulamolari bilan suhbatda bo‘lib, fiqh, usul al-fiqh, lug‘at, hadis kabi fanlarda yuksak darajaga ko‘tariladi. Uning tafakkuri va uslubidagi aniqlik, matnlardagi mujmal joylarni tartibga solish mahorati uni zamonasining eng salohiyatli faqihlaridan biriga aylantirgan.

Ibrohim Halabiy umrining katta qismini ilm-fanga bag‘ishlagan holda Istanbulda o‘tkazgan va shu yerda hijriy 956-yilda (milodiy 1549-yil) vafot etgan. U yaratgan asarlar fiqhiy merosda yuqori baholanib, asrlar davomida musulmon olamida keng qo‘llanilgan. Ayniqsa, uning eng mashhur asari “Multaqol abḥur” hanafiy fiqhining muhim manbalarini tartibli tarzda jamlagan yirik fiqhiy qo‘llanmadir. “Multaqol abhur” degan nomning o‘zi ham turli fiqhiy “dengizlar” — ya’ni mashhur fiqhiy manbalar — bir joyda birlashganini bildiradi. Asar o‘z mazmunida “Kanzul daqoiq”, “al-Muxtor lil-fatva”, “Majma‘ al-bahrayn” va “al-Muxtasar” kabi mo’tabar hanafiy matnlar asosida tuzilgan bo‘lib, qisqalik, aniqlik va ishonchlilikni uyg‘unlashtirgani bilan ajralib turadi. Halabiy asarlarining ahamiyati nafaqat ilmiy doiralar bilan cheklanib qolgan, balki ular davlat boshqaruvi va shariat sudlari amaliyotida ham asosiy yuridik manbaga aylangan.

“Multaqol abḥur” Usmoniylar davlati tomonidan fiqhiy qonunchilikning asosiy matni sifatida tan olingan. Madrasalarda bu asar asosiy o‘quv darsi sifatida o‘rgatilgan, shariat sudlarida esa ish yuritishda asosiy manba sifatida xizmat qilgan. Uning yondashuvi fiqhni nazariy doiradan chiqarib, hayotga yaqinlashtirishga xizmat qilgan. Aynan shu jihati uni boshqa ko‘plab hanafiy ulamolaridan ajratib turadi. Ibrohim Halabiy faqat “Multaqo” asari bilan emas, balki boshqa bir qancha muhim fiqhiy asarlar bilan ham tanilgan. “G‘unyatul Mutamalli” nomli asari orqali u fiqhiy masalalarni chuqur sharhlab bergan bo‘lsa, “Tahrirul qava‘id”da fiqhiy qoidalarni tizimli shaklda bayon etgan. Shuningdek, u o‘zining mashhur asariga “Sharhul Multaqo” nomi bilan sharh ham yozgan. Uning fiqhiy qarashlari Muhammad Amin Ibn Abidin kabi keyingi avlod ulamolari tomonidan keng e’tirof etilgan. Ibn Abidin o‘zining mashhur “Raddul Muxtor” asarida Halabiydan ko‘plab iqtiboslar keltiradi.

Halabiy merosi Misr, Shom, O‘zbekiston, Hindiston kabi keng hududlarda tarqalgan va ko‘plab madrasalarda o‘qitilgan. Bugungi kunda ham Ibrohim Halabiy asarlari fiqhiy tadqiqotlar, tarixiy tahlillar va zamonaviy huquqiy muammolarga shariat asosida yechim topishda katta ahamiyatga ega. Zamonaviy olimlar uning metodologiyasini o‘rganib, an’anaviy fiqh matnlarini bugungi kunimizda qayta talqin qilishda undan foydalanmoqdalar. U yondashgan uslubda nazariy asos bilan amaliy muvozanat mujassam bo‘lib, bu esa shariat qonunlarini xalq hayotiga moslashtirishda muhim rol o‘ynaydi. Islomiy iqtisod, shariat sudlari va fatvo berish tizimi Halabiy merosidan ilhomlanishda davom etmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Ibrohim Halabiy fiqh ilmining soddalashtiruvchisi, huquqiy tafakkurni amaliy hayotga olib kirgan mutafakkir olim sifatida tarixda mustahkam o‘rin egallaydi. U fiqhiy bilimlarni tizimlashtirib, ularni qonunlashtirish darajasiga olib chiqqan. “Multaqol abhur” asari hanafiy fiqhining durdonasidir. Uning merosi fiqhda aniq metodologiya, tartib va amaliy yondashuv namunasi bo‘lib, hozirgi islom huquqiy tafakkuri rivojida ham muhim manba bo‘lib qolmoqda.

Bekmurod ABDULHAYEV

TII 402-guruh talabasi

448560cookie-checkIBROHIM HALABIY HAYOTI VA ILMIY MEROSI

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: