Konstitutsiya – suveren davlatning huquqiy asoslarini belgilovchi, davlat hokimiyati va jamiyat taraqqiyotining umumiy yo‘nalishlarini aniqlab beruvchi oliy huquqiy hujjat hisoblanadi. U davlat mustaqilligi va barqaror rivojlanishining muhim kafolatidir.
Konstitutsiyaning bosh maqsadi — davlat suverenitetini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda jamiyat hayotini huquqiy asosda tartibga solishdan iborat. Ushbu hujjat xalq irodasiga tayangan holda qabul qilinib, milliy manfaatlar va tarixiy qadriyatlarga mos ravishda shakllantiriladi.
Konstitutsiyaning asosiy maqsad va tamoyillari:
•Davlat suverenitetini ta’minlash
Davlatning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va siyosiy barqarorligi huquqiy jihatdan kafolatlanadi.
•Xalq hokimiyatchiligi
Davlat hokimiyatining yagona manbai xalq ekanligi mustahkamlanadi.
•Qonun ustuvorligi
Barcha davlat organlari va fuqarolar Konstitutsiya hamda qonunlarga bo‘ysunishi majburiy etib belgilanadi.
•Vijdon erkinligini kafolatlash
Har bir shaxsning dinga e’tiqod qilish, uni erkin ado etish yoki umuman e’tiqodsiz bo‘lish huquqini ta’minlash davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanadi.
•Davlat va dinning ajratilganligi
Davlat diniy tashkilotlarga nisbatan betaraf bo‘lib, ularning ichki faoliyatiga aralashmaslik tamoyiliga amal qiladi.
•Diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlik
Turli diniy e’tiqodlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va tinchlikni mustahkamlash ijtimoiy barqarorlikning muhim sharti sifatida e’tirof etiladi.
•Fuqarolarning diniy huquqlarini himoya qilish
Diniy e’tiqod sababli kamsitilish, bosim yoki cheklovlarga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilab qo‘yiladi.
•Diniy sohada qonun ustuvorligi
Diniy faoliyat Konstitutsiya va qonunlar doirasida amalga oshirilishi, diniy erkinliklar jamiyat xavfsizligi va jamoat tartibiga zid bo’lmasligi nazarda tutiladi.
•Inson manfaatlari oliy qadriyat sifatida e’tirof etiladi.
Konstitutsiya normalarining real hayotda tatbiq etilishi huquqiy ong, mas’uliyat va ijro intizomiga bog‘liq bo‘lib, aynan shu omillar huquqiy davlat barpo etishda muhim rol o’ynaydi.
Konstitutsiya suveren davlatning huquqiy tayanchi bo‘lib, uning barqarorligi va taraqqiyotini ta’minlaydi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson manfaatlarini ustuvor qo‘ygan holda davlat mas’uliyatini kuchaytirdi. Vijdon erkinligini ta’minlash va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash esa jamiyat barqarorligiga xizmat qiluvchi muhim konstitutsiyaviy maqsadlardandir.
Toshkent islom instituti 102-guruh talabasi Muhammadamin G’IYOSIDDINOV






