islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

“VASILA QILISH” MOHIYATI, TURLARI

Shari’ati islomiyada muqarrarki, inson bajaradigan har qanday amal Alloh subhanahu va taolo huzurida maqbul boʻlishi uchun ikkita shart topilishi lozim:

Birinchisi, amal Alloh uchun xolis boʻlmogʻi zarur, u bilan riyo va sumʼa, shuningdek, biron dunyoviy manfaat koʻzlangan boʻlmasligi lozim. Alloh taolo aytadi: «Kim Parvardigoriga roʻbaroʻ boʻlishidan umidvor boʻlsa, u holda yaxshi amal qilsin va Parvardigoriga bandalik qilishda biron kimsani (unga) sherik qilmasin!» (Kahf 110).

Ikkinchisi, amal toʻgʻri boʻlishi yaʼni, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga muvofiq boʻlishi lozim. Agar Nabiy sollallohu alayhi va sallamning yoʻllariga xilof boʻlsa maqbul boʻlmaydi.

Hamma davrlarda ham ayrim odamlar tushunib olishi qiyin boʻlgan masalalardan biri – tavassul (vosita qilish) masalasidir. Shu bois koʻpchilik tavassulning ta’qiqlangan va bidʼat boʻlgan hamda Islom asoslariga va Nabiy sollallohu alayhi va sallamning hidoyatlariga zid boʻlgan turlariga aralashib qolib, ularning amallari qabul boʻlishidagi shartlarning ikkinchisidan mahrum boʻladi.

Vasila – duoning maqbul boʻlish darajasini koʻtarish maqsadida qilinadi. Bu ish Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga koʻra, joiz amal hisoblanadi.

Vasila soʻzi lug‘atda “U bilan oʻzgaga yaqin boʻlinadigan narsa” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, “Duo ijobat boʻlishi uchun Alloh taologa Uning huzurida qadrli ekani bilingan narsani aytib duo qilish “vasila” deb ataladi. Soddaroq qilib aytadigan boʻlsak, Alloh taoloning ism va sifatlari, Payg‘ambarlar, sahobalar va solih bandalar, shuningdek, yaxshi amallarni vosita qilib Alloh taologa duo qilish – Vasila deyiladi.

Vasilaning mohiyati oʻzi nima? Mohiyati shundaki, banda robbisidan soʻrayotgan narsasiga robbisiga suyukli, uning huzurida qadrli boʻlgan biror narsa yoki solih kishilardan birini vosita qilish orqali erishmog’idir.

Hozirgi kunda ba’zi insonlar bilimsizlik tufayli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam yoki solih insonlarni duolariga vasila qilganlarni kofirga chiqarib, ularga “mushrik” nomini tamg‘a qilmoqdalar.

Ahli sunna ulamolari oʻz asarlarida vasila qilishning joiz ekaniga oyat va hadislardan qator dalillarni keltirishgan. Jumladan, Alloh taolo Qur’oni karimda moʻmin insonlarni vasila qilishga amr qilib bunday deydi:

{ یَـٰۤأَیُّهَا ٱلَّذِینَ ءَامَنُوا۟ ٱتَّقُوا۟ ٱللَّهَ وَٱبۡتَغُوۤا۟ إِلَیۡهِ ٱلۡوَسِیلَة}

“Ey, iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Unga vasila axtaringiz” (Moida surasi, 35-oyat).

Ushbu oyatda Alloh taolo insonlarga Oʻziga vasila izlashlarini buyurmoqda. Tafsir kitoblarida ushbu oyat haqida vasila Allohning ism va sifatlari, yaxshi amallar, payg‘ambarlar va solih bandalar ekani aytilgan. Imom Moturidiy rahmatullohi alayh: “Bu oyat Allohga isyon qilishdan saqlanish bilan Unga muqarrab boʻlishga urininglar” ma’nosini anglatadi”, deganlar.

Hofiz Imomuddin ibn Kasir rahmatullohi alayh oyatdagi: “Unga vasila axtaringiz”, degan soʻzining tafsirida quyidagilarni yozgan: “Vasila u bilan maqsadni hosil qilishga erishiladigan narsadir”.

Murshidul olam Shayx Xoja G‘ulom Habib ma’ruzalarining birida ushbu oyat haqida quyidagilarni aytgan edi: “Osmondan yomg’irni kim tushiradi? Yomg’irni osmondan Alloh tushiradi, lekin bulut vasila boʻladi. Goʻdaklarga kim rizq beradi? Goʻdaklarga Alloh rizq beradi, lekin ota-ona vasila boʻladi. Qabrlarga nurlarni kim tashlaydi? Qabrlarga nurlarni Alloh tashlaydi, lekin shayx vasila boʻladi. Alloh taolo bandalariga: “Unga vasila axtaringiz”, degan.

Usmon ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir koʻzi ojiz kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib: “Allohga duo qiling, menga shifo bersin”, – dedi. “Xohlasang duo qilaman. Xohlasang sabr qil. Bu sen uchun yaxshidir”, – dedilar. “Duo qiling”, – dedi. Uni yaxshilab tahorat qilishga va ushbu duoni oʻqishga amr qildilar: “Allohim! Albatta, men Muhammad – rahmat Payg‘ambari ila Sendan soʻrayman va Senga yuzlanaman. Ey Muhammad! Albatta, ushbu hojatim ravo boʻlishi uchun Robbimga sizni vosita qilib yuzlandim. Allohim! U Zotning men haqimdagi shafoatini qabul qil!” Shundan soʻng uning koʻzi ochilgan holda qaytib ketdi. (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyat qilgan).

Ushbu rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam koʻzi ojiz insonga duo qilayotganda Payg‘ambarni vosita qilib soʻrashni oʻrgatdilar. Shunga binoan insonlar duolarida Rosululloh sollallohu alayhi va sallamni oʻrtaga qoʻyib istaklarini soʻrashlari mana shu hadisga muvofiq boʻladi.

Afsuski, bugungi kunda aynan Rosulullohni ravzalarida turib u zot sollallohu alayhi va sallamni vasila qilishni ham bida’t va kufr deydiganlar ham bor.

Mana vasilaning dalillarini naqliy va aqliy jihatdan oʻrganib oldik. Endi uning turlari, joiz va nojoiz oʻrinlarini bilib olamiz.

Ahli sunnaning toʻrt mazhab ulamolari tomonidan vasila qilishning joiz ekani, uning turlari hamda mumkin boʻlmagan tavassul masalasini keng yoritib berganlar. Unga koʻra vasilaning beshta turi boʻlib, ulardan toʻrttasining joiz ekanida biror ixtilof yoʻqdir:

  1. Zamon. Arofat kuni, Ramazon oyi, Zul hijjaning oʻn kuni, har kechaning oxirgi qismi va hakozo vasila qilinadigan ma’lum bir vaqtlar boʻlib, ularni vasila qilib duo qilish mumkin hisoblanadi. Masalan, “Ey Allohim, Ramazon oyini vasila qilib soʻrayman”, deyish mumkin.
  2. Makon. Ka‘ba, Rasullulloh sollallohu alayhi va sallamning ravzalari, Masjidul Aqso va hokazo kabi vasila qilinadigan ma’lum bir makonlar boʻlib, ularni vasila qilib duo qilish mumkin hisoblanadi. Masalan, “Ey Allohim, Ka’bani vasila qilib soʻrayman”, deyish mumkin.
  3. Hol. Ya’ni vasila qilinadigan ma‘lum bir holatlar bor. Masalan, suyanadigan hamma narsasidan umidi uzilib, hech iloj topa olmay chorasiz qolgan kishi oʻzining nochor holatini vasila qilib soʻrashi mumkin hisoblanadi. Bunday holatga tushgan kishining duolari qabul boʻlishi Qur’oni karimda bayon qilingan:

أَمَّنْ يُجِيبُ الْمُضْطَرَّ إِذَا دَعَاهُ وَيَكْشِفُ السُّوءَ وَيَجْعَلُكُمْ خُلَفَاءَ الْأَرْضِ أَءِلَهٌ مَعَ اللَّهِ قَلِيلًا مَا تَذَكَّرُونَ

“Yoki noiloj odam duo qilgan vaqtida (duosini) ijobat qiladigan va (undan) yomonlik (musibatni) yoʻq qiladigan hamda sizlarni Yerning oʻrinbosarlari qiladigan zot (yaxshi)mi?! Alloh bilan birga (yana birov) iloh bormi?! (Nasihatdan) kamdan-kam eslatma olursiz”. (Naml surasi 62-oyat).

Oyatning “noiloj odam duo qilgan vaqtida (duosini) ijobat qiladigan…” jumlasida Alloh taolo muztar boʻlgan insonning duosini qabul qilishini eslatmoqda. Zero, suyanadigan hamma narsadan umid uzilib, chorasiz qolgan paytda beixtiyor Alloh taologa iltijo qilishga oʻtish barcha insonlarning tabiatida bor boʻlgan xususiyatdir.

  1. Amallar. Ya‘ni vasila qilinadigan ma‘lum bir amallar bor. Masalan, namoz oʻqib, roʻza tutib, sadaqa berib, haj qilib, umra qilib, Qur‘on tilovat qilib, zikr va tasbeh aytib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga salavot aytib, istig‘for aytib, duo qilib, moʻminlarning duolarini olib, Alloh taoloning goʻzal ismlarini aytib, savob ishlar qilib va harom ishlardan voz kechib vasila qilish mumkin:

Vasilaning yuqoridagi toʻrtta turining joizligida ixtilof yoʻq. Ammo quyidagi beshinchi turi haqida ixtilof qilingan[7].

  1. Ma’lum shaxslarni vasila qilish. Ya’ni ma’lum shaxslarni vasila qilish mumkin. Ammo bunday vasila qilish mumkin emas deganlar ham boʻlgan. Vasilaning shu turi haqidagi ixtiloflarni umumiy uch qismga ajratish mumkin:

Mu’tazila va xavorij firqalari har qanday shaxsni vasila qilishni inkor qilishgan. Oʻzlarining bu da’volariga Qur’on va sunnatda kelgan umumiy xabarlarni dalil qilib keltirishgan. Masalan, Qur’oni karimda faqatgina Allohdan yordam soʻrash bayon qilingan:

إِيَّاكَ نَسْتَعِينُ

“Va faqat Sendangina yordam soʻraymiz”.

Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday xabar berganlar:

إِذَا سَأَلْتَ فَاسْأَلِ اللَّهَ وَإِذَا اسْتَعَنْتَ فَاسْتَعِنْ بِاللَّهِ

“Agar soʻrasang, Allohdan soʻra, agar yordam soʻrasang, Allohdan yordam soʻragin”. (Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Ahli sunnaning jumhuri biror ulug‘ shaxsni vasila qilish joizdir, vasila qilish uchun u zotning tirik boʻlishi shart emas, deganlar. Shuningdek, yuqoridagi hadisni dalil qilib keltirganlarga bir qancha radiyalar qilishgan.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, shar’an joiz boʻlgan vosila – “Ey Allohim! Men Sendan falon yaxshi amalim yoki falon insonning Seni huzuringdagi hurmati ila soʻrayman” shaklida boʻladi. Vallohu a’lam.

Zoirjon JURABOYEV,

TII 405-guruh talabasi

444820cookie-check“VASILA QILISH” MOHIYATI, TURLARI

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: