Alloh taolo bandalarining abadiy saodat-farovonlikka erishishlari uchun hayot taqvimida rahmat va mag’firatga to’la, ruhimizni oziqlantiradigan ayrim ma’naviy mavsumlarni belgilab qo’ygan. Ularning ichida eng barakotlisi shubhasiz, muborak Ramazon oyidir. Ushbu oyda bizga hidoyat manbai bo’lgan Qur’on nozil qilingan. Bu oyda ro’za tutish ibodati ruhiy yetuklikka erishishning o’ziga xos vositasi sifatida farz qilingan. Alloh taolo bu oyni iftorlik, taroveh va saharliklar bilan fayzli qildi. Ming oydan afzal bo’lgan qadr kechasi ham aynan shu oydadir. Ramazon oyida zakot, sadaqa va ehson kabi ibodatlar tufayli kambag’allar yuzlariga tabassum, qalblariga quvonch kiradi. Bu oyda osmon darvozalari ochilib, Jahannam eshiklari yopiladi. Shu sababli bu oy mo’minlarga abadiy baxt eshiklarini ochadi, butun ummatga istiqbol yo’lini ko’rsatadi.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday deydi: “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan oldingilarga ro’za farz qilingani kabi, sizlarga ham ro’za farz qilindi. Shoyadki, taqvoli bo’lsangiz” (Baqara, 183-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo O’zining shariatida hikmat va rahmatni jamlagan. Ro’zani oson va avvalgi ummatlarga ham farz qilinganini eslatish orqali ro’zani qabul qilishni yengillashtirgan. Alloh taolo “Sizlardan oldingilarga ham ro’za farz qilingan edi” degan habarni keltirishning foydasi shundaki, bu habar ummatga ruhiy rag’bat beradi, chunki bu amalda bu ummat yolg’iz emas. Barcha zamonlarda bu amr foydali bo’lgani uchun ular ham uni ado etishga harakat qilishlari kerak.
Oyatda “shoyadki, taqvoli bo’lsangiz” – deb keltirildi. Ro’za qanday qilib insonni taqvoga olib boradi?
Bunga quyidagicha javob beriladi: Ro’za shahvatni tiyadi, bu esa gunohlarga olib boradigan istaklarni susaytiradi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlar: “Kim uylanishga qodir bo’lsa, uylansin, kim qodir bo’lmasa, ro’za tutsin. Chunki ro’za shahvatga qarshi qalqondir”. Yuqoridagi oyatlarga amal qilib, Ramazon oyidan boshqa oylarda ham eng kamida tarqoq holda bo’lsa ham uch kun ro’za tutish qalbni isloh qilish va taqvo urug’ini qalbimizda undirish uchun muhim hisoblanadi.
Alloh taolo ro’zani boshqa ibodatlardan afzalligini o’ziga xos qildi. Chunki, u nafsni lazzatlardan tiyadi. U faqat Alloh biladigan sirli ibodatdir, ko’z-ko’z qilish imkonsiz. Shu sababli u faqat Alloh uchun bo’lib, mukofoti ham bevosita U zotdandir.
Ushbu oyda osmon eshiklari ochilar ekan, ixlos bilan ko’p duo qilishimiz lozim. Alloh taolo aytadi: “Men duo qiluvchining duosini ijobat qilaman”. Alloh taolo mo’minning duosini qaytarmasligini ushbu oyatdan ham tushunishimiz mumkin. Shu bilan birga bu oyatda aynan ramazon oyida duo qilishning afzalligi va qabul qilinishiga ishora bor. Ibn Ashur aytadilarki, “bu oyat ramazonda ayniqsa duolarning qabul qilinishiga, shu bilan birga har kecha iftordan keyin duoga rag’bat qilishga undaydi”.
Ramazon oyining eng muhim jihati ro’za ibodatidir. Ro’za bizga bu dunyo ne’matlarini vaqtincha ekanini eslatadi. Allohning roziligi uchun halol narsalardan tiyilayotgan inson haromga qo’l cho’zmaydi. Ro’za nafsni tiyish maktabidir. Sabr, shukr va rahm-shafqatni uyg’otadi. Ro’za og’izni ovqatdan tiyish emas, balki tilni g’iybatdan, ko’zni yomonliklardan, quloqni harom narsalarni eshitishdan saqlashdir.
Xulosa qilib aytadiganda, islom faqat ramazonga xos emas, balki butun umrga tatbiq qilinadigan hayot yo’lidir. Imom Sha’roniy aytganlaridek, “Ramazon oyining barakasi butun yilga tarqalsin deb, Alloh uni oylar qatoriga qo’shdi”. Shuning uchun Ramazon oyining ruhiyatini yil bo’yi saqlashimiz lozim. Chunki bu dunyodagi umr biz uchun qanchalik uzun bo’lib tuyulmasin, oxirat oldida Ramazonning bir kuni kabi qisqadir.
Alloh taolo ushbu muborak oyda qilgan ibodatlarimizni va tutgan ro’zamizni qabul qilsin!
Munisa GIYOSOVA,
TII 403-guruh talabasi