islom-instituti@umail.uz         71-227-42-37

Umar Hayyom – buyuk olim va shoir

Umar Xayyom haqida qanday ma’lumotlarni bilasiz?

Umar Xayyom (18-may 1048 yil – 4-dekabr 1131 yil) – mashhur fors olimi, shoir, matematik, astronom, fizik, tabib va faylasuf bo‘lgan.

Umar Xayyom Isfaxon rasadxonasi ishlariga rahbarlik qilib, matematika, astronomiya sohasida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan. Uning matematika, falakiyotshunoslik, falsafaga oid bir qancha asarlari va kashfiyotlari ma’lum. Umar Xayyom ilmiy asosda yulduz va sayyoralar harakatini o‘rganib,  yulduzlar jadvali (zij), 1079-yilda yangi isloh qilingan taqvim (kalendar) tuzgan. Bu   taqvim Yevropada undan 500 yil keyin joriy qilingan Grigoriy taqvimidan ham aniqroq boʻlgan. Umar Xayyom ruboiylari uning nomini dunyoga taratdi. Aynan shoir Umar Xayyom tufayli ruboiy jahon soʻz sanʼatining mashhur janrlaridan biriga aylangan. Bu zot oʻzining falsafiy jihatdan teran va sermazmun ruboiylari bilan Sharq sheʼriyatida falsafiylikning chuqurlashuviga katta hissa qoʻshgan. Umar Xayyom fors va arab tillarini juda yahshi bilgan,

Uning taxallusi Umar Xayyom bo‘lib,  bu zotning asl ism-sharifi Gʻiyosiddin Abulfath Umar ibn Ibrohim Xayyom Nishopuriydir.

1048-yil 18-mayda Umar Xayyom  Nishopur shahrida (hozirgi Eron davlatidagi shaharning nomi) chodir tikuvchi kosib oilasida dunyoga kelgan. Uning “Xayyom” laqabi otasining chodir tikuvchilik hunariga monanddir. Nishopur shahrida Umar Xayyom boshlangʻich ma’lumotni olgan. Keyin esa bu zot Balx, Buxoro va Samarqand shaharlarida yashab, ta’lim olgan va ijod qilgan.

Malikshoh va Nizomulmulk (1019-1092) da’vati bilan 1074-yilda Isfahon shahrida Umar Xayyom rasadxona qurdirgan va unga rahbarlik qilgan.

Rivoyatlarga qaraganda, Saljuqiylar vaziri Nizomulmulk Umar Xayyomga Nishopur hokimligini taklif qilgan. Lekin olim bu taklifga rozi bo’lmaydi.

1077-yilda Umar Xayyom yunon olimi Evklid kitobiga sharh yozib, butun sonlarning ildizini topish yo’llarini ko’rsatib beradi. 1079 yilda Xayyom yangi isloh qilingan kalendar ishlab chiqaradi. Bu kalendar Yevropada undan 500 yil keyin qabul qilingan va hozirgi vaqtgacha qo’llanilayotgan Grigorian kalendaridan ham aniqroq bo’lgan.

 1122-yili buyuk olim, astronom Umar Xayyom Nishopur shahrida vafot etgan.
Umar Xayyom ilmda ham, ijodda ham oʻzini shayx u-rais (shayxlarning raisi) Abu Ali ibn Sinoning hassos (mehrli qalb egasi, sezgir, oʻta bilimli) va sadoqatli shogirdi boʻlgan. Abu Ali ibn Sino asarlarini tushunmaganlar ularni izohlash va sharhlashni Umar Xayyomdan soʻraganlar. Bu zot ustozining bir qator asarlarini arabchadan forschaga tarjima qilib, sharhlab bergan, uning gʻoya va qarashlarini davom ettirgan hamda targʻib qilgan. “Risolat ul-kavn vat-taklif” (“Koinot va uning vazifalari haqida risola”), “Risola fil vujud” (“Borliq haqida risola”),“Risola fi kulliyoti vujud”(“Borliqning umumiyligi haqida risola”) kabi falsafiy asarlarida Abu Ali ibn Sinoning vorisi va izdoshi sifatida namoyon boʻlgan. 1077-yilda bu zot yunon olimi Yevklid kitobidagi bir necha geometrik shakllarni sharhlab yozgan “Risola fi sharhi mo ashkala min musodarat kitob ul-Iklidis” (“Yevklid kitobi muqaddimalaridagi mushkulotlar sharhi haqida risola”) asarida butun sonlarning ildizini topish yoʻllarini koʻrsatib bergan. “Risola fil barohiyn ala masoyil al-jabr val-muqobala” (“Algebra va muqobala (qarshilik nazariyasi) isbotlari haqida risola”), “Mushkulot ul-hisob” (“Arifmetika mushkulotlari”) asarlarida u yunon olimlarining aniq fanlarga oid fikrlarini arab tilida keng sharhlash bilan birga, ularning qarashlarini rivojlantirgan, matematik, fizik tenglamalarning modellarini topgan. XII asr fors nasrining nodir namunasi hisoblangan “Navroʻznoma”asarida Navroʻzning kelib chiqish tarixi, Sharq xalqlarining bu bayram bilan bogʻliq anʼana va marosimlari keng yoritilgan, koʻplab hikoyat va rivoyatlar keltirilgan.

Umar Xayyomga uning ruboiylari olamshumul shuhrat keltirgan. Ularda shoir dunyo, odam haqida, hayot mazmuni haqida fikr yuritgan. Ruboiylarida u materiyaning bir holatdan ikkinchi holatga oʻtishi, eskining yemirilib, yangining paydo boʻlishini (kulol, koʻza, tuproq haqidagi ruboiylar va hokazo) ifodalaydi. Umuman, ishq va hayot, inson tafakkurining qudrati, umrning maʼnosi, insoniy fazilat va qusurlar (kamchiliklar, nuqsonlar), maʼrifat va jaholat kabi mavzular shoir ruboiylarining asosini tashkil etadi. Abulqosim Firdavsiy masnaviyni, Hofiz Sheroziy gʻazalni qanchalik takomilga yetkazgan boʻlsalar, Umar Xayyom ham ruboiylarini shunchalik yuksak mavqega koʻtardi. Umar Xayyom ruboiylari dunyoning koʻp tillariga tarjima qilingan. Bu ruboiylar oʻzidan keyingi Sharq adabiyotiga kuchli taʼsir koʻrsatgan. XIX asrdan Gʻarbda ham mashhur boʻlgan. XVIII asrga qadar uning ruboiylari haqida tadqiqotlar olib borilmagan. Ulugʻ olim  haqida dastlab Oksford universiteti professori Tomas Gayd, undan so’ng Fon Gomer Birgestel va Meme Nikoloslar tadqiqot olib borishgan. 1859 yili ingliz shoiri va tarjimoni Edvard Fitjerald Umar Xayyomning 70 ruboiysini tarjima qilib e’lon qilgandan so’ng, bu she’rlar juda mashhur bo’lib ketgan va ingliz tilidan jahonning boshqa tillariga ham tarjima qilingan. Xayyom ruboiylarining soni turli ma’lumotlarda 11 tadan 1200 tagacha ekanligi aytiladi.Aynan shoir Umar Xayyom tufayli ruboiy jahon soʻz sanʼatining mashhur janrlaridan biriga aylangan. Bu zot oʻzining falsafiy jihatdan teran va sermazmun ruboiylari bilan Sharq sheʼriyatida falsafiylikning chuqurlashuviga katta hissa qoʻshgan.

Amerikada Umar Xayyom asarlari asosida teatrlashtirilgan sahna asari, Londonda maxsus xayyomxonlar saroyi mavjud. Ularda shoir ruboiylari ham aslida, ham tarjimada badiiy soʻz ustalari, mohir notiqlar tomonidan oʻqiladi. Sharqda bunday sahna asari – “Oʻz-oʻzim bilan suhbat” Tojikiston xalq artisti Mahmudjon Vohidov tomonidan yozilgan. Sherali Joʻrayev, Farrux Zokirovlar ham Xayyom ruboiylari asosida qoʻshiqlar aytishgan.

Umar Xayyom ruboiylarini XX asr boshlaridan boshlab oʻzbek tiliga tarjima qilishga kirishilgan. 1914-yil “Shoʻro” jurnalining bir necha sonlarida shoirning ruboiylari ilmiy sharhi bilan nasriy tarjimada eʼlon qilingan. Abdurauf  Fitrat “Fors shoiri Umar Xayyom” nomli risolasida (1929) uning 35 ta ruboiysini nasriy tarjimada keltirgan. Keyinchalik F.Abdullayev uning 14 ta ruboiysini sheʼriy tarjima qilgan. Xayyom ruboiylari tarjimasi asosan Sh. Shomuhamedov nomi bilan bogʻliq: shoir ruboiylari uning tarjimasida bir necha marta bosilib chiqqan. Soʻnggi yillarda Umar Xayyom ruboiylarining J. Kamol, E.Ochilovlar tomonidan aruzda qilingan yangi tarjimalari paydo boʻldi. 2001-2004-yillarda Nabi Jaloliddin Umar Xayyom hayotiga bagʻishlangan roman yozdi. Bu ajoyib roman Xayyom ruhiyatining barcha qirralarini toʻla namoyon etgan.

Yozuvchi Nabi Jaloliddin oʻzining “Umar Xayyom”romanida bunga toʻliq izoh yozgan.

Umar Xayyom ruboiylari kirib bormagan oʻzbek xonadoni boʻlmasa kerak. Uning falsafiy mazmuni teran va badiiy jihatdan pishiq ruboiylari atoqli mutarjim(yozma tarjimon) Sh. Shomuhamedov tarjimasida bir necha marta nashr etilgan. Keyinchalik J. Kamol shoir ruboiylaridan bir qanchasini oʻz aruziy vazni bilan oʻzbek tiliga oʻgirdi. Avval tafakkurda tugʻilib, keyin qalb qoʻriga yoʻgʻrilgan Umar Xayyom ruboiylari, bir soʻz bilan aytganda, Olam va Odam haqida. Shoir dunyo donishmandona bosiqlik, taassuf aralash loqaydlik bilan qaraydi: dunyoni oʻzgartirishki qoʻlingdan kelmas ekan, uni deb qaygʻurish behuda. Uning uchun tugʻilish va oʻlim, yaxshilik va yomonlik, halol va harom-bir xil: hammasi oʻz tabiiy qonuniyatiga asoslanadi. Dunyoviy falsafa vakili sifatida Umar Xayyom dunyoni aql elagida elaydi- Olam va Odam muammosini umumfalsafa mezoni bilan oʻlchaydi.

Xulosa qilib aytganda, mashhur olim Umar Xayyomning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi juda yuqori. Uning hayoti va ijodiga qiziqish katta. Bu zot astronomiya bilan shugʻullangan, osmon jismlarining harakati, joylashuvi va vaqt hisobiga oid ilmiy jadval tuzgan. Bu ulugʻ zot arifmetika, algebra, astronomiya, tarix fanlariga oid asarlar va shuningdek ruboiylar yozgan. Umar Xayyomning asarlari dunyoning koʻp tillarga tarjima qilingan.

Foydalanilgan Internet saytlari

  1. www.tafakkur.uz
  2. www.wikipedia.org
  3. www.arxiv.uz
  4. www.uz.wiktionary
  5. www.savodxon.uz
  6. www.izoh.uz

“Tillar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Faxriddin Yernazarov tomonidan  tayyorlandi.

451510cookie-checkUmar Hayyom – buyuk olim va shoir

Сиз нима дейсиз, фикр билдиринг: