Olamlarga rahmat boʻlgan Rasulining ummati boʻlishga bizni musharraf qilgan Alloh Taologa hamdu sanolar boʻlsin.
Alloh taoloning eng suyukli bandasi boʻlgan, bashariyat hidoyati uchun jonlarini fido qilgan Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga salovatu durudlar boʻlsin. Bizga Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning ilmiy omonatlarini mukammal tarzda yetkazgan, nafaqat ilmni balki odobni ham meros qilib olgan butun islom ulamolariga Alloh taoloning nuri yog‘ilsin.
Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning Alloh taolo huzuridagi martabalari ulugʻligi hammaga maʼlumdir. Bu maqomdan hayiqib nafaqat sahobalar, balki osmonlaru yerning barcha ahllari, farishtalardan tortib yerdagi toshu daraxtlar ham u zotning hurmatlariga rioya qilganlar. Yana shunday insonlar ham borki, ular Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni hayotda koʻrmagan boʻlsalar ham ularning hurmatlarini yuqori tarzda ado qiladilar. Shunday solihlarning odoblari borasida Imom Molik rohimahullohdan bir qancha rivoyatlar kelgan. Salafi solihlar Rasulimiz sallollohu alayhi vasallam zikr qilinganlarida koʻzlaridan yosh toʻxtamas, holatlari esa oʻzgarib qolardi. Xuddi Habiblaridan boshqani koʻrmayotgandek, balki butun dunyoni va hatto oʻzlarini ham unutar edilar. Ularning odoblarini zikr qilib Imom Molik aytadilar:
“Men buyuk hofiz, ulug‘ tobeinlardan, olti sunan sohiblari ulardan rivoyat qilgan, Muhammad ibn al-Munkadirni ko‘rardim. Ular qorilarning sayyidi edilar. Biz ulardan biror hadis haqida so‘rasak, albatta yig‘lab yuborardilar. Hatto ko‘p yig‘laganlaridan ularga rahmimiz kelardi”.
“Men Ja’far ibn Muhammad as-Sodiqni ko‘rardim, u hazilkash, ko‘p tabassum qiladigan zot edi. Ammo huzurida Nabiy sallollohu alayhi vasallam zikr qilinsalar, ranglari sarg‘ayib ketardi. Men uni Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilsa, faqat tahoratda aytganini koʻrganman”.
“Abdurrahmon ibn Qosim (Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning nevaralari, Madina faqihlaridan biri) Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni zikr qilganda, uning rangiga qaralsa, xuddi qon ketgandek oqarib, Rasulullohning sallollohu alayhi vasallam haybatlaridan tili qurib qolar edi”.
“Men Zuhriyni koʻrdim. U insonlarga yoqimli va eng yaqinlaridan edi, uning huzurida Nabiy sallollohu alayhi vasallam zikr qilinsalar, go‘yo seni tanimay qolgandek va sen ham uni tanimay qolgandek bo‘lib ketardi”.
“Men Safvon ibn Sulaym huzuriga borardim, u juda ko‘p ibodat qiladigan, mujtahidlardan edi. Qirq yil yonboshlab yerga yotmaganini eshitganman. Uning huzurida Nabiy sallollohu alayhi vasallam zikr qilinsalar, shunchalik uzoq yig‘lardiki, yig‘isi uzoq davom etgani uchun odamlar uning yonidan turib ketishardi”.
“Bir kishi Ibn Musayyab huzuriga kelib, undan bir hadis so‘radi. Ibn Musayyab yonboshlab yotgan edi. Shunda u o‘tirib oldi va hadisni rivoyat qildi. Kishi yaʼni soʻrovchi: “Oʻzingizni qiynamasangiz boʻlardi”, dedi. Shunda Ibn Musayyab: “Men Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan yonboshlab olgan holda hadis aytishni xushlamadim”, dedilar”.
Salafi solihlardan Qozi Iyoz rahimahulloh Rasululloh sallollohu alayhi vasallam zikr qilinganlarida odob saqlash toʻgʻrisida shunda deydilar:
“Bilib qo‘yingki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hurmatlarini o‘z o‘rniga qo‘yish, ularning haybatlarini his qilish va ulugʻlash tiriklik chog‘larida lozim boʻlgani kabi, vafotlaridan keyin ham shartdir. (Lozimligi, u zot hanuz Allohning Rasuli va Nabiyi boʻlganliklari uchundir). Bu hurmat va ulug‘lash u zot sallollohu alayhi vasallam zikr qilinganlarida, hadislari va sunnatlari aytilganda, ismlari va siyratlari tinglanganda, shuningdek, u zot sallollohu alayhi vasallamning oilalari, zurriyotlari, ahli baytlari va sahobalari bilan muomala qilinayotganda ham rioya qilinishi lozim”.
Yana bir ulugʻ olimlardan Abu Ibrohim At-Tujibiy aytadilar: “Har bir mo‘min uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni zikr qilganda yoki uning huzurida zikr qilinganlarida xushu’ va xuzuʼ bilan, vazminlik bilan turishi, harakatlarini sokinlashtirishi, huddi Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamning huzurlarida o‘tirganidek haybat va ulug‘likni his qilishi vojibdir, yaʼni: xuddi u zot sallollohu alayhi vasallam majlislarida hozir boʻlgandek, va xuddi u zot sallollohu alayhi vasallam huzurlarida ekanini mulohaza qiladi. Alloh taolo bizni qanday odobga buyurgan bo‘lsa, shunday odob saqlaydi”.
Alloh Taolo Oʻz kitobida Rasuli sallollohu alayhi vasallam bilan qanaday odob saqlashni moʻminlarga taʼlim berib Nur surasining 63-oyatida shunday marhamat qiladi:
“Rasulning orangizdagi daʼvatini bir-biringizning daʼvatingizga oʻxshatmang”.
Va yana Sharh surasining 4-oyatida:
“Va sening zikringni yuqori koʻtarmadikmi?”, deb marhamat qilgan.
Qozi Iyoz rahimahulloh shunday deydilar: “Mana shu rozi boʻlingan odob yoʻli, salafi solihlarimizning va oʻtgan imomlarimizing siyrati edi”.
Soʻng sahih sanad bilan Imom Molikning roviylari Ibn Humayddan rivoyat qiladilar: “Mo‘minlar amiri Abu Ja’far Mansur Rasululloh sallollohu alayhi vasallam masjidlarida Imom Molik bilan munozara qilib, ovozini balandlatdi. Shunda Imom Molik rahimahulloh unga dedilar: “Ey mo‘minlar amiri, bu masjidda ovozingizni baland ko‘tarmang. Chunki Alloh taolo bir qavmni tarbiya qilib:
“Ey iymon keltirganlar! Ovozingizni Nabiyning ovozidan yuqori koʻtarmang”, degan. Yana bir qavmni maqtab:
“Albatta, Rasulullohning huzurida ovozlarini pastlatganlar, ana oʻshalar Alloh qalblarini taqvoga imtihon qilgan zotlardir. Ularga magʻfirat va ulkan ajr bor”, degan.
Boshqa bir qavmni esa mazammat qilib:
“Albatta, seni hujralar ortidan chaqirayotganlarning koʻplari aql ishlatmaslar”, degan. Albatta payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamning hurmatlari vafotlaridan keyin ham, xuddi hayotlik paytlari kabidir.
Shundan soʻng Abu Ja’far Imom Molikning so‘zlaridan xushu’ va xuzuʼ qilib, odob saqladi.
Imom Molik rohmatullohi alayhining Rasulullohga sallollohu alayhi vasallam va ularning hadislariga muhabbatlari va odoblari oʻzgacha edi. Bu haqida Abdulloh ibn Muborak rahimahullohdan deydilar: “Men Imom Molik huzurida edim va u bizga hadis aytib berayotgan edi. Shu payt uni chayon o‘n olti marta chaqdi, uning rangi o‘zgarib, sarg‘ayib ketdi, lekin Rasululloh sallollohu alayhi vasallam hadislarini to‘xtatmadi. Majlis tugab, odamlar tarqalgach, men unga: “Ey Abu Abdulloh, bugun sizdan ajib bir holatni ko‘rdim”, dedim. U: “Ha, meni chayon o‘n olti marta chaqdi, va men barchasiga sabr qilgan holatda edim, va faqatgina Rasululloh sallollohu alayhi vasallam hadislarini ulug‘laganim uchun sabr qildim”, dedilar”.
Imom Molikning odoblari haqida yana Mutarrif ibn Abdulloh aytadilar: “Odamlar Imom Molikning uyiga kelib eshik oldida turishsa, ichkaridan joriya chiqib shunday der edi: “Shayx sizlardan so‘rayapti: hadis istaysizlarmi, yoki masalalarmi (fiqhiy hukmlarni)? Agar: “Masalalar”, deyishsa, oʻzlari turgan holatda chiqar edilar. Agar: “Hadis”, deyishsa, hammomda g‘usl qilar edilar (yoki boshqa rivoyatda kelganidek, mukammal tahorat olar edilar), xushbo‘ylanib, yangi kiyimlar va saj (yashil yoki qora ustki kiyim) kiyar, salla o‘rardilar. Boshlariga ridolarini tashlar edilar. Va ularga kursi qo‘yilar, ular chiqib, xushuʼ holatida unga o‘tirar edilar. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam hadislarini aytishdan forigʻ boʻlgunlaricha doim ud (xushbo‘y tutatqi) tutatilar edi. Manashu kursiga faqat Nabiyning sallollohu alayhi vasallam hadislarini rivoyat qilganda o‘tirar edilar. Ulardan bu haqida so‘ralganda, ular: “Men Rasululloh sallollohu alayhi vasallam hadislarini ulug‘lashni yaxshi ko‘raman. Ularni faqat tahoratli, xotirjam holda rivoyat qilaman”, deganlar.
Salafi solihlarmizning odobi shunday edi: ular Rasulullohning sallollohu alayhi vasallam hadislarini tahoratsiz holatda, yonboshlagan, yurgan holatlarida aytishni karih sanaganlar. Hadis aytayotgan paytda ularni hech bir toʻsiq, ogʻriq, mashaqqat ham Rasulullohning sallollohu alayhi vasallam gaplarini yetkazishdan toʻsmas edi.
Sahobalardan Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhuning hadis rivoyatidagi holatlarini Imom Dorimiy oʻz “Sunan”larida Amr ibn Maymundan rivoyat qiladilar:
“Men har payshanba oqshomida Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhuning huzuriga borishni oʻtkazib yubormas edim. U kishidan hech qachon “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar” degan so‘zni eshitmagan edim, toki bir oqshomda: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar”, demaguncha. Bas, Ibn Mas’udning ko‘zlari yoshga to‘ldi, bo‘yin tomirlari shishib ketdi, yoqalarining tugmalari ochilib ketganini ko‘rdim. Va: “Yoki shunga o‘xshash, yoki shunga yaqin, yoki shunga o‘xshash ma’noda”, dedilar”.
Salafi solihlarning Rasulullohga sallollohu alayhi vasallam boʻlgan odoblaridan barchamiz oʻrnak olishimiz, ularning hadislari zikr qilinganda Alloh taoloning Nabiysi va Habibi huzurida ekanligimizni his qilib, hurmatlariga rioya qilishimiz lozimdir. Zero u zotning hurmatlari hayotlik chogʻlarida qanday boʻlsa, vafotlaridan keyin ham abadiy o‘z kuchidadir!.
Abdulloh Sirojiddinning “As-solatu ala an-Nabiy” kitobi asosida TII katta o‘qituvchisi N.Saidakbarova va 2-kurs talabasi Sh.Abduqahhorova tayyorladi






