islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

FAZILATLI O‘N KUN

Barchamizga ma’lumki, Ramazon oyi uch xil fazilatga ega: birinchi o‘n kunlik Allohning rahmati nozil bo‘ladigan kunlar; ikkinchi o‘n kunlik Allohning mag‘firati keng bo‘lgan kunlar; uchinchi o‘n kunlik esa, ro‘zador bandalar do‘zaxdan ozod qilinadigan kunlardir. Ushbu o‘rinda uchinchi o‘n kunlikning asosiy fazilatlari haqida so‘z yuritamiz.

Qadr kechasi – ming oydan yaxshiroq kechadir. Ramazonning oxirgi 10 kunining eng ulug‘ fazilatlaridan biri – Qadr kechasi shu kunlar ichida bo‘lishidir. Alloh taolo Qadr kechasi haqida shunday marhamat qiladi: “Biz uni (Qur’onni) Qadr kechasida nozil qildik. Qadr kechasi nima ekanligini (sen) qayerdan bilasan?! Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir”(Qadr surasi, 1–3-oyatlar).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Qadr kechasini Ramazonning oxirgi 10 kunida, ayniqsa, toq kechalardan izlashga buyurganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Kim Qadr kechasini imon bilan, savob umidida o‘tkazsa, uning avvalgi gunohlari kechiriladi” (Buxoriy va Muslim rivoyati). Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh: «Qadr kechasi uchun maxsus namoz yo‘q», deb ta’lim berganlar. Bu kechada qazo namozlar, nafl va tahajjud namozlarini o‘qigan afzal. Bundan tashqari, Qur’oni karim tilovati, Allohni ulug‘lab aytiladigan tasbeh, istig‘for va zikrlar, payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamga bag‘ishlab salavot va durudlar aytish ulkan ajr-savoblarga sabab bo‘ladi.

Shu sababli musulmonlar oxirgi 10 kunlikda ayniqsa, 21, 23, 25, 27 va 29-kechalarida ibodatlarini yanada ko‘paytirishlari lozim.

E’ikof – Allohga yaqin bo‘lish ibodatidir. Ramazonning oxirgi 10 kunida Rasuli Akram ﷺ masjidda e’tikofga kirib, to‘liq ibodat va zikr bilan mashg‘ul bo‘lganlar. E’tikof – Allohga bandalik qilish uchun masjidga joylashish ibodatidir. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam Ramazonning oxirgi o‘n kunida e’tikof qilardilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

E’tikof qilgan kishi dunyoviy tashvishlardan uzilib, faqat ibodat va duo bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bu ibodat qalbni poklaydi va Allohga yaqinlashtiradi.

Gunohlardan poklanish va duo qilishning eng yaxshi fursati. Ramazonning oxirgi 10 kunida musulmonlar gunohlarga istig’for aytish va Allohdan hojatlarini so’rash uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘ladilar. Shuningdek, oxirgi 10 kunlikda musulmonlar Qur’on tilovatini ko‘paytirishlari, ko‘proq nafl namoz o‘qishlari, sadaqa va xayriya qilishlari, Allohni ko‘p zikr qilishlari, ko‘ngilni tozalash va qalb pokligi uchun duo qilishlari kerak.

Ramazonning oxirgi o‘n kuni do‘zaxdan najot topish kunidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlar: “Alloh Ramazonning har kechasida bandalaridan bir qismini do‘zaxdan ozod qiladi” (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati). Bu kunlar musulmonlar uchun najot va mag‘firat eshiklari ochiq turgan eng qadrli onlar hisoblanadi. Shuning uchun ramazonning oxirgi 10 kunida musulmonlar Qadr kechasini izlashlari, e’tikofga kirishlari, ibodatlarini kuchaytirishlari, sadaqa qilishlari va ko‘proq duo bilan mashg‘ul bo‘lishlari kerak. Chunki bu kunlar Alloh taoloning rahmat va mag‘firati eng mo‘l yog‘iladigan kunlardandir.

Alloh taolo barchamizni bu kunlarning barakalaridan bahramand qilsin va Qadr kechasini to‘g‘ri o‘tkazishimizni va Ramazon oyidan barcha gunohlardan poklangan holda chiqishimizni nasib etsin. Omin!

Samandar ISLOMOV,

TII 1-kurs talabasi (manbalar asosida tayyorlandi)

441850cookie-checkFAZILATLI O‘N KUN

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: