“…Ochig‘ini aytsak, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga o‘xshagan buyuk odamlar hozir yetishmayapti”.
(O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev)
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqida qanday ma’lumotlarni bilasiz?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (1952–2015) – yetakchi alloma, mufassir, mujtahid, faqih va mutafakkir bo‘lgan. Bu zot Islom olamining yirik namoyandasi, ulkan arbobi, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining sobiq muftiysi, mustaqil O‘zbekiston Respubllikasining birinchi muftiysi, ko‘plab xalqaro ilmiy muassasalar, diniy tashkilotlarning a’zosi va o‘zbekzabon xalqlarning diniy rahnomasi bo‘lgan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf-Islom ulamolari millatlararo ittifoqining aʼzosi bo‘lgan. Hazrat Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Qur’oni Karimning o‘zbek tiliga semantik tarjimasini (so’zlar emas, balki ularning anglatgan ma’nosini tarjima qilish) amalga oshirgan, Islom ilmlariga oid yuzdan ortiq kitob va tarjimalarini nashr ettirgan. Hazrat Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Islom.uz sayti orqali O‘zbekiston xalqi orasida diniy madaniyatni ya’ni diniy bilim, an’ana, ma’rifat, odob-axloq o‘rganish, o‘rgatish va rivojlantirishga bag‘ishlagan edi. Bu zot islom ilmlariga oid yuzdan ortiq kitob va tarjimalarini nashr ettirgan. Muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf arab tilini juda mukammal bilar edi. 2023-yil 27-iyunda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy darajali Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab o‘tganidek, Hazrat umrini xalqimizga diniy ma’rifat tarqatishga sarflagan buyuk ulamo edi.
“O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasining raisi, muftiy lavozimida ishlagan, osha paytda sobiq Ittifoqdan Hajga eng ko‘pi bilan 20 kishi borgan. Lekin 1990-yili O‘rta Osiyo va Qozog‘istondan 500 nafar musulmonni O‘zbekistondan jo‘natishga bosh-qosh bo‘lgan. 1990-yillarda Saudiya podshohligiga borib, 1 million nusxa Qur’onni olib keltirgan”, -deb ta’kidladi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
1952-yil 15-aprelda Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf diniy olim oilasida tug‘ilgan. Otalari ustoz Muhammad Yusuf o‘g‘liga boshlang‘ich diniy taʼlim bergan, maktabda muvaffaqiyat qozonishi uchun barcha sharoitlarni qilib bergan, kitobxonlikka mehr uyg‘otgan. Onalarining ismi Sobiraxon bo‘lib, oddiy, taqvodor, fidoiy va samimiy ayol bol‘gan. Farzandlarini ilm olishiga va tarbiyasiga katta e’tibor bergan.
Muhammad Sodiq o‘rta maktabni tamomlagach, 1970-yilda Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil oldi va uni eksternat(shaxsning o‘quv muasasasida o‘quv dasturini mustaqil o‘zlashtirishga asoslangan ta’lim) bo‘yicha muvaffaqiyatli tamomlaydi. 1973-yilda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdi. 1975-yilda institutni tamomlab, “Sovet Sharq musulmonlari” jurnalida ishlagan. 1976-yilda Tripoli shahridagi (Liviya davlati) “Daʼwa Islamia” universitetiga oʻqishga kirdi va uni 1980-yilda imtiyozli diplom bilan tugatdi. Hazrat Muhammad Sodiq ona Vatanni O‘zbekistonga qaytib, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining tashqi aloqalar bo‘limida ishlagan, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida dars bergan. Bu davrda Hazrat Muhammad Sodiq institut uchun yangi o‘quv dasturini ishlab chiqdi, yangi Islomiy fanlarni o‘qitishni yo‘lga qo‘ydi, talabalarni zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlar bilan taʼminlashni tashkil qildi. 1987-yildan 1989 yilgacha Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida rektorlik lavozimida ishladi.
1989-yil 6-fevralda Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf muftiy-O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishish arafasida esa shayx sobiq SSSR Oliy Kengashiga deputat etib saylandi va mustaqil O‘zbekiston Respublikasining birinchi muftiysi bo‘ldi.
1991-yil 1-sentyabr kuni qo‘lga kiritilgan Mustaqillik bilan xalqqa diniy erkinlik berildi, muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf O‘zbekistondagi eng mashhur shaxsga aylandi.
1997-yilda Muhammad Sodiq Saudiya Arabistonidagi xalqaro islom tashkiloti Rabita al-Alam al-Islomiy (Islom olami uyushmasi) tarkibidagi musulmon mamlakatlari va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi(MDH) davlatlari uchun masʼul etib tayinlandi. U ushbu tashkilot boshqaruv kengashining doimiy aʼzosi edi.
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf O‘zbekistonda ko‘plab diniy asarlar yozishga kirishdi. Musulmonlarning ilmiy va diniy madaniyatini yuksaltirishga bag‘ishlangan respublika bo‘ylab o‘tkazilgan ko‘plab tadbir va yig‘ilishlarda qatnashdi.
2014-yil 29-iyul hijriy sana boʻyicha 1434-yil Ramazon oyida Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Butunjahon islom aloqalari tashkiloti taʼsischilar assambleyasi aʼzosi bo‘lib, Islom.uz sayti orqali O‘zbekiston xalqi orasida diniy madaniyatni rivojlantirish yo‘lida band bo‘ldi. U doimiy ravishda dunyo boʻylab ilmiy konferensiyalar, seminarlar va uchrashuvlarda qatnashdi.
Hazrat Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf quyidagi musulmon tashkilotlariga aʼzo boʻlgan:
- Butunjahon musulmon ulamolari ittifoqi kotiblar kengashi (hammuassis);
- Islom olami uyushmasi taʼsischilar kengashi (Makka);
- Butunjahon tasavvuf uyushmasi prezidiumi;
- Jahon Xalq Islom Rahbarligi Bosh Kotibiyati;
- Butunjahon islom daʼvati kengashi prezidiumi;
- Qirollik Islom tafakkuri akademiyasi (Iordaniya);
- Islom ulamolari va jahon mutafakkirlari assambleyasi ijro byurosi (Makka);
- Jahon islom universiteti Ilmiy kengashi (Islomobod);
- Butunjahon masjidlar assotsiatsiyasi.
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf islom ulamolarining nodavlat tashkiloti Xalqaro musulmon ulamolari ittifoqi (IUMS) aʼzosi edi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf sobiq Sovet Ittifoqi prezidenti Mixail Gorbachevga musulmonlar huquqlari, muammolarini haqida hisobot taqdim etdi. Bu zot musulmonlarga namoz oʻqish, dinni oʻrganish huquqlarini qaytarishni soʻradi. Hazrat Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning M. Gorbachev bilan uchrashuvida kommunistik rejimda dinga nisbatan siyosatda ijobiy oʻzgarishlar boʻldi. Hazrat Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning saʼy-harakatlari bilan Sovet Ittifoqida koʻplab masjid va madrasalar qurildi.
2015-yil 10-mart kuni shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 62 yoshida yurak hurujidan vafot etdi. Dafn marosimi Toshkent shahrining eski shahar qismidagi Shayx Zayniddin jome masjidida o‘tdi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning xotirasi yuksak ehtirom bilan yodga olish niyatida:
- Koreya Respublikasining Kojedo shahrida uning nomiga masjid qurilgan.
- Checheniston poytaxti Grozniy shahridagi koʻchalardan biriga uning nomi berilgan.
- Qozogʻistonning Chimkent shahrida uning nomiga masjid qurilgan.
- Moskva viloyati Balashixa tumanida shayx nomi bilan ayollar va erkaklar madrasasi tashkil etilgan.
- Toshkent shahrining Chilonzor tumanida Hazratning nomi bilan atalgan masjid qurilgan.
- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Istanbul Ta’lim-Tarbiya Akademiyasi tashkil qilindi.
1994-yildan 2000-yilgacha mashhur alloma Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning oʻttizga yaqin mashhur maqola va yigirma beshta kitob va risolalarni nashr etdi. Ularning koʻpchiligi o‘zbek tilida yozilgan, baʼzilari esa rus tiliga ham tarjima qilingan.
Mashhur alloma Muhammad Sodiq kitoblari orasida: Tafsiri hilol (Qur’oni Karim maʼnolarining tarjimasi va tafsiri, 6 jildda), Hadis va hayot (Hadis va hayoti, Islom tarixi va barcha tafsilotlari haqida tizimli ravishda batafsil soʻz yurituvchi kitoblar turkumi, barcha paygʻambarlar tarixi.., 40 jild atrofida), Ruhiy tarbiya (Maʼnaviyat tarbiyasi, 3 jild), Kifoya (fiqh (Islom huquqi) 3 jildli kitoblar) va boshqa koʻplab islomga oid kitoblar, bukletlar, audio va video materiallar hamda Imom al-Buxoriyning mashhur kitoblarining oʻzbek tilidagi tarjimalari bor. Shuningdek, mashhur olimning asarlari ingliz, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq va boshqa tillarga tarjima qilingan. Yaqinda turk tiliga ham tarjima qilinib, nashrga tayyorlandi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning kitoblari keng ilmiy asosga ega bo‘lib, qo‘shni mamlakatlar, Rossiya va Yevropa mamlakatlarida ham o‘rganilmoqda.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, mashhur alloma Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nafaqat yurtimiz, balki butun musulmon olamida tan olingan yirik islom olimi, mujtahid va jamoatchi arbob sifatida oʻzidan beqiyos ilmiy-ma’naviy meros qoldirdi. Bu zotning diniy-ma’rifiy faoliyati sevimli ona Vatanimiz Oʻzbekistonda islomiy uygʻonishning zamonaviy bosqichiga zamin yaratdi. Qur’on va Hadis ilmlariga asoslangan chuqur bilimlari, xalqchil va tushunarli tilda yozilgan asarlari orqali diniy savodxonlikni oshirishga katta hissa qoʻshgan. Mashhur allomaning meroslari, ayniqsa yoshlarda vatanparvarlik, odob-ahloq va soʻgʻlom e’tiqod ruhini shakllantirishda muhim oʻrin egallaydi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xotirasi xalqimiz qalbida doimo e’zozlandi, bu zotning ilmiy merosi esa kelajak avlod uchun muhim manba boʻlib qoladi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf xotirasi xalqimiz qalbida doimo e’zozlandi, bu zotning ilmiy merosi esa kelajak avlod uchun muhim manba boʻlib qoladi.
Hazratdan islom olamiga ulkan ilmiy-ma’naviy xazina meros bo‘lib qoldi. U kishining diniy qarashlari haqida juda ko‘p yozilgan va yozilmoqda.
Foydalanilgan Internet saytlari
- www. wikipedia.org
- www.daryo.uz
- www.uzswlu.uz
- www.kun.uz
- www.gazeta.uz
- www.review.uz
“Tillar” kafedrasi katta o‘qituvchisi
Faxriddin Yernazarov tomonidan tayorlandi.