islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Nusrat Allohdandir

Hijriy ikkinchi yilning oʻn yettinchi ramazon kuni, musulmonlar mushriklarga qarshi birinchi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda edilar. Abu Sufyon boshchiligidagi Qurayshning karvoni Shomdan kelayotgan edi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam bu karvonni toʻsish uchun sahobalarni janga chaqirdilar. Biroq Abu Sufyon oʻz yoʻnalishini oʻzgartirib, boshqa yoʻldan yurgani bois musulmonlar karvonni qoʻldan boy berdilar. Karvon qutilib qolgan boʻlsa ham, Abu Jahl musulmonlarga qarshi urushish fikridan qaytmadi va: “Lotga qasam, biz Badrga borib, tuyalar soʻyib, aroqlar ichib, u yerda oʻyin kulgi qilmasdan qaytmaymiz. Toki hamma arablar bizning chiqqanimizni, Muhammad karvonni qoʻlga kirita olmaganini, biz uni yer tishlatganimizni bilsinlar va umrbod bizdan qoʻrqib yursinlar”, – dedi.

Ikki qoʻshin Badr qudugʻi oldida janga kirishdi. Urush avjiga chiqdi, musulmonlarni xotirjam qilish uchun ilohiy madad yetib keldi, musulmonlar tarafidan farishtalar ham jang qilishdi.

Alloh taolo moʻmin bandalarini gʻolib qilgan ushbu jang musulmonlar uchun katta fathlarning boshlanishi, kofirlarga esa xorlik eshigining ochilishi boʻldi.

Musulmonlar din dushmanlariga kerakli zarbani berdilar – ulardan bu ummatning firʼavni Abu Jahl (Amr ibn Hishom) bilan birga yetmishtasini oʻldirdilar.

Badr jangida qoʻshinlar kuch jihatidan teng emas edi: qurol-aslaha u yoqda tursin, hattoki mushriklarning soni ham musulmonlardan bir necha barobar ziyoda edi. Shunday boʻlsada, musulmonlar gʻalaba qozondilar. Demak, gʻalaba qilish odam soni yoki qurol-aslahaga bogʻliq emas, gʻalaba Allohning qoʻlida ekan.

Alloh taolo shunday deydi: “Agar sizlarga Alloh madad bersa, hech kim sizlarga gʻolib boʻla olmaydi. Bordiyu sizlarni qarovsiz qoldirsa, sizlarga undan oʻzga kim ham madad berar edi?! Moʻminlar faqat Allohga tavakkal qilsinlar!” (Oli  Imron, 160).

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam urush boshlanishidan oldin kechasi bilan uxlamay: “Allohim, menga vaʼda qilgan nusratingni ber! Allohim, agar shu musulmonlar halok boʻlishsa, yer yuzida hech kim senga ibodat qilmay qoʻyadi” – deya iltijo qilib, yolvorib soʻradilar, hatto yelkalaridan ridolari tushib ketdi.

Toshkent Islom instituti talabasi

Turdaliyev Abduqayum

419340cookie-checkNusrat Allohdandir

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: