Ahkom hadislari jamlangan kitoblar ikki qismga bo‘linadi:
- Birinchi qism – faqat ahkom hadislarini oʻz ichiga olgan kitoblar.
- Ikkinchi qism – ahkom hadislarini va boshqa mavzudagi hadislarni birgalikda jamlagan kitoblar.
Birinchi qism
Bu qismdagi kitoblar ikkinchi qismga nisbatan kechroq paydo bo‘lgan. Chunki dastlab olimlar o‘z asarlarida avval yozilgan barcha turdagi osor va hadislarni oʻz ichiga olgan kitoblarga tayanishgan. Keyinchalik esa shu kitoblardan ahkom hadislarini ajratib olish va saralash bilan shug‘ullanganlar. Ayrim mualliflar esa sanadlarni butunlay olib tashlaganlar.
Mazkur mavzudagi barcha kitoblarni to‘liq jamlash, ularning har bir muallifi tutgan kitob yozish usulini batafsil bayon qilish koʻp vaqt talab etadi. Shu sababli bu boradagi eng mashhur kitoblar va ularning mualliflari tutgan yoʻllarini qisqacha bayon qilish bilan cheklanadi.
- Imom Tahoviyning “Sharhu ma’onil osor” kitobi [1]. Bu asar ushbu fan yo‘nalishida yozilgan eng dastlabki kitoblardan biri hisoblanadi. Muallifning uslubi quyidagicha:
- Rasululloh (alayhissalom)ga uzluksiz sanadlar bilan bog‘langan ahkom hadislarini rivoyat qiladi.
- Sahobalar va tobeinlar (rohimahumulloh)ning so‘zlarini ham sanad bilan keltiradi.
- Kitobni fiqhiy boblar tartibida tuzgan: “Tahorat kitobi” bilan boshlab, “Faroiz kitobi” bilan yakunlagan.
- Nosix va mansux hadislarga, shuningdek, ulamolarning ta’villariga alohida e’tibor bergan.
- Kitob, sunnat, ijmo’ yoki mutavotir dalil bilan sobit bo‘lgan fikr egalarini dalillar bilan himoya qilgan.
- Imom Abu Hanifa (rohimahulloh) mazhabini tanlash holatlari juda ko‘p uchraydi.
Bu kitobga Imom Ayniy sharh yozgan [2].
- Taqiyyuddin Maqdisiyning “Umdatul ahkom min kalomi xoyril anom alayhissolatu vassalom” kitobi [3]. Muallifning metodikasi quyidagicha:
- Kitobiga faqat Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan ahkom hadislarini kiritgan.
- Sanadlarni olib tashlagan.
- Lafzlaridagi farqlar bilan jami 514 ta hadis keltirilgan.
- Hadislarni fiqh boblari bo‘yicha tartiblagan: “Tahorat kitobi” bilan boshlab, “Qul ozod qilish kitobi” bilan yakunlagan.
- Hadislarga fiqhiy sharh bermagan, bob sarlavhalarini hadislar uchun sarlavha sifatida qo‘llagan.
- Ba’zan hadisdagi g‘arib lafzlarni tushuntirgan, masalan: “al-muhoqala – boshoqdagi bug‘doyni bug‘doyga sotish” [4].
- Yusuf ibn Shaddodning “Daloilul ahkom min ahadisi Rosul alayhissolatu vassalom” kitobi [5]. Mazkur kitobning yozilish uslubi:
- Hadislarning sanadlarini sahobiydan keyin keltirmaydi, faqat kim rivoyat qilganini zikr etadi (istisno hollarda sanadlar keladi).
- Hadislar quyidagi manbalardan tanlab olingan: Imom Molikning “Muvatto”si, Imom Ahmadning “Musnad”i, “Kutubus sitta”, Imom Doriqutniyning “Sunan”i, Imom Bayhaqiyning “Sunani kubro”si, Imom Ibn Abu Shayba va Imom Abdurrazzoqning “Musannaf”lari. So‘ng hadisning sahih yoki zaifligi haqida imomlarning so‘zlarini keltiradi.
- Kitobni fiqhiy boblar tartibida tuzgan: “Tahorat kitobi” bilan boshlab, “Jihod kitobi” bilan yakunlagan.
- Hadislardagi g‘arib lafzlarni izohlaydi, bu qism kitobda katta o‘rinni egallaydi.
- Hadis fiqhini bayon qiladi va mavjud bo‘lsa, imomlar ixtilofini keltiradi.
- Ba’zan hadisning turli rivoyat yo‘llarini ham zikr qiladi.
- Qozi Imom ibn Hajar Asqaloniyning “Bulug‘ul marom min ahodisul ahkom” kitobi [6]. Muallifning kitobni yozishdagi uslubi quyidagicha:
- Shar’iy hukmlarga oid hadisiy dalillarning asoslarini jamlagan bo‘lib, ularning soni taxminan 1500 hadisni tashkil etadi.
- Har bir hadisni uni rivoyat qilgan muhaddisga nisbat bergan, sanadlarni olib tashlagan.
- Taxrij [7] uchun maxsus belgilar qo‘llagan. Masalan:
- “Axrojahu as-sab’a” – Imom Ahmad, Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy va Ibn Moja.
- “Axrojahu as-sitta” – Imom Ahmaddan tashqari yuqoridagi oltitasi.
- “Axrojahu al-arba’a” – dastlabki uch imomdan (Buxoriy, Muslim, Ahmad) tashqari to‘rt kishi.
- “Axrojahu as-salasa” – uch imom va Ibn Mojadan tashqari qolganlar.
- “Al-muttafaq ‘alayh” – Buxoriy va Muslim.
- Agar boshqalar bo‘lsa, ularning ismini ochiq zikr qiladi.
- Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilmagan hadislarga hukm bergan va ularning darajasini bayon qilgan.
- Kitobni fiqhiy boblar tartibida tuzgan: “Tahorat kitobi” bilan boshlab, “Qul ozod qilish kitobi” bilan yakunlagan. Shuningdek, fiqhiy boblardan tashqari “Kitobul jome’” nomli bo‘lim qo‘shgan bo‘lib, unda Adab, birr va sila, zuhd va var’a, yomon xulqlardan qaytarish, go‘zal xulqlarga targ‘ib, zikr va duo boblari jamlangan. Bu jihati bilan u boshqa ahkom kitoblaridan ajralib turadi [8].
“Bulug‘ul marom” kitobining sharhlari:
- Hofiz Husayn ibn Muhammad Mag‘ribiyning (vafoti: 1119 h.) “Al-Badr ut-tamom sharhu bulug‘ul marom” asari.
- Imom Muhammad ibn Ismoil San’oniyning sharhi [9]. U bu asarni “Al-Badr ut-tamom”dan qisqartirib yozgan va ko‘plab foydali qo‘shimchalar kiritgan (1164 h.). Bu sharhning metodikasi:
- Hadis lafzlarini sharhlab, ma’nolarini bayon qiladi.
- O‘rtacha yo‘lni tutadi: na haddan tashqari qisqa, na zerikarli darajada uzun.
- Ibn Hajar zaif deb baholagan hadislardagi zaiflik sababini tushuntiradi.
- Hadisdan olinadigan fiqhiy dalolatlarni bayon qiladi [10].
- Mujtahid imomlarning qarashlarini va dalillarini keltiradi.
- Dalilga bog‘liq bo‘lmagan zaif ixtiloflardan yuz o‘giradi.
- Mazhablar o‘rtasida mutaassib bo‘lmagan holda qiyos qiladi.
- Kitob va sahih sunnatga tayangan eng kuchli fikrni tarjih qiladi [11].
- Shayx Abulxoyr Nurul Hasanxonning “Fathul Allom” sharhi [12].
- Sayyid Muhammad ibn Yusuf Ahdalning sharhi [13].
- Alloma Ahmad Dehlaviyning sharhi.
- Shayx Muhammad Obid ibn Ahmadning sharhi [14].
- Shayx Muhammad Ali Ahmadning sharhi [15].
- Shayx Muhammad ibn Yosinning “Naylul marom” sharhi.
Ahkom hadislariga oid boshqa muhim kitoblar:
- Zayniddin Iroqiyning (vafoti: 806 h.) “Taqribul asanid va tartibul masanid” kitobi (o‘g‘li Abu Zur’a uni “Torhut tasrib” nomi bilan sharhlagan) [16].
- Ibn Xarrotning (vafoti: 582 h.) “Al-Ahkomul kubro, al-vusto va as-sug‘ro” kitobi [17].
- Qozi Iyozning (vafoti: 504 h.) “Al-Ikmal fi sharhi sahihi Muslim” kitobi [18].
- Imom Ibn Daqiq al-Iydning “Al-Ilmom bi ahodisil ahkom” kitobi (sharhi “al-Imom” deb ataladi) [19].
- Imom Navaviyning “Xulosatul ihkom fi muhimmotis sunan va qovaidul islom” kitobi [20].
- Imom Ibn Kasir Dimashqiyning (vafoti: 744 h.) “Al-Ihkom as-sug‘ro fil hadis” kitobi [21].
Ikkinchi qism
Bu qismga ahkom hadislarini boshqa mavzular (mag‘oziy, qiyomat xabarlari, jannat va do‘zax sifati, fazilatlar, tafsir va h.k.) bilan birga jamlagan kitoblar kiradi. Ushbu qismga oid mashhur asarlar: Imom Molikning “Muvatto”si, Imom Ahmadning “Musnad”i, “Sahihi Buxoriy”, “Sahih Muslim”, “Sunani Abu Dovud”, “Jome’ut Termiziy”, Nasoiyning “Mujtabo”si va “Sunani Ibn Moja” [22].
Xulosa
O‘rganilgan manbalar shuni ko‘rsatadiki, ahkom hadislariga bag‘ishlangan tasnifiy asarlar oddiy to‘plam darajasida qolib ketmagan, balki hadis matnini fiqhiy tafakkur doirasida qayta ishlashning muhim bosqichini tashkil etgan. Bu jarayonda hadisni tanlash, joylashtirish va talqin qilish mezonlari tobora aniqroq shakllanib, ularning fiqhiy dalil sifatidagi vazifasi kuchaygan. Shuningdek, mazkur asarlar orqali hadis ilmi ichida ichki ixtisoslashuv yuzaga kelib, hadis va fiqh o‘rtasidagi munosabat yanada tizimli ko‘rinishga kelgan.
Manbalar:
[1] Abu Ja’far Ahmad at-Tahoviy (239-321 h.). Kitoblaridan “Ahkomul Qur’an”, “al-Muxtasar”, “Mushkilul osor” mashhur.
[2] Hoji Xalifa. Kashfuz zunun. – Bayrut: Dor Ihyo at-turos, 1992. J. II. – B. 1728.
[3] Imom Abdulg‘oniy al-Maqdisiy (541-600 h.). Zahabiy. Siyar. – Qohira: Dor al-hadis, 2006. J. XXI. – B. 441.
[4] Umdatul ahkom. Kamol Yusuf al-Hut tahqiqi. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1994. – B. 118.
[5] Ibn Shaddod (539-632 h.). Siyar. J. XXII. – B. 383.
[6] Imom Ibn Hajar Asqaloniy (773-852 h.). Siyar. J. I. – B. 178.
[7] Taxrij – Hadisni asl manbasidan topib ko‘rsatish.
[8] Muhammad Amin Katbiy. Muqaddimatu Bulug‘ul marom. – Bayrut, 2003. – B. 10.
[9] Amir San’oniy (1059-1182 h.).
[10] Ibn Hajar. Fathul Boriy. – Ar-Riyod: Dor as-salam, 2001. J. XII. – B. 322.
[11] San’oniy. Subulus salom muqaddimasi. – Ar-Riyod, 2002.
[12] Muhammad ibn Yasin. Naylul marom muqaddimasi. – Bayrut, 2005. – B. 8.
[13]-[15] O‘sha manba.
[16] Kashfuz zunun. J. I. – B. 464.
[17] O‘sha manba. J. I. – B. 20.
[18] O‘sha manba. J. I. – B. 145. Siyar. J. XX. – B. 215.
[19] Ibn Daqiq al-Iyd. Ihkomul ihkom. Muqaddima. – Bayrut, 2004.
[20] Kashfuz zunun. J. I. – B. 158.
[21] O‘sha manba. J. I. – B. 718.
[22] O‘sha manba. J. I. – B. 19.
Nilufar SAIDAKBAROVA, Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi katta oʻqituvchisi
Amina XOʻJAYOR, Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti 403-guruh talabasi






