islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Til o‘rganishda tarjima nazariyasining o‘rni

“Tarjima – adabiyotning xalqaro tilidir” Abdulla Qodiriy

Tarjima san’atiga oid qarashlar insoniyat muloqotga ehtiyoj sezgan ilk davrlardayoq shakllana boshlagan. Tarixga nazar tashlasak, har bir tarjimon o‘z faoliyati davomida muayyan tamoyillar va shaxsiy qarashlariga tayanib ish ko‘rganini ko‘ramiz. IX asrning birinchi yarmida xalifa Ma’mun ar-Rashid tomonidan Bag‘dodda tashkil etilgan “Bayt ul-hikma” (Donishmandlar uyi) akademiyasi tarjimonlik faoliyatini tizimli asosga qo‘ygan ilk yirik ilmiy markazlardan biridir. Bu yerda yunon, fors, yahudiy, sanskrit va suryoniy tillaridan ko‘plab ilmiy, falsafiy hamda axloqiy asarlar arab tiliga o‘girilib, sharhlar bilan boyitilgan holda Islom olamiga tarqatilgan.

Tarjima nazariyasining ahamiyati shundaki, u tarjimonlarning o‘zboshimchalik bilan ish tutishlariga chek qo‘yadi va badiiy tarjimaning amaliyotda sinalgan samarali usullarini ko‘rsatib beradi. Mazkur fan tarjima jarayonidagi muammolarni hal qilish yo‘llarini o‘rgatadi. Ko‘p asrlik tajribalarni tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan me’yorlar bugungi kunda tarjimonlar uchun muhim yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonda tarjimashunoslik XX asr o‘rtalariga kelib mustaqil fan sifatida shakllandi. Vaholanki, yurtimizda tarjima tarixi ming yillik ildizlarga ega. Ajdodlarimiz arab, fors, hind, turk va rus tillaridan diniy, siyosiy, falsafiy va badiiy asarlarni mahorat bilan o‘girib kelishgan. Qadimiy tarjimalarga yozilgan muqaddimalar shundan dalolat beradiki, o‘sha davrlarda ham tarjimonlar ma’lum qonun-qoidalarga amal qilishgan. Bu esa nazariyaning amaliyot bilan baravar rivojlanib kelganini isbotlaydi.

Mustaqillik yillarida o‘zbek tarjima maktabi yangi bosqichga ko‘tarildi. G‘aybulla Salomov, Xurshid Davron, Muhammad Ali, Ibrohim Gafurov, Qudratxon Musayev, Abduzuhur Abduazizov, Muhammadabbos Irisqulov, Abduazim Sodiqov va Najmiddin Komilov kabi yetuk olimlar soha rivojiga ulkan hissa qo‘shdilar. Ayniqsa, professor G‘aybulla Salomov o‘zbek tarjimashunoslik maktabining asoschisi sifatida taniladi. Olimning “Maqol, matal va idiomalar tarjimasi”, “Badiiy tarjimaning leksik-frazeologik masalalari” kabi risolalari bugungi kun talabalari uchun asosiy manba hisoblanadi.

G‘aybulla Salomovning qayd etishicha, “tarjima” atamasi forscha “tarzabon” (chiroyli so‘zlovchi, notiq) so‘zi bilan bog‘liq bo‘lib, arab tilidagi “tarjumon” shakli orqali bizga o‘tgan. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da tarjima ham jarayon, ham natija sifatida ta’riflanadi. Bu shuni anglatadiki, tarjima nafaqat tayyor matn, balki bir tildan ikkinchi tilga o‘girishning murakkab ijodiy jarayonidir.

Bugungi globallashuv davrida xalqlararo siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni tarjimasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Boshqa xalqlar hayotidan bexabarlik milliy mahdudlikka olib keladi. Tarjima  madaniyatlararo ko‘prik bo‘lib, tillarning lug‘at tarkibi boyishiga va ilmiy-texnik taraqqiyot jadallashishiga xizmat qiladi. Til bilish dunyoga chiqish eshigi bo‘lsa, tarjima nazariyasi ushbu “eshik”dan to‘g‘ri kirish va olingan axborotdan mahorat bilan foydalanish san’atidir. Shuni unutmaslik kerakki, shunchaki til o‘rganish hali tarjimon bo‘lish degani emas. Tarjimon o‘z ona tilini ham mukammal bilishi, obrazli tafakkur qobiliyatiga ega bo‘lishi va muallif dunyoqarashini his qilishi shart.

Hozirgi kunda ta’lim tizimida xorijiy tillarni o‘qitish va tarjimonlar tayyorlashga katta e’tibor berilmoqda. Sh. Bo‘tayev, A. Irisqulov, X. Ibragimov kabi olimlar tomonidan yaratilgan lug‘atlar, shuningdek, O. Mo‘minov va N. Qambarovlarning darsliklari bu borada muhim poydevor bo‘lmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, har bir matn ma’lum bir millatning turmush tarzi va an’analarini aks ettiradi. Tarjima jarayonida asl nusxadagi bayon tartibi va mazmuniy yaxlitlikni saqlash eng ustuvor vazifadir. Asliyat va tarjima o‘rtasidagi semantik muvofiqlik (ekvivalentlik) axborotning to‘laqonli yetib borishini ta’minlaydi. Shoh asarlar faqatgina yuksak malakali tarjimonlar va so‘z san’atkorlarining mehnati bilan dunyoga keladi. Tarjima — tillararo muloqot vositasi bo‘lish bilan birga, bashariyatni ma’naviy jihatdan birlashtiruvchi qudratli kuchdir.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Ochilov E., Xodjayeva N. Tarjima nazariyasi. – Toshkent: 2020. – 182 b.

Elektron manbalar:

  1. yozma-nutq.uz
  2. cyberleninka.ru
  3. uza.uz
  4. kh-davron.uz
  5. gujum.uz

Tayyorladi: Tillar kafedrasi katta o‘qituvchisi Faxriddin YERNAZAROV

463360cookie-checkTil o‘rganishda tarjima nazariyasining o‘rni

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: