Imom Termiziy “Sunani Termiziy” asarlarida Jannat va Jahannam haqidagi bir qancha hadislarni rivoyat qilib, barcha insonlarni ogohlikka chaqiruvchi quyidagi hadisni keltiradilar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ ﷺ: مَا رَأَيْتُ مِثْلَ النَّارِ نَامَ هَارِبُها، وَلَا مِثْلَ الجَنَّةِ نَامَ طَلِبُها.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men do‘zax kabisini ko‘rmadim, undan qochuvchisi uxlab yotadi. Jannat kabisini ham ko‘rmadim, uni talab qiluvchisi ham uxlab yotadi”, dedilar”.
Ushbu hadis insonni ogohlikka, g‘aflatdan uyg‘onishga chaqiruvchi kuchli da’vatdir. Inson do‘zax kabi dahshatli azobdan qochishi lozim bo‘lgan holda aksariyat hollarda g‘aflatda bo‘lib, bu haqiqatni unutadi. Shuningdek, jannat kabi buyuk ne’matga erishish uchun harakat qilish o‘rniga loqaydlik va beparvolikka berilib ketadi.
Alloh taolo Qur’oni karimda jannat va do‘zaxning vasflarini ko‘plab oyatlarda bayon qilgan. Buning asosiy maqsadi bandalarni do‘zax azobidan qo‘rqitish, ularni gunohlardan tiyish va jannatga erishishga rag‘batlantirishdir. Do‘zaxning dahshatli manzaralari inson qalbida qo‘rquv uyg‘otib, uni yomonliklardan qaytaradi.
Jahannam olovi nihoyatda dahshatli va chidab bo‘lmas darajada issiqdir. Qur’onda uning olovi dunyo olovidan bir necha barobar kuchli ekani ta’kidlanadi:
تَلْفَحُ وُجُوهَهُمُ ٱلنَّارُ وَهُمْ فِيهَا كَٰلِحُونَ
“Yuzlarini olov kuydirur. Ular unda badbashara holda boʻlurlar” (Moʻminun surasi, 104-oyat).
Jahannamda kofirlarning yuzlarini olov kuydirib, badbashara bo‘lib qolishlari Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda quyidagicha vasf qilinadi:
“Olov ustki labini boshining o‘rtasigacha, ostki labini kindigigacha kuydiradi”.
Niso surasi, 56-oyatda esa quyidagicha tasvirlanadi: “Oyatlarimizga kufr keltirganlarni, albatta, do‘zaxga kiritarmiz. Qachonki terilari pishib yetilganda azobni tortishlari uchun boshqa teri almashtirarmiz. Albatta, Alloh aziz, hakim Zotdir”.
Ulamolar ushbu dahshatli holatni tushuntirish uchun bir qancha rivoyatlar keltirganlar.
Ibn Abu Hotim Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan qilgan rivoyatda shunday deydi:
“Bir odam hazrati Umar huzurlarida mazkur oyatni o‘qigan edi, u kishi: “Bu oyatni menga yana qaytarib o‘qib ber”, dedilar. U odam qayta o‘qidi. Shunda Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu: “Bu oyatning tafsirini men bilaman, bir soatda terisi yetmish marta almashtiriladi”, dedilar. Hazrati Umar: “Xuddi shuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganman”, dedilar. Demak, o‘t-olov kuchli bo‘lganidan ularni bir zumda kuydirib jizg‘anak qilib tashlaydi va yana yangidan azob chekishlari uchun tezda terilari yangilanadi. Ammo u terilari bu dunyodagi terilariga o‘xshash bo‘lmaydi, Alloh taolo do‘zaxiylarning azobini yanada kuchaytirish uchun terilarini ham boshqacha qilib qo‘ygan bo‘ladi.
Imom Ahmad ibn Hanbal hazrati Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
“Do‘zax ahlining jismlari do‘zaxda kattalashtiriladi. Hatto quloq uchlaridan bo‘yinlariga qadar bo‘lgan masofa yetti yuz yillik yo‘lchalik bo‘ladi. Terilarining qalinligi yetti chig‘anoqchalik bo‘ladi. Tishlari esa Uhud tog‘icha bo‘ladi”, deganlar. Endi mana shunday badan va terining soatiga yetmish marta kuyib-bitib almashishini tasavvur qilib olavering!
كَمَنْ هُوَ خَٰلِدٌ فِى ٱلنَّارِ وَسُقُوا۟ مَآءً حَمِيمًا فَقَطَّعَ أَمْعَآءَهُم
“(O‘shalar) otashda mangu qoluvchi va o‘ta qaynoq suv ila sug‘orilib, ichaklari titilib ketgan kimsaga o‘xsharmikan?” (Muhammad surasi, 15-oyat).
Ya’ni jahannamda suv nihoyatda qaynoq bo‘lganligidan, badanining qayeriga tegsa, o‘sha yerini, asosan ichaklarini titib yuboradi. Bu azob tinmay takrorlanaveradi.
مِّن وَرَآئِهِۦ جَهَنَّمُ وَيُسْقَىٰ مِن مَّآءٍ صَدِيدٍ
“Uning ortida jahannam bordir. Yiring suv ila sug‘oriladir” (Ibrohim surasi, 16‑oyat).
Yuqorida zikr etilgan oyatlardan ayon bo‘ladiki, jahannam azobi nihoyatda dahshatli, inson tasavvuridan ham ortiq darajada og‘ir va davomli azobdir. Uning olovi kuydiruvchi, ichimligi qaynoq, azobi esa uzluksiz va takrorlanib turuvchi bo‘lib, u yerda na yengillik, na najot bor. Bu holatlar bandalarni ogohlantirish, ularni gunoh va isyon yo‘lidan qaytarish, Allohning azobidan qo‘rqib, toat va ibodatga yuzlanishga undash uchun bayon qilingan.
Shu bilan birga Qur’oni karim faqat qo‘rqitish bilangina cheklanmay, balki bandalarni umid bilan ham ruhlantiradi. Agar jahannam azobi Allohning adolati va g‘azabining namoyoni bo‘lsa, jannat ne’matlari Uning rahmati, fazli va marhamatining yorqin ifodasidir. Endi esa Qur’oni karimda zikr etilgan jannatning go‘zal vasflari, undagi bitmas-tuganmas ne’matlar va taqvodor bandalar uchun tayyorlangan ulug‘ mukofotlar haqida bir oz soʻz yuritamiz.
قُلْ أَؤُنَبِّئُكُم بِخَيْرٍ مِّن ذَٰلِكُمْ لِلَّذِينَ ٱتَّقَوْا۟ عِندَ رَبِّهِمْ جَنَّٰتٌ تَجْرِى مِن تَحْتِهَا ٱلْأَنْهَٰرُ خَٰلِدِينَ فِيهَا وَأَزْوَٰجٌ مُّطَهَّرَةٌ وَرِضْوَٰنٌ مِّنَ ٱللَّهِ وَٱللَّهُ بَصِيرٌۢ بِٱلْعِبَادِ
“O‘sha narsalaringizdan yaxshirog‘ining xabarini beraymi?! Taqvo qilganlarga Robblari huzurida ostidan anhorlar oqib turgan jannatlar bor. Unda abadiy qolurlar. Pokiza juftlar va Alloh tomonidan rozilik bor. Va Alloh bandalarni ko‘rib turuvchidir”, deb ayt” (Oli Imron surasi, 15-oyat).
Bu tamoman boshqa muhit. Umuman boshqa manzara va sahna. Ikki yonda ikki holat. Bir tomonda jannat egalari toʻkis rohat-farogʻatda. Ikkinchi tomonda doʻzax egalari butkul azob-uqubatda.
مَّثَلُ ٱلْجَنَّةِ ٱلَّتِى وُعِدَ ٱلْمُتَّقُونَ فِيهَآ أَنْهَٰرٌ مِّن مَّآءٍ غَيْرِ ءَاسِنٍ وَأَنْهَٰرٌ مِّن لَّبَنٍ لَّمْ يَتَغَيَّرْ طَعْمُهُۥ وَأَنْهَٰرٌ مِّنْ خَمْرٍ لَّذَّةٍ لِّلشَّٰرِبِينَ وَأَنْهَٰرٌ مِّنْ عَسَلٍ مُّصَفًّى وَلَهُمْ فِيهَا مِن كُلِّ ٱلثَّمَرَٰتِ وَمَغْفِرَةٌ مِّن رَّبِّهِمْ كَمَنْ هُوَ خَٰلِدٌ فِى ٱلنَّارِ وَسُقُوا۟ مَآءً حَمِيمًا فَقَطَّعَ أَمْعَآءَهُمْ
“Taqvodorlarga va’da qilingan jannatning misoli (shuki): ichida aynimagan suvli anhorlari, ta’mi o‘zgarmagan sutli anhorlari, ichuvchilarga lazzatbaxsh xamr (sharob)li anhorlari, musaffo asalli anhorlari bor. Ular uchun unda barcha mevalar va Robblaridan mag‘firat bor. (O‘shalar) otashda mangu qoluvchi va o‘ta qaynoq suv ila sug‘orilib, ichaklari titilib ketgan kimsaga o‘xsharmikan?” (Muhammad surasi, 15-oyat).
Mazkur oyatning avvalida Alloh taolo taqvodor bandalariga va’da qilingan jannatning vasfini keltirmoqda.
“Taqvodorlarga va’da qilingan jannatning misoli (shuki):”
U yerda son-sanoqsiz ne’matlar mavjud, jumladan:
“…aynimasdan turadigan suvli anhorlari…” bor.
O‘ylab ko‘rilsa, butun avlodi jazirama sahroda bir tomchi suvga zor bo‘lib o‘tayotgan arablarga o‘sha vaqtda bu qanday ulkan ne’mat?! Biror qarich yerida suv oqmaydigan diyorda har zamonda bir yog‘adigan yomg‘irdan qolgan ko‘lmak suvni uchratish mumkin. Ko‘lmak suv esa, hammaga ma’lumki, bir oz muddatdan so‘ng aynib, hidlanib qoladi. Shuning uchun “aynimasdan turadigan suvli anhorlar bor”, deyilmoqda. Bir yoki ikki emas, bir qancha anhorlari bor, bu qanday ulkan ne’mat!
“…ta’mi o‘zgarmagan sutli anhorlari…” bor.
Bu ham tengsiz bir ne’mat. Tuyani har zamonda sog‘ib ichib yurgan arablarga naqadar tengi yo‘q ne’mat! Xuddi suv kabi uning ham ta’mi o‘zgarmagan, bir emas, bir necha anhorlar bor. Inson chaqaloqligidan tortib to umrining oxirigacha sutga ko‘p hojat tushadi. Shuning uchun ham oyatda suvdan keyin sutning zikri keladi.
“…ichuvchilarga lazzatbaxsh xamr (sharob)li anhorlari…” bor.
Mayxo‘rlik arablarga o‘sha vaqtda eng ulug‘ va huzurbaxsh ish hisoblanardi. Ularning kattasi-yu kichigi, erkagi-yu ayoli yotsa ham, tursa ham, maydan gapirishardi. Alloh taolo zararli bo‘lgani uchun mayxo‘rlikni bu dunyoda harom qildi. U dunyoda esa zararsiz holatda, huzurbaxsh qilib, jannatning ne’matlaridan biriga aylantirdi.
“…musaffo asalli anhorlari bor”.
Asal ham Allohning ulug‘ ne’matlaridan. Ayniqsa, musaffo bo‘lsa. Alloh taolo jannatda taqvodor bandalari uchun musaffo asalli anhorlarni oqizib qo‘yadi. Bu qanday buyuk baxt!
“Ular uchun unda barcha mevalar bor”.
Ahli jannat uchun Alloh taolo hamma mevalarni ham muhayyo etgan. Jannatilar xohlagan mevalarini xohlagan holatda uzib olib yeydilar.
“…va Robblaridan mag‘firat bor”.
Bu hammasidan yuqori, oliy maqomli ne’matdir. Bandalik ila qilgan gunohlarining mag‘firat qilinishi barcha ne’matlarning eng a’losidir.
عَلَىٰ سُرُرٍ مَّوْضُونَةٍ مُّتَّكِـِٔينَ عَلَيْهَا مُتَقَٰبِلِينَ
“Toʻqima soʻrilardadirlar. Bir-birlariga roʻbaro boʻlib yonbashlagan holdadirlar” (Voqea surasi, 15–16-oyatlar).
Ya’ni peshqadamlar jannatda dur-u yoqutlar aralash qilib to‘qilgan so‘rilarda bir-birlariga qarab, yonboshlab-yastanib rohatlanishar ekan. Oyatda so‘rilar “to‘qima” debgina sifatlangan bo‘lsa ham, rivoyatlarda uning tillo, dur va yoqutlarning aralashmasidan yasalgani aytiladi.
Ushbu oyat va hadislarni jamlab qaraydigan bo‘lsak, inson hayoti aslida ikki yo‘l o‘rtasida kechayotganini anglaydi: biri – najot va abadiy saodat yo‘li, ikkinchisi esa halokat va azob yo‘lidir. Inson har kuni, har lahza shu ikki manzil sari qadam tashlab boradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi so‘zlari esa bu haqiqatni yanada chuqurroq anglashimizga sabab bo‘ladi: “Men do‘zax kabisini ko‘rmadim, undan qochayotgan odam esa uxlab yotadi. Jannat kabisini ham ko‘rmadim, uni talab qilayotgan odam esa uxlab yotadi”.
Darhaqiqat, inson do‘zax kabi dahshatli azobdan qochishi lozim bo‘lgan holda g‘aflatda qolmoqda. Shu bilan birga jannat kabi buyuk ne’matga erishish uchun astoydil harakat qilish o‘rniga, loqaydlik va beparvolikka berilib ketmoqda. Aslida esa eng muhim haqiqat shuki: biz tilimiz bilan jannatni so‘raymiz, do‘zaxdan panoh tilaymiz, ammo bu da’volarimiz ko‘pincha amallarimizda o‘z aksini topmaydi. Go‘yo maqsadimiz ulug‘, lekin yo‘limiz boshqa tomonga ketayotgandek.
Hadisda zikr etilgan “uyqu” esa oddiy uyqu emas, balki qalbning g‘aflati, ruhning beparvoligi va haqiqiy maqsaddan uzoqlashish holatidir. Inson do‘zax azobi kabi dahshatli haqiqatni eshitadi, lekin unga jiddiy qarab, o‘zini o‘zgartirishga shoshilmaydi. Jannat kabi buyuk ne’matlar haqida biladi, ammo unga erishish uchun chinakam harakat qilmaydi. Go‘yo oldida olov turibdi-yu, u esa hali ham beparvo holda vaqtini behuda o‘tkazmoqda. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu holatni “uyqu” soʻzi bilan ifoda qildilar. Chunki uxlayotgan odam xavfni his qilmaydi, vaqtning o‘tishini sezmaydi, hatto halokat yaqinlashayotganini ham anglamaydi.
Demak, haqiqiy najot insonning uyg‘onishidadir – qalbning uyg‘onishi, ongning xushyorligi va niyatlarning amallar bilan tasdiqlanishidadir. Inson o‘z yo‘lini anglab, har bir qadami uni qayerga olib borayotganini his etganida g‘aflatdan chiqib, haqiqiy maqsad sari intila boshlaydi. Ana shundagina uning duolari faqat so‘zda emas, balki hayotida ham aks etadi.
Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi Nilufar SAIDAKBAROVA
2-kurs talabasi Sarvinoz ASATILLAYEVA






