islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

MUROBAHA SAVDOSI: MOHIYATI, TARIXI VA ZAMONAVIY AHAMIYATI

Murobaha savdosi – moliyaviy operatsiyalarning eng qadimiy va keng qo‘llaniladigan shakllaridan biri bo‘lib, uning asoslari islom iqtisodiyotida ribosiz savdo qilish tamoyillariga asoslanadi. “Murobaha” atamasi arab tilidan olingan bo‘lib, “foyda qo‘shib sotish” yoki “kelishilgan foyda bilan sotish” degan ma’nolarni anglatadi. Ushbu savdo shakli islom iqtisodiyotida savdo munosabatlarining shariat tomonidan belgilangan shaffoflik va adolat tamoyillarini ta’minlash maqsadida shakllangan.

Murobaha savdosining shar’iy asoslari

Murobaha savdosining asoslari Qur’oni Karim va hadislar orqali belgilangan. Qur’oni Karimda ribo (foiz) aniq ta’qiqlangan bo‘lib, savdo esa halol qilingan (Baqara surasi, 275-oyat). Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) ham savdoda ochiqlik, halollik va shaffoflikka urg‘u berganlar. Aynan shu tamoyillar murobaha savdosining shariat talablariga muvofiqligini ta’minlaydi.

Murobahaning asosiy xususiyati – sotuvchi tomonidan tovarning tannarxi va qo‘shiladigan foydaning aniq va ochiq-oshkora qilib xaridorga ko‘rsatilishidadir. Bu shaffoflik bitimning haqiqiyligini, shariatga muvofiqligini ta’minlaydi va riboviy muomalalardan farqlab turadi.

Murobaha savdosining tarixiy shakllanishi

Murobaha savdosining tarixiy ildizlari islomning ilk davrlariga, ya’ni VII asrning boshlariga borib taqaladi. Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) va sahobalar davrida tijorat munosabatlarida mahsulotlarning tannarxi va foyda miqdorini ochiq-oshkora ko‘rsatib savdo qilish keng tarqalgan edi. Bu amaliyot keyinchalik islom huquqi (fiqh) kitoblarida ham o‘z aksini topdi va murobaha bitimlari iqtisodiy munosabatlarning islomiy shakli sifatida tan olindi.

Tarixiy manbalarda murobaha savdosining qo‘llanilishi haqida ko‘plab misollar mavjud. Jumladan, Imom Abu Hanifa va boshqa fiqh olimlarining fatvolarida murobaha bitimlari batafsil yoritilgan. Shuningdek, O‘rta asrlar musulmon savdogarlari orasida murobaha bitimlari tijoratning asosiy shakllaridan biri sifatida keng qo‘llanilganligi tarixiy hujjatlar bilan tasdiqlangan.

Zamonaviy moliya tizimida murobaha savdosi

XX asrning oxirlaridan boshlab, islom iqtisodiyotining qayta tiklanishi va rivojlanishi bilan bir qatorda, murobaha savdosi ham zamonaviy moliya tizimida qayta jonlandi va yanada takomillashdi. Bugungi kunda islom banklari va moliyaviy institutlar tomonidan murobaha savdosining zamonaviy shakllari ishlab chiqilib, keng qo’llanilmoqda. Zamonaviy moliya muassasalarida murobaha shartnomalari orqali ko‘chmas mulk, avtomobillar, ishlab chiqarish uskunalari va boshqa yirik xaridlar moliyalashtirilmoqda.

Murobaha orqali bitim tuzishda bank yoki moliyaviy institut mijozning talabiga ko‘ra mahsulotni xarid qiladi va uni aniq xarajat va belgilangan foyda bilan bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratgan holda sotadi. Shu tarzda moliyaviy muassasalar ribosiz va shariatga mos moliyaviy xizmatlarni taqdim qilishmoqda.

Murobaha savdosining shariat talablari

Murobaha savdosining shariat talablari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

Tannarxning aniq va oshkora bo‘lishi;

Sotuvchi mahsulotga ega bo‘lishi va uning sotuv vaqtida mavjud bo‘lishi;

Foyda miqdorining kelishilgan va qat’iy belgilangan bo‘lishi;

Bitimning shaffofligi va tomonlarning o‘zaro kelishuv asosida amalga oshirilishi.

Ushbu talablar bajarilgan holatda murobaha bitimi shariatga muvofiq va halol hisoblanadi. Aks holda, bitimning shariat tomonidan qabul qilinmasligi va riboviy bitimga aylanish xavfi mavjud.

Xulosa

Murobaha savdosi islom moliyaviy tizimida o‘ziga xos o‘rin tutib, ribosiz moliya amaliyotlarini amalga oshirish uchun samarali vositadir. Uning tarixiy ildizlari va zamonaviy rivojlanish istiqbollari murobahaning iqtisodiy ahamiyatini yanada oshiradi. Biroq, murobaha bitimlarining shariat talablariga qat’iy muvofiq amalga oshirilishi uning halolligini va zamonaviy iqtisodiyotda keng qo‘llanilishini ta’minlash uchun asosiy shart bo‘lib qolmoqda.

Tillayev Muhammadali

TII 404-guruh talabasi

448600cookie-checkMUROBAHA SAVDOSI: MOHIYATI, TARIXI VA ZAMONAVIY AHAMIYATI

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: