Islom shariati hech bir insonning haqini zoye qilmaydi. Meros ilmi ham insonlarning haqini himoya qilishdir. Meros ilmi – fiqh ilmining boblaridan bir bobdir. Uning fazilati ulug‘ bo‘lgani sabab, ulamolar fiqhdan ajratib olib alohida e’tibor bilan o‘rganishadi. Ushbu ilmni faqihlar “meros ilmi” va “faroiz ilmi” deb nomlaganlar va unga quyidagicha “Faroiz ilmi – har bir merosxo‘rning (vafot topgan inson qoldirgan narsada) shariat belgilab bergan nasibasini chiqarish uchun qo‘llanuvchi fiqh va hisobdan iborat bo‘lgan qoidalar majmu’asi haqidagi ilmdir” deb ta’rif berganlar[1].
Meros so‘zi arab tili lug‘atida “boqiylik” va “bir qavmdan boshqa qavmga o‘tuvchi narsa” ma’nolarida keladi. Shuningdek, molning bir kishidan ikkinchi kishiga o‘rinbosarlik jihatidan ko‘chib o‘tishiga “meros” deb aytiladi. Yuqorida aytib o‘tilganidek ushbu ilm “faroiz ilmi” deb ham nomlanadi.
“Faroiz” so‘zi “farz” so‘zining jamidir. “Farz” so‘zi lug‘atda “o‘lchov”, ”kesish” va “bayon qilish” ma’nolarini bildiradi. Farz so‘zining bu o‘rindagi ma’nosi “o‘lchab berish”. Shariatdagi farz amallar ham o‘lchog‘lik, kesib (qat’iy) aytilgan va bayon qilingan amallar bo‘lgani tufayli “farz” deb atalgan.
Merosning “farz” deb aytilishi esa, unda merosni o‘lchash (kesilgan ish) shariat tomonidan belgilanib, har bir merosxo‘rning haqi aniq ko‘rsatilgani uchundir. Yana merosdan tegadigan ma’lum ulushga ham “farz” deyiladi. “Meros” deganda o‘lgan odamning ortidan qolgan narsani olishga biror kishining bo‘lishi tushuniladi.
Fiqhiy tushuncha bo‘yicha, mayyitning ortidan shar’iy vorisga qolgan mol va huquqlarni “meros” deyiladi. Meros so‘zi “varasa-yarisu” fe’lidan olingan bo‘lib, ma’naviy yoki moliyaviy haqqa ega bo‘lish ma’nosidadir. Merosga “Al-mu’jamul vasit”da “o‘lganidan so‘ng moli unga o‘tdi” deb ma’no berilgan.
Meros ilmi esa har bir merosxo‘rning qolgan merosdagi mol va huquqlardan tegadigan nasibasini aniqlab beradigan fiqhiy va hisobiy qoidalardir.
Hanafiy ulamolardan “Durrul Muxtor” kitobining sohibi meros ilmini quyidagicha ta’riflaydi: “Merosxo‘rlardan har birining tariqa va huquqlaridagi haqini aniqlab beradigan fiqh va hisob usullarini o‘z ichiga olgan ilm meros ilmidir”[2].
Meros ilmning fazilati haqida Qur’on oyatlari va ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan.
Meros taqsimotining qoidalari Alloh taoloning adolat va hikmatiga asoslangan bo‘lib, musulmonlar o‘rtasida oila va jamiyatda tinchlikni saqlashga qaratilgan. Alloh taolo Meros haqidagi oyatlarni keltirgandan so‘ng, shunday marhamat qiladi: “Mana shu Allohning (belgilab qo‘ygan) hadlaridir. Kim Alloh va uning Payg‘ambariga itoat etsa, uni ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga kiritib, o‘sha joyda abadiy hayot baxsh etadi. Va bu katta zafardir” (Niso surasi 13-oyat). Bu dunyoda faqat Allohga va Uning Rasuligagina itoat qilib yashash lozim. Yuqorida zikr qiingan narsalar Alloh taoloning chizib qo‘ygan chegaralaridir. Bu jumlada Alloh taoloning shariati hukmlari Uning chegaralari, deb atalmoqda. Bundan musulmon inson uchun Alloh taolo chizgan chegarada yurish lozimligi kelib chiqadi. Ana o‘sha chegarada yurgan odam turli xavf-xatarlardan omon bo‘ladi[3].
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom faroiz ilmining fazli haqida bunday marhamat qiladilar: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam quyidagicha marhamat qilganlar: “Faroizni o‘rganinglar va uni o‘rgatinglar. Albatta, u ilmning yarmidir. Aniqki u yoddan ko‘tarilib ketadi va u ummatimdan birinchi bo‘lib sug‘urib olinuvchi narsadir” (Ibn Moja rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi va sallamning meros ilmini o‘rganishga targ‘ib qilishlari – bu ilmning shaxs va jamiyat uchun zarur bo‘lganidan, o‘rgatishga targ‘ib qilishlari bu ilmga ko‘p odamlar bee’tibor bo‘lganlaridan va bu ilm ummatdan birinchi bo‘lib sug‘urib olinuvchi narsa ekanligini bildiradi.
Sufyon ibn Uyayna rohimahulloh hadisdagi “Faroiz ilmning yarmidir” degan iborani “barcha kishilar bu bilan imtihon qilingani uchun shunday deyilgan” deb sharh qilganlar.
Meros ilmining asosiy dalil va hujjatlari Qur’oni karim, hadis va ijmodan olingan.
Qur’oni karimning Niso va Anfol suralarida meros haqida oyatlar kelgan. Niso surasida Alloh aytadi: “Ota-onalar va qarindoshlar qoldirgan narsada erkaklarga nasiba bor. Ota-onalar va qarindoshlar qoldirgan narsada ayollarga ham nasiba bor. U oz qolsin, ko‘p qolsin – o‘lchab qo‘yilgan nasibadir” (Niso surasi 7-oyat)[4]. Imom Jassos rohimahulloh: bu oyat kimlar meros olishi kerakligini ko’rsatib beradi. Bu jihatdan bu oyat umum bo’lib, nasiba ya’ni ulush miqdori aniq bo’lmagani uchun mujmal hisoblanadi”, deb aytadi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va salam quyidagicha marhamat qilganlar: “Qur’onni o‘rganinglar va uni odamlarga o‘rgatinglar, faroizni o‘rganinglar va uni odamlarga o‘rgatinglar. Men vafot topguvchi insonman. Va albatta ilm tezda ko‘tarilib ketib, fitnalar zohir bo‘lur. Hatto, ikki inson meros masalasida ixtilof qilib qolib, ularning orasini ajrim qilib beruvchi odamni topa olmay qoladilar” (Bayhaqiy rivoyati). Bundan tashqari Payg‘ambarimiz alayhissalomdan bu mavzuda bir necha hadislar kelgan.
Ijmoga kelsak, sahobai kiromlar momoning merosi haqida ijmo qilganlar.
Meros ilmining samarasi va foydasi shuki, uni o‘rgangan odam merosni haqdorlariga taqsim qilish malakasiga ega bo‘ladi. Bu ilmning bilimdoni “Faroiziy” deb nomlanadi.
Meros ilmining g‘oyasi “tarika”dan har bir haq egasiga o‘z haqini yetkazishdir. Meros ilmi fiqh ilmining sho‘balaridan biridir. Meros ilmiga Alloh taoloning o‘zi asos solgandir.
Nabiy solallohu alayhi va sallam: “Ilm uch xildir. Undan ziyodasi fazldir: muhkam oyat, qoim sunnat va odil fariza”, dedilar” (Abu Doud rioyati).
Imom Xattobiy rohimahulloh hadisdagi “Adolatli fariza”dan murod, vorislar orasida kitob va sunnatga muvofiq holda, adolatli tarzda meros taqsimlash ilmi deb aytganlar.
Tafsir ulamolari ham hukm oyatlari ayniqsa, meros oyatlariga alohida e’tibor qaratganlar, hanafiy faqihi Imom Jassos rohimahulloh Qur’ondagi hukm oyatlarini ajaratib tafsir yozgan. U zot meros oyatlarini tafsir qilishda ularning ma’nosini fiqhiy qoidalar bilan asoslab bergan.
Ammo ilm tez ko‘tarilib ketuvchi narsadir. Shu sababli har bir diniy ilmlar kabi meros ilmini ham o‘rganish va o‘rgatib borish ummat uchun lozimdir. Ushbu ilm biz musulmonlardan birinchi bo‘lib ko‘tariluvchi ilm bo‘lganligi sababli bu sohada nihoyatda sergak bo‘lish zarurdir.
Sadriddin ABDUKARIMOV,
Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi
[1] Afzal Abror. Islomda meros va uning taqsimoti. – Toshkent: Madrasa.uz. 2015. – B. 4.
[2] Muhamad Amin Ibn Obidin. Hoshiyatu Raddul-muxtor ala durril-muxtor. – Bayrut: Dorul fikr, 1966. – J. 6. B – 757.
[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. – Toshkent: Hilol nashr, 2019. – J. 1. – B. 262.
[4] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Tafsiri Hilol” ma’nolar tarjimasi. – Toshkent: Sharq, 2008. – B. 120.