Imom Termiziy “Sunani Termiziy” asarlarida Jannat va Jahannam haqidagi bir qancha hadislarni rivoyat qilib, barcha insonlarni ogohlikka chaqiruvchi quyidagi hadisni keltiradilar: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men do‘zax kabisini ko‘rmadim, undan qochuvchisi uxlab yotadi. Jannat kabisini ham ko‘rmadim, uni talab qiluvchisi ham uxlab yotadi”, dedilar”. Ushbu hadis insonni ogohlikka, g‘aflatdan uyg‘onishga chaqiruvchi kuchli da’vatdir. Inson do‘zax kabi dahshatli azobdan qochishi lozim bo‘lgan holda aksariyat hollarda g‘aflatda bo‘lib, bu haqiqatni unutadi. Shuningdek, jannat kabi buyuk ne’matga erishish uchun harakat qilish o‘rniga loqaydlik va beparvolikka berilib ketadi.