Bugungi kunda moddiy farovonlik ichida yashayotgan Po‘lat hayotidan mamnun emas edi. Ramazon oyida uyida ayoli tayyorlab bergan iftorlik ham uning dilini xira qildi. Dasturxondagi taomlarga qarab, «iftorlikka durustroq narsa tayyorlasanglar bo’lmaydimi?», deb hafsalasizlandi. Ayolining va ikki qizining urinishlarini qadrlamay, qo’pol ohangda bir-ikki gap aytib, jahli chiqqan holda joyiga borib yotdi. U norozi kayfiyatda yotib, iftorlikning unga yoqmaganidan o‘zicha nolidi. Ko‘ngli xotirjam bo‘lmagan holda, uxlashga harakat qildi.
Shu holatda uxlarkan, tush ko‘rdi: Birdan osmonda chaqnash yuz berdi va u o‘zini qattiq chang bosgan jang maydonida topdi. Atrofida qilichlarning jaranglashi, otlarning kishnashi va odamlarning harbiy shiorlari eshitilardi.
Po‘lat hayratdan qotib qoldi. U atrofga nazar tashlar ekan, bu oddiy jang emasligini tushundi – bu Badr jangi edi. Sahobalar ko‘pchiligi och, ichimlik suvi kam edi. Lekin ular Allohga tavakkul qilib, sabr va matonat bilan jangga tayyorgarlik ko‘rishayotgan edi. Po‘lat o’zini musulmonlar tomonga oldi va u yerda buyuk sahobalar bilan ko‘rishib, tanishish baxtiga sazovor bo‘ldi. Ular bilan suhbatlasharkan, ularning chehralarida qat’iyat va sadoqatni ko‘rdi. Bu insonlar oddiy jangchilar emas, balki haq yo‘ldan og‘ishmagan, Allohga bo‘lgan ishonchini hech qachon yo‘qotmagan buyuk fidoyilar edi.
Po‘lat Payg‘ambarimizning (s.a.v.) eng yaqin safdoshlari bilan suhbatlashdi, ularning hikmatli so‘zlarini tingladi va sabr-toqat, tavakkul hamda ixlosning chin ma’nosini anglay boshladi. U sahobalarning hayotga bo‘lgan qarashlari, qiyinchiliklarga sabr qilishdagi matonatlarini kuzatib, o‘z hayotini o‘ylay boshladi.
Bu uchrashuv uning qalbida chuqur iz qoldirdi. U o‘zining beparvoligi va noshukurligi ustida mulohaza yuritib, shunday sabrli, Allohga tavakkul qiluvchi insonlar qatoriga qo‘shilishni istadi.
U musulmonlarning son jihatdan kamligini ko‘rib hayron qoldi. Ammo ularning yuragida qo‘rquv emas, imon bor edi. Har bir sahoba o‘limdan qo‘rqmas, Allohning yo‘lida jang qilishga tayyor edi. Bir askar Po‘latning yonboshini turtib o‘tganida qo’rqib ketdi va yuragi shiddat bilan ura boshladi. U hayotida birinchi marta haqiqiy jangning naqadar shiddatli va dahshatli ekanini his qildi. Atrofida qilichlar chaqnab, odamlarning joni uchun kurashayotganini ko‘rib, oyoqlari qaltiray boshladi. Hech qachon bu qadar o‘limga yaqin bo‘lmaganini tushundi.
Po‘lat jang maydonida musulmonlarning sabr-toqati va imonining qanchalik mustahkam ekanini ko‘rib, o‘z zamonidagi noshukurlikdan afsuslandi. U ham kofirlarga qarshi jang qilishga harakat qildi, lekin jang qurollari va kiyimlari unga haddan tashqari og‘ir va noqulay tuyuldi. Qilichni ko‘tarishga kuchi yetmay, zirh esa uning harakatlarini qiyinlashtirardi. Bundan tashqari, u chanqoq va ochlik azobini his qila boshladi. Musulmon jangchilari esa shu holatda ham sabr bilan jang qilayotganiga guvoh bo‘lib, ularning irodasidan yanada hayratga tushdi. Sahobalar og‘ir ochlik va chanqoqlikka qaramay, sabr bilan Alloh yo‘lida kurashishdi. U o‘zini juda ojiz his qildi. Dunyo boyligi bilan o‘ralgan hayotida shukr qilishni unutib qo‘ygan edi.
Badr g‘alabasi bilan musulmonlarning yuzlari yorishdi. Ularning qiyinchiliklarga qaramay, qanday buyuk ishlarni amalga oshirganlarini ko‘rib, Po‘lat ich-ichidan larzaga tushdi. U endi nimaga haqiqatdan ham shukr qilish lozimligini tushundi.
Birdan osmonda yana chaqnash sodir bo‘ldi. Po‘latning atrofini yorug‘lik qopladi va u asta-sekin hushiga kela boshladi. Nafasi ichiga sig‘may, yuragi gupillab ura boshladi. U o‘zini allaqanday iliq muhitda his qildi va asta-sekin ko‘zlarini ochdi. Qarshisida hayrat va tashvish bilan qarab turgan ayoli va ikki qizining nigohiga duch keldi. Po‘lat chuqur nafas oldi, yuragi titrab, hayotidagi eng katta tushunchani anglagan holda, qo‘llarini osmonga ko‘tardi va:
«Ey Robbim, men adashgan edim. Meni hidoyatga qaytarganing uchun ming shukr!», dedi.
Shu kundan boshlab Po‘lat noshukrlikdan voz kechdi va hayotiga boshqacha nazar bilan qaray boshladi. U yurt tinchligining naqadar katta ne’mat ekanini tushundi. Badr jangining shiddatini, o‘lim bilan yuzma-yuz kelgan insonlarning qo‘rqmasligini va urushning og‘irligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan edi. U o‘z zamonida urushsiz, osoyishta hayot kechirayotganini anglab, bunga shukr qildi. Endi tinchlikni oddiy narsa emas, balki buyuk ne’mat sifatida qabul qilardi. U yurti tinch bo‘lishi uchun o‘z atrofidagilarga mehr-oqibat bilan munosabatda bo‘lishni o‘ziga shior qilib oldi. U jang maydonida ochlik va chanqoqlikning qanday og‘ir sinov ekanini o‘z tanasida his qilgani sababli, qorni och odamlarning holini chuqur tushuna boshladi. U yetim, beva va kambag‘allarga yordam beruvchi bo‘ldi, o‘zining boshidan kechirgan tajribasidan saboq olib, boshqalarni ham shukr qilishga, ochlik va qiyinchilikning asl mohiyatini anglashga undadi. Har bir rizqini qadrlay boshladi. Ramazon oyining haqiqiy ma’nosini tushungan holda, shokir bandalardan bo‘ldi. Endi u har bir iftorlik va saharlikda Allohga hamdu sanolar aytar, har bir ne’matga minnatdor bo‘lar edi.
Anvar XUJAXANOV,
405-guruh talabasi