“Dunyoda ilmdan oʻzga najot yoʻq va boʻlmagay”
Odamzod ilmni oʻrganish orqali hosil qiladi. Oʻrganish esa kishining tafakkuri, narsa va hodisalarga kuchi yetganicha aniqlik kiritishdir. Odam bolasi yaratilgandan boshlab ilmni toʻxtovsiz oʻrganadi. Ilm inson vujudining xushmanzara bogʻidir va odamiylik olamining javohirga boy togʻidir. Ilm axloqi odamning qimmatbaho libosi va u kiyim turlarining eng chidamli matosidir.
Agar inson ilm nuri bilan oʻz yoʻlini yoritmasa zulmat va nodonlik koʻchasida qoladi. Kishi qalbining nuri, ilmi va maʼrifati bilan baquvvat boʻladi. Ilmdan hali hech kim zarar koʻrgan emas. Ilmni egallab olish esa bir sanʼatdir. Yaxshi tahsil koʻrgan va ilm nuri bilan xulqini yaxshilagan har bir inson har joyda izzat topadi. Alloh taolo ilmli kishining darajotlari yuqoriga koʻtaradi. Ilm-inson uchun ziynat.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-oktyabrdagi “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-6097-son farmonida rivojlanayotgan mamlakatlar raqobatbardoshlikni oshirish va mustahkamlash boʻyicha yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va global marketingni faol oʻzlashtirish, ustuvor yoʻnalishlarda oʻz ilmiy maktablarini tashkil etish, tajribali va malakali mutaxassislarni jalb etish, innovatsion salohiyatga ega istiqbolli startaplarni qoʻllab-quvvatlash, uzoq muddatli barqaror rivojlanishning moliyaviy va institutsional asoslarini yaratish asosiy masalalardan biri hisoblanadi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek: “Farzandlarimiz maktabdan qanchalik bilimli boʻlib chiqsa, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlari shuncha tez rivojlanadi, koʻplab ijtimoiy muammolarni yechish imkoni vujudga keladi”.
Muqaddas Islom dinimizni ham ilmsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Qurʼoni karimda ilm soʻzi va uning shakldoshlari 811 joyda zikr qilingan. Bu esa Alloh taoloning nazdida ilmning naqadar muhimligini koʻrsatadi.“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, dedilar”.
Farz bajarilishi lozim, shart boʻlgan buyruqdir. Demakki, har bir musulmon ilmga ega boʻlib, kishilarni hidoyatga daʼvat qiluvchi shaxs boʻlishga urinmogʻi lozim. Islomda ilm talab qilish beshikdan to qabrgacha farz qilingan. Ilm olishning foydalari beqiyosdir.
Ilm xoh diniy xoh dunyoviy boʻlsin, ikkisi ham ibodatdir. Musulmon kishi har tomonlama yuksak saviyali, kuchli, irodali boʻlishi kerak.
Ilm-eng fazilatli amaldir, chunki u ikki dunyo saodatining kalitidir. Inson ilm va maʼrifat bilangina chinakam hayotdir. Mavlono Jaloliddin Rumiy aytganlaridek, “Jaholat-zulmatdir. Qorongʻida daraxt dev boʻlib, olma esa tosh boʻlib koʻrinadi”. Johil odamga oddiy narsa qoʻrqinchli boʻlib, yaxshi narsa foydasiz boʻlib koʻrinadi. Bu illatning davosi esa talabi ilmdir. Ilm haq bilan botilni farqlashning eng muhim vositalaridan biridir, bitmas-tuganmas xazinadir. Ilmning oʻzi shu qadar fazilatlarga ega ekan, uni oʻrgatgan olimlar, ustozlar, murabbiy va muallimlarning fazli qanchalar ulugʻ boʻladi? Albatta, bizni ilm bulog’idan, hikmat sarchashmalaridan bahramand qilgan ustozlarimizning darajotlari benihoya yuksak boʻladi.
Har bir insonni, u harchand koʻp ilmga ega boʻlmasin, ustoz oʻqitgan, tarbiyalagan boʻladi. Hech kim oʻz-oʻzidan olim boʻlib qolmaydi. Ilm faqat oʻqib-oʻrganish bilan hosil boʻladi. Bu esa tolibi ilmdan iroda, qatʼiyat, gʻayrat-shijoat talab qilsa, ustozdan mehr, talabchanlik va togʻdek sabr-matonat talab qiladi. Bu fazilatlar bilan neʼmatlantirilgan zotlar Alloh taoloning dargohida eng yuksak darajotlarga ega boʻladilar.
Bizning ajdodlarimiz, bobokalonlarimiz ana shunday tolibi ilm boʻlganlar, ilm oʻrganishni oʻzlariga farz deb bilganlar, ilm oʻrgatishni oʻzlariga burch deb bilganlar, pok niyat bilan ilm ummonidan duru javohirlar qidirganlar. Diyorimiz, ona Vatanimiz Islom nuri ila munavvar boʻlgan davrdan boshlab oʻlkamiz ilmu maʼrifat maskaniga aylandi, son-sanoqsiz masjidu madrasalar bino boʻldi, ulardan ming-minglab buyuk allomalar, ulugʻ zotlar yetishib chiqdi. Xalqimizning chinakam iftixori boʻlmish bu olimu ulamolar, fozilu fuzalolar bashariyatga mudarris boʻldilar, Islom nurini butun olamga taratdilar, butun dunyoni ilmu maʼrifatga, kutubxonalarini kitoblarga toʻldirdilar. Biz ana shunday ulugʻ ajdodlarning avlodimiz, ular qoldirib ketgan bitmas-tuganmas ilmiy merosning, ulkan xazinaning vorislarimiz. Yurtimiz istiqlolga erishganiga chorak asr toʻlgan bugungi dorilomon kunlarda sizu bizning, yoshlarning vazifasi yana ilmga berilish, bugungi kunda inson vazifasi fan-texnika taraqqiyoti tufayli erishgan barcha bilimlarni egallashdir. Ona Vatanimiz Oʻzbekistonning mustaqilligini mustahkamlashning eng muhim vazifasi har bir sohada oʻz mutaxassislarimizni, olimlarimizni yetishtirishdir. Shunday ekan, ilm-fanning qaysi yoʻnalishi boʻlishidan qatʼi nazar, oʻzligimizga qaytishimiz, milliy qadriyatlarimizni tiklashimiz, olim bobokalonlarimiz qoldirib ketgan qoʻlyozmalarni oʻqib, oʻrganib, ulardan hayotning bugungi talablariga javob bera oladigan bilim va koʻnikmalar hosil qilishimiz lozim.
Oʻzbek xalqining ulugʻ mutafakkiri, maʼrifatparvari va mashhur shoiri hazrat Miralisher Navoiy yoshlarni tarbiyalash ishiga alohida eʼtibor berdi. U bolalarni ilm-hunarni, mehnatni sevishga undab, oʻrganilgan ilm va hunarni xalq, Vatan yoʻlida sarf qilish zarurligini uqtirdi.
Miralisher Navoiy ilm, maʼrifat haqida ajoyib fikrlarni olgʻa surdi. U aql, ilm insonning eng goʻzal va zaruriy fazilatlaridan biri, har bir kishining eng muhim burchi ilm olishdir, deb hisobladi. Alisher Navoiyning fikricha, ilm-fanni egallash uchun yoshlikdan boshlab astoydil oʻqish-oʻrganish kerak: “Yoshligingda yigʻgil bilimni, qarigach sarf qilgʻil ani”, degan shoirning oʻzi ham juda yoshligidan taʼlim oladi, oʻqishga beriladi. Alisher Navoi yoshligidanoq koʻp sheʼrlarni yod bilgan. Jumladan, Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” (“Qush tili”) asarini bolalik chogʻlaridayoq qayta-qayta oʻqib, yod olgan. Miralisher Navoiy keyinchalik maktab va maorif masalalariga katta ahamiyat berdi. U mehnatkash xalq bolalarini oʻqitish va tarbiyalash uchun maktablar ochish va madrasalar qurish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qildi. Hazrat Miralisher Navoiy Astrobodda surgunda yurganida podshoh Husayn Boyqaroga yozgan xatida oʻgʻil va qiz bolalar uchun maktablar ochishni talab qilgani, shaxsan oʻzi madrasalar qurishda tashabbus koʻrsatgani buning yaqqol dalilidir.
Hazrat Navoiyning fikricha, maktab xalqqa nur keltiradi, unga toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi, bolalarni bilimli qiladi. Hazrat Navoiy oʻzining “Ixlosiya” madrasasi yonida maktab ochib, bolalarni oʻqitish va tarbiyalash uchun zarur sharoit yaratib, buning uchun lozim boʻlgan mablagʻ ajratadi. Navoiy bobomiz dars beruvchini quyoshga oʻxshatadi va bu quyosh oʻz atrofidagi yulduzlarga nur sochadi, yaʼni hali ilmdan bexabar boʻlgan toliblarga ilm nurini sochadi, maʼrifat beradi, deydi.
Bugun Yangi Oʻzbekiston hayotining barcha sohalari chuqur islohotlar maydoniga aylangan. Bu jarayonda ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan taʼlim tizimidagi oʻzgarishlar haqida toʻlqinlanib soʻzlamaslikning iloji yoʻq. Mamlakatimizda soʻnggi yillarda taʼlim tizimining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish boʻyicha amaliy ishlar hal qiluvchi bosqichga kirdi.
Demak, inson hayotining ilk lahzalaridan boshlab beixtiyor ilm ola boshlaydi. Ammo “ilm” soʻzi lugʻatda “bilish, anglab, tushuncha hosil qilish, bir narsaning haqiqatini, mohiyatini bilish” kabi maʼnolarni anglatadi. Shuning uchun Islom ulamolari ilmga “haqiqatni xuddi voqeʼlikdagidek idrok qilish ilmdir” deb taʼrif berishgan. Buning maʼnosi shuki, olingan maʼlumot bir narsaning asl mohiyatini toʻgʻri anglatsagina, undan dunyo va oxiratimizga manfaat hosil boʻlsagina chinakam ilm hisoblanadi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, hazrat Miralisher Navoiy yoshlarni tarbiyalash ishiga alohida eʼtibor berdi. Hazrat Miralisher Navoiy bobomiz bolalarni, yoshlarni ilm-hunarni, mehnatni sevishga undab, oʻrganilgan ilm va hunarni xalq, Vatan yoʻlida sarf qilish zarurligini uqtirdi. Miralisher Navoiy ilm, maʼrifat haqida ajoyib fikrlarni olgʻa surdi. U aql, ilm insonning eng goʻzal va zaruriy fazilatlaridan biri, har bir kishining eng muhim burchi ilm olishdir, deb hisobladi. Alisher Navoiyning fikricha, ilm-fanni egallash uchun yoshlikdan boshlab astoydil oʻqish-oʻrganish kerak: “Yoshligingda yigʻgil bilimni, qarigach sarf qilgʻil ani”, degan shoirning oʻzi ham juda yoshligidan taʼlim oladi, oʻqishga beriladi. Hazrat Navoiyning fikricha, maktab xalqqa nur keltiradi, unga toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi, bolalarni bilimli qiladi. Hazrat Navoiy oʻzining “Ixlosiya” madrasasi yonida maktab ochib, bolalarni oʻqitish va tarbiyalash uchun zarur sharoit yaratib, buning uchun lozim boʻlgan mablagʻ ajratadi. Biz Miralisher Navoiy asarlarini doimo oʻqib, oʻrganishimiz kerak.
Biz Mir Alisher Navoiy bobomiz va ular qoldirgan ilm xazinasi bilan faxrlanamiz.
“Tillar” kafedrasi katta oʻqituvchisi F.Yernazarov
Foydalanilgan adabiyotlar:
- M. Mirziyoyev. 2020 yil 29 oktyabrdagi “Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish”.
- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Olam va odam, Din va ilm“ 2019.
- Alisher Navoiy. “Mahbubul qulb”.
Internet maʼlumotlari:






