islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Zamonni ayblamaylik

Zamonni ayblash, so‘kish, haqorat qilish qabih ish bo‘lib, Islom shariati bu ishni qilishdan qaytaradi. Zamonni so‘kish dastlab dahriylardan so‘ngra, e’tiqodda bularga muvofiq bo‘lgan arab mushriklari, Allohni inkor etuvchi kimsalardan sodir bo‘lardi. Dahriylarning e’tiqodicha har o‘ttiz olti ming yilda barcha narsa o‘z asl holatiga qaytadi ya’ni, bizni faqat zamon o‘ldiradi va zamon tiriltiradi, faqat zamongina butun mavjudotni boshqaradi der edilar. Bu yolg‘on aqiydani yolg‘on ekanini isboti o‘laroq islom manbai bo‘lgan Qur’oni karim hamda hadisi nabaviyda bir qancha dalillar keltirilgan. Quyidagi hadisi qudsiy ham dahriylarning yolg‘on e’tiqodiga qarshi hujjatdir.

 عن ابى هريرة رضى الله عنه قال قال رسول الله صلى الله عليه و سلم قال الله تبارك و تعالى يؤذينى ابن آدم يسب الدهر و انا الدهر بيدي الامر اقلب الليل و النهار رواه البخاري    

Abu Hurayra roziyallohu anhudan  rivoyat qilinadi: Rosululloh sollolohu alayhi vasallam aytdilar: Alloh taboroka va taolo dedi: “Odam bolasi menga ozor beradi. Zamonni so‘kadi Zamon menman. Ish mening  qo‘limda.  Kecha va kunduzni men aylantirib turaman”. (Imom  Buxoriy rivoyat qilgan.)

Ushbu hadisni Humaydiy r.a va Zuhriy r.a Sayyid ibn Musayyabdan, Sayyid ibn Musayyab esa Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar. Bu hadis qudsiy hadislardan sanaladi. Alloh taoloning يؤذينى  (yu’ziyniy – menga ozor beradi)degan so‘zi mutashobeh so‘zlardan bo‘lib, buni Allohning o‘ziga havola qilish yoki ta’vil qilish lozim bo‘ladi. Shuningdek “qo‘l” va “zamon” so‘zlarini ham. Bu so‘zlarni ta’vil qiladigan bo‘lsak, “aziyat berish” ni Allohga nisbat berish bu Allohga loyiq bo‘lmagan ish.  “Qo‘l” ni “qudrat” deb, “zamon” ni esa zamonni o‘zgartirib turuvchi deb ta’vil qilinadi. (Umdatul qoriy)

Alloh taoloning “zamonni so‘kadi zamon menman” degan so‘zi borasida Imom Xattobiy r.a:

“Buning ma’nosi, “men sohibi zamonman, zamonga nisbat berilgan ishlarni men tadbir qiluvchiman”. Kim ushbu ishlar sababidan zamonni haqorat qilsa, uning haqorati ushbu ishlarni haqiqiy sohibi allohga qaytadi”. dedilar.

Alloh taolo “ish mening qo‘limda, kecha va kunduzni men aylantirib turaman” degan so‘zi bilan zamon hodis(maxluq) ekanini, kecha va kunduzni aylantirib turuvchi faqat Alloh taolo ekanini anglatmoqda.

Ushbu hadisdan kelib chiqadigan hukm, yaxshi va yomon ishlarni zamonga nisbat berish mutlaqo joiz emas. Kim agar shunaqa e’tiqodda bo‘lsa, darhol tavba qilib o‘ziga mag‘firat so‘rashi lozim bo‘ladi. Bu e’tiqod ahli tavhid e’tiqodiga ziddir.

Afsus nadomatlar bo‘lsinki, ba’zi nodon musulmonlarning hayot tashvishidanmi, ishi yurishmagani sababmi yoki boshqa bir narsalar sabab zamondan norozi bo‘lish, hatto uni haqoratlashgacha borishganini hayotda uchratamiz. Bu narsa o‘sha musulmon aqidasini mustahkam emasligiga dalolat qilib qolmaydimi? Demakki og‘zimizdan chiqayotgan har bir so‘zga e’tibor qilishimiz lozim. Zamon haqida aytayotgan har bir so‘zimiz sohibi zamon bo‘lgan buyuk Alloh taologa qaytayotganini esdan chiqarmaylik.

Toshkent islom instituti o’qituvchisi

Axadov Inomjon

421830cookie-checkZamonni ayblamaylik

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: