Siyrat olami borasida eng mashhur ulamolar haqida gap ketar ekan, Ibn Ishoq va Ibn Hishom rahmatullohi alayh nomlari zikr qilinadi. Bu buyuk shaxslardan keyin yuzaga chiqqan siyrat ulamolari deyarli barchalari shu ikki shaxsning keltirgan ma’lumotlariga suyanishadi. Siyrat ulamolari o’z uslublarini muhaddislar uslubidek tuzishgan. Ular Rosuli Akram sollallohu alayhi vasallamning hayotlariga tegishli xabarlarni, Rosulni ko’rgan va eshitgan sahobalardan rivoyat qilgan roviylar silsilasiga suyangan holda to’plashgan. Oldingi siyrat kitoblarida har bir ma’lumotning roviylari sanadi bilan keltirilgan. Avvallari, siyratga aloqador ma’lumotlarni iloji boricha to’liq jamlashga etibor qaratilgan. Hattoki siyratga oid kitoblarga sharhlar ham yozishgan. Keyinchalik, rivoyatlarning quvvati ma’lum bo’lgach, talabalarga oson bo’lsin deb roviylar silsilasini to’liq zikr qilishdan chetlanishgan. Roviylar silsilasini o’rniga sahobani zikr qilish bilan kifoyalanishgan. Vaqt o’tib, aksar insonlarning mashg’ulotlari ko’payib, mufassal kitoblarni o’qishga imkoniyatlari bo’lmagach, muxtasar siyrat asarlari paydo bo’lgan. Maqsad, mo’min-musulmonlarga sevikli payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotlari haqida xabar berishdir. Har bir davrning, har bir musulmon o’lkasining o’ziga xos siyrat ulamolari bo’lishadi. O’z zamonasining yetuk olimi Muhammad G’azzoliy ham nabaviy siyratga oid “Fiqhu Siyra” asarini yozgan. Bu asar siyratga tegishli ma’lumotlarni chuqur tahlil qilib, ulardan kelib chiqadigan ibratlar, hukmlar va hikmatlarga alohida e’tibor beriladi.
Siyrat dunyosida juda ko’plab olimlar yashab, unda ko’plab kitoblarni yozib ketishgan. Ibn Ishoq, Ibn Hishom, Tabari, Ibn Sad kabi olimlar bu yo’lda ilk poydevorlarni qo’ygan bo’lishsa, Muhammad G’azzoliy bu boy merosga zamonaviy ruh, tafakkur va ijtimoiy sezgirlik olib kirdi. Uning “Fiqhu Siyra” asari oddiy voqealarni jamlagan tarixiy xronologiya emas. Bu- tafakkurga chorlovchi, saboq beruvchi va hozirgi musulmon uchun yo’l ko’rsatuvchi bir asardir. Bu asarining mazmuni, voqealar orqali odob-axloq, siyosat, jamiyat boshqaruvi borasida ma’lumotlar olish va zamonaviy muammolarga ham islomiy nuqtayi nazaridan javoblarni topishimiz mumki. Uning siyrati tafsirga yaqin, har bir urush, har bir qaror, har bir suhbatda iymon va sabr yotganini ochiqarib beradi. G’azzoliyning asari, zamonaviy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy holatlar bilan aloqador. Masalan, musulmon jamiyatidagi bo’linishlar, kuchsiz boshqaruv, adolat yo’qotilishi kabi muammolarni Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning rahbarliklari bilan solishtiradi. Bu yondashuv Ibn Sa’d yoki Imom Tabari asarlarida yo’q balki ular tarixiy ketma ketlikka sodiq qolishgan. G’azzoliy esa o’quvchini o’sha tarix ichiga kirgizib, hozirgi holat bilan qiyos qilishga undaydi. G’azzoliyning yozuv uslubi sodda, ammo chuqur. U o’quvchini mantiqan ham hissan jonlantiradi. Uning har bir sahifasi “Musulmon bugun qanday yashashi kerak?” degan savolni kitobxoniga uyg’otadi. G’azzoliy asarni tarix sifatida emas, balki shariat qoidalari va tarbiya mezoni bilan birga ko’rib chiqadi. Mana shu jihat bilan boshqa siyrat ulamolaridan ajralib turadi. “Fiqhu siyra” asaridan bir voqeani olsak, uni G’azzoliy tahlillari bilan ko’rib chiqsak. Masalan, “Toif voqeasi”ni qisqacha bayon qilsak, hijratdan oldin, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Makkada qiynalib, quraysh zulmlaridan qutilish va da’vatni kengaytirish maqsadida Toif shahriga yo’l olgandilar. U yerda Saqif qabilasining obro’li kishilaridan yordam so’radilar, ammo ular u zotni mensimay, istehzo qildi, hatto shahar bolalarini u zotga qayirib, tosh ottirdi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam esa jarohatlari bilan ezilgan holda, bo’g’ bo’stonda panoh topdilar. Muhammad G’azzoliy uchun voqea shunchaki bir rad etilgan da’vat emas, chuqur saboqlar, iymon mustahkamligi va da’vat namunasidir. G’azzoliy bu voqeani musulmonlar boshiga keladigan sinovlarning eng og’iri sifatida sharhlaydi. Unga ko’ra, Rosuli akram Toifda jismonan jarohatlangan bo’lsalar-da, ruhan mag’lub bo’lmadilar ya’ni tashqi muvaffaqiyatsizlik hech qachon ruhiy tanazzulga aylanishi kerak emas, degan xulosani aytib o’tadi. Rosuli akram dushmanlarni la’natlamadilar. Muallif bu orqali sabr, kechirim va iymonning nozik qatlami bo’lmish, rahmatparvarlikni ko’rsatadi. U:“Agar biz g’azabni emas, mehrni, kechirimni tanlasak, Alloh bizga g’alabani o’zi beradi”, degan fikrni ilgari suradi. Aksincha, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning duoyibat o’rniga Allohga qilgan duolari “Allohim! Quvvatimning zaifligi, choramning ozligi va xalq nazdida xo’rlanishimdan senga shikoyat qilaman. Ey rahmlilarning Rahmlisi! Sen zaiflarning Robbisisan. Sen mening Robbimsan. Meni kimga tashlab qo’ymoqdasan? Meni tushunmasdan, menga yoqimsiz yuzlarini ko’rsatuvchilargami? Yoki ishlarimni qo’llariga berib qo’ygan dushmangami? Agar Sening menga nisbatan g’azabing bo’lmasa men qo’rqmayman. Lekin Sening afving men uchun juda kengdir. Zulmatlarni oydinlatuvchi, dunyo va oxirat ishlari u bilan isloh bo’luvchi Yuzing nuriga sig’inaman. Menga g’azabing tushmasligi yoki noroziliging etmasligini so’rayman. Mendan rozi bo’lishing O’z qo’lingdadir. Sendan o’zgada hech qanday quvvat va qudrat yo’q”, deganlaridan G’azzoliy xulosa qiladiki, duo bu zaiflik emas, kuchdir. Bu duoni haqiyqiy iymon egasining qalb nidosi deb ataydi. U quyidagicha tahlil qiladi:
-zaiflikni inkor qilamydi, balki uni Alloh oldida ochiq tan oladi, bu esa haqiyqiy tavozedir.
-g’azabdan emas, Allohning noroziligidan qo’rqadi, aynan mana shu iymonning eng nozik bosqichidir.
-muammo yoki og’riqdan emas, Alloh roziligini yo’qotishdan qo’rqadi, bu esa haqiyqiy bandaning qalb ohangidir.
G’azzoliy bu duoni o’quvchiga yo’naltirib shunday yakunlaydi, “Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning bu duolari orqali bizni shikoyat emas, sabr, shukr va Allohga qaytishga o’rgatdilar. Iymonli kishining eng kuchli qalqoni- Allohga yuzlanishidir.” Rosulning dushmanlariga nisbatan yaxshilik kutish ruhida bo’lishlarini esa, muallif bugungi musulmonlarga qarata, yaxshilik ko’rmasangiz ham yaxshilik qilishni to’xtatmang, deb nasihati ostida keltiradi. Toifdan qaytayotganda, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam qilgan duolari islom tarixida eng chuqur ezgulik va iymon bilan to’la ibodatlardan biridir. Shuni bilib oldikki, Muhammad G’azzoliyning “Fiqhu siyra” asariga bo’lgan yondashuvi, zamonaviy musulmon ongiga mo’ljallangan siyratdir. Tarixiy voqealarga yangicha faollik, ijtimoiy ma’suliyat va tafsiriy yondashuv bilan qaraydi. Bu kitob, go’yoki, har bir o’quvchining ichki uyg’onishiga va Allohga qaytishiga yordam beradi. Rosululloh solllalohu alayhi vasallamning hayotlarini shunchaki o’qish emas, balki u bilan yashashga chorlaydi.
403-guruh talabasi Amina Erkinova