Ahli sunna e’tiqodiga ko‘ra, Alloh taoloning hayot, iroda, qudrat va kalom sifatlari singari ilm sifatini Uning haqiqiy, azaliy sifatlaridan biri ekaniga imon keltirishimiz lozim bo‘ladi.
Ilm deganda, bilinishi mumkin bo‘lgan narsalarni aniq-ravshan qilib ochib beradigan sifat tushuniladi. Bu sifat bandalarga nisbat berilganda oldin ma’lum bo‘lmagan yoki aniq bo‘lmagan narsalarni aniq-ravshan qilish ma’nosi nazarda tutiladi. Ammo, Alloh taologa nisbat berilganda esa, oldin hech qanday maxfiylik yoki biror noaniqlik bo‘lmasdan, doimo aniq bilishi ma’nosi tushuniladi. Ya’ni, Alloh taolo biron narsani oldin bilmay keyin bilgan deyilmaydi.
Shunga ko‘ra, Alloh taoloning ilmi yaralmishlarning ilmidan tamomila farq qiladi, deyiladi. O‘rtadagi farq quyidagicha tushuniladi:
- Alloh taoloning ilmi barcha narsani qamrab oluvchi, azaliy komil sifatdir. Bandalarning ilmi esa, chegaralangan, nuqsonli va tug’ilganidan keyin unda paydo bo’ladigan sifatdir.
Ushbu tafovutga ko’ra bandalarning ilmlariga nisbatan ishlatiladigan zaruriy ilm yoki nazariy ilm degan taqsimotlarni Alloh taoloning ilmiga nisbatan ishlatib bo’lmasligi kelib chiqadi. Zero, bu sifat Uning irodasidan tashqari ham, keyinchalik o’rganib hosil qilingan ham emasdir. Balki, Alloh taoloda doimiy bor bo’lgan azaliy sifatdir. Bu haqida Shayx Avvod “Al-madrosatul kalamiya al-moturidiya” kitobida Abul Barokat Nasafiyning “Tuhfatul muriyd” asaridan quyidagicha iqtibos keltirgan: “So’ng, bizning ilmimiz “araz” ya’ni biron o’rindan joy egallagan, yo’qdan bor qilingan, bo’lishi ham, bo’lmasligi ham mumkin bo’lgan, doimiy bor bo’lib turishi imkonsiz narsadir. Ma’lumotlarning barchasini qamrab ololmaydi. Shunga ko’ra, bizning ilmimiz yo “zaruriy ilm” (ya’ni dalilsiz hosil bo’ladigan) yoki, “istidloliy ilm” (ya’ni dalil izlash bilan hosil bo’ladigan) ilmlardan biri bo’ladi xolos.
Alloh taoloning ilmi esa azaliy, Uning Zotida doimiy bor bo’lgan, barcha ma’lumotlarni qamrab oluvchi, keyinchalik paydo bo’lmagan, doimiy bor bo’lib turuvchi, “zaruriy” ham “istidloliy” ham bo’lmagan ilmdir”[1].
Imom Bayoziy Hanafiy “Ishorotul marom”da bu haqida quyidagilarni aytgan: “Alloh taolo biladi, lekin bizning ilmimiz kabi emas. Chunki, U Zotning ilmi Zotiy, qadim, komil va ziddi bo’lishidan holidir. Bizning ilmimiz esa, keyin paydo bo’lgan, chegaralangan, ba’zi hukmlarida aniq bo’lmagan ma’lumotlarga ro’baro’ bo’ladigan ilmdir”[2].
- Alloh taoloning ilmi va bandalarining ilmi o’rtasidagi farqlardan yana biri Alloh taoloning ilmi “huzuriy” yoki “husuliy” turlarga taqsimlanmaydi .
Huzuriy ilm deganda zoti bilan ma’lum bo’ladigan narsalar haqidagi ilm tushuniladi. Ya’ni, u narsalar borliqda mavjud bo’lib turgandagina uni bilish mumkin bo’ladi. Bu ilm turi mavjud bo’lmagan va bo’lishi imkonsiz narsalarni o’z ichiga olmaydi. Alloh taoloning ilmi esa mavjud bo’lgan va bo’lmagan narsalarni qamrab olgani sababli unga huzuriy ilm deb atash to’g’ri bo’lmaydi.
Husuliy ilm deganda esa, sog’lom xis qilish a’zolari va aql bilan bilinadigan ilmga aytiladi. Alloh taoloning ilmi esa xis qilish a’zolari va aql bilan bilishdan holi bo’lgani uchun uni husuliy deb atash ham to’g’ri bo’lmaydi.
Shu o’rinda Alloh taolo qanday biladi, degan savol zehnga keladigan bo’lsa, Alloh taolo zotida ham, sifatlarida ham bandalarga o’xshashdan pokdir, deb e’tiqod qilamiz. Zero, U zot O’zini quyidagicha vasf qilgan:
لَیۡسَ كَمِثۡلِهِۦ شَیۡءࣱۖ
“U Zotga o’xshash hech narsa yo’qdir” (Sho’ro surasi, 11-oyat)[3].
Huzuriy va husuliy ilmlarda esa bandalarga xos ilmlar tushuniladi.
- Alloh taoloning ilmi xususiyatlaridan yana vojib, mumkin va mustahil narsalarning barchasini qamrab olishidir. Ya’ni U zotning ilmi deganda oldin maxfiylik o’tmasdan barcha narsalarni bilishi ma’nosi tushuniladi. U zot vojib narsalarni biladi, deganda aql yo’qligini tasavvur qila olmaydigan narsalar nazarda tutiladi. Masalan, Alloh taolo azaliy ilmi bilan O’zining zotini va sifatlarini biladi. Bu haqida Qur’oni Karimda quyidagicha xabar berilgan
{ هُوَ ٱللَّهُ ٱلَّذِی لَاۤ إِلَـٰهَ إِلَّا هُوَۖ عَـٰلِمُ ٱلۡغَیۡبِ وَٱلشَّهَـٰدَةِۖ هُوَ ٱلرَّحۡمَـٰنُ ٱلرَّحِیمُ }
“U Alloh Undan O’zga iloh yo’q zotdir. U g’oyibni ham, oshkorni ham biluvchidir. U mehribon va rahmlidir”[4].
Bu haqida Imom Abu Hanifa “Fiqh-ul akbar”da quyidagilarni aytgan:
يعلم الله تعالى المعدوم في حال عدمه معدوما ويعلم أنه كيف يكون اذا أوجده ويعلم الله الموجود في حال وجوده موجودا[5]
“Alloh taolo nomavjudni yo’q holida nomavjud deb biladi. Agar uni vujudga keltirsa, qanday bo’lishini ham biladi. Alloh mavjudni bor paytida mavjud deb biladi”[6].
- Ilm sifatining boshqa sifatlardan farqi bu sifat yaralmishlarga ta’sir o’tkazish va ularni xoslashni taqozo qilmaydi, balki ularni iroda sifati xoslaydi. Shunga ko’ra, U Zotning bandalarni kelajakda qiladigan ishlarini azaldan bilishi ularni majburlash hisoblanmaydi.
Imom Abu Hanifa (r.a.) “Fiqhul akbar” kitobining “qazo va qadar” bobida bunday degan:
وكان الله تعالى عالما في الأزل بالأشياء قبل كونها، وهو الذي قدر الأشياء وقضاها ولا يكون في الدنيا ولا في الآخرة شيءإلا بمشيئته وعلمه وقضائه وقدره وكتبه في اللوح المحفوظ، ولكن كتبه بالوصف لا بالحكم[7]
“Alloh taolo narsalarni bor bo’lishidan oldin ham azalda Biluvchi edi. U narsalarga taqdir tayin qilgan va ularga hukmini joriy qilgan Zotdir. Dunyo va oxiratdagi har bir narsa Uning xohishi, ilmi, hukmi, o’lchovi hamda “Lavhul mahfuz”ga yozganidek bo’ladi. Lekin uni vasf bilan yozgan, buyruq bilan emas”.
“Lekin uni vasf bilan yozgan buyruq bilan emas” iborasini ulamolar quyidagicha sharhlaganlar:
“Ya’ni, Alloh taolo narsalarni lavhul mahfuzga O’zining ilmiga muvofiq tarzda yozgan. Alloh taoloning ilmi narsalarni sabablari bilan birga voqe’ bo’lishini o’z ichiga oladi. Mazkur bitik kelajakda sodir bo’ladigan narsalarning sabablarini ham o’z ichiga oladigan ularning vasfi hisoblanadi, ya’ni “shunday bo’ladi” deb yozgan. Bu jumla voqe bo’lish sabablarini o’z ichiga olgan.
“Buyruq bilan emas” jumlasi “shunday bo’lsin” deb yozmagani, balk “shunday bo’ladi”, deb yozgani tushuniladi. Chunki, bunday yozilsa, bandada hech qanday ixtiyor qolmagan bo’ladi. Shunga ko’ra, Alloh taoloning ilm sifati ta’sir qiluvchi va xoslovchi emas deyiladi[8].
Muxlisa NARZULLAYEVA,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti magistranti
[1] المدرسة الكلامية الماتريدية للعواد محمود عواد سالم, دار الامام الرازي ص-129
[2] اشارات المرام من عبارات الامام للعلامة كمال الدين احمد البياضي الحنفي مكتبة مصطفى الثاني الحلبي ص-130
[3] القرآن الكريم, سورة الشورى-11
[4] القرآن الكريم, سورة الحشر-22
[6] 20 متون العقائد, الياس قبلان, دار الشفا, استنبل ص.
[7] متون العقائد, الياس قبلان, دار الشفا, استنبل ص. 60
[8] Shayx Ahmad S’ad Damanhuriyning Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti magistratura bosqichidagi talabalarga dars davomida qilgan ma’ruzalaridan iqtibos.